Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

DUNYO TAQDIRINI YOSHLAR BELGILAYDI

13.10.2025 2881

Alisher SA’DULLAYEV, O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator

Nyu-York shahrida bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida O‘zbekiston tashqi siyosatida keng ko‘lamli yangi tarixiy bosqich boshlangani yaqqol sezilib turdi. Juda katta potensialga ega bo‘lgan mamlakatimiz qisqa vaqt ichida inson kapitalini rivojlantirish, ta’lim tizimini isloh etish, mintaqada ochiq tashqi siyosat yuritish borasida keskin yuksalishni qayd etgan, ayni paytda, aniq va ulkan istiqbolli maqsadlarga ega mamlakat sifatida namoyon bo‘ldi.

Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridagi nutqida O‘zbekistonning tashqi siyosati qat’iy va o‘zgarmas ekani yana bir bor ifodasini topdi. Jahonda geosiyosiy ziddiyatlar chuqurlashgani, xalqaro institutlar zaiflashgani, tengsizlik kuchaygani va bu jarayonlarga befarq bo‘lish mumkin emasligi haqidagi chaqiriq bilan O‘zbekiston o‘zini faqat mintaqaviy emas, global xavfsizlik masalalarida ham faol ishtirokchi sifatida ko‘rsatdi.

Nutqda keltirilgan raqamlar mamlakatdagi real o‘sish ko‘rsatkichlariga asoslangan. Kambag‘allik 35 foizdan 6,6 foizga tushgani, maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshgani, yoshlarning oliy ta’limga qamrovi 9 foizdan 42 foizga yetgani so‘nggi yillardagi insonparvar ijtimoiy siyosatning samaralaridir.

Prezidentimiz ilgari surgan tinchlik va taraqqiyot yo‘lidagi yangi tashabbuslar ko‘lami nihoyatda keng. Xususan, “Jahon yoshlarining tinchlik sari harakati”ni yo‘lga qo‘yish g‘oyasi alohida ahamiyat kasb etdi. Bu tashabbusning markazini O‘zbekistonda joylashtirish taklifi ham adolatli. Endi mamlakat faqat o‘z hududida emas, dunyo bo‘ylab yoshlarga oid muammolarni hal qilish va ularning salohiyatini safarbar etishda yirik platforma sifatida maydonga chiqmoqda.

Davlatimiz rahbari sunʼiy intellekt, sogʻliqni saqlash, taʼlim va madaniyatdagi ilmiy-texnologik yutuqlarni insoniyatga xizmat qildirish tashabbusini ilgari surib, yoshlar kelajagi global teng imkoniyatlarga bogʻliq ekanini taʼkidlar ekan, “Erkin, bilimli va bagʻrikeng yoshlar – ertangi kun taqdirini belgilovchi kuch” degan gʻoya bilan chiqdi.

BMT Xavfsizlik Kengashini kengaytirish, ekologiya va suv resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha xalqaro koalitsiya tuzish g‘oyasi hamda Orolbo‘yi hududini tiklash bo‘yicha keng qamrovli reja – bular mamlakatning o‘z manfaatlari bilan birga umuminsoniy ehtiyojlarga ham javob beradi. Ayniqsa, Orolbo‘yida 2 million gektar maydonda yashil qoplamalar yaratilayotgani, 2030-yilgacha hududning 80 foizini qayta tiklash rejalari O‘zbekiston ekologik muhitni yaxshilashda jahonda yetakchilardan biri ekanini ko‘rsatadi.

Ilgari surilgan yana bir strategik maqsad 2030-yilga borib “daromadi o‘rtadan yuqori” davlatlar qatoriga kirish. Bu oddiy siyosiy shior emas, balki iqtisodiy o‘sishni inson kapitali bilan uyg‘unlashtirishga qaratilgan yondashuvdir. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, innovatsiya, energetika va infratuzilmaga oid tashabbuslar ayni shu maqsadga xizmat qiladi.

Davlatimiz rahbarining nutqi uchta muhim ishorani o‘zida mujassam etdi: birinchidan, O‘zbekiston ichki ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarda sezilarli natijalarga erishdi; ikkinchidan, mamlakat mintaqada barqarorlik va hamkorlikning tashabbuskori sifatida maydonga chiqdi; uchinchidan, O‘zbekiston global muammolarni hal etishda faol o‘rin egallashga tayyor. Shu jihati bilan nutq muhim ijtimoiy-siyosiy hodisa sifatida baholanishi kerak.

“Bir so‘zli inson”

O‘zbekiston rahbari va delegatsiyasining AQSh bo‘ylab safari natijalari butun dunyoning e’tiborida bo‘lib turdi. Chunki bugungi kunda AQSh iqtisodiyoti dunyoning eng yirik moliya va innovatsiya markazlaridan biri hisoblanadi. U yerda shakllangan ilgʻor standartlar va kapital oqimi Oʻzbekiston uchun katta istiqbol eshiklarini ochadi. Bunday keng qamrovli sheriklik yoshlarimizni zamonaviy bilim, texnologiya va tajribaga yaqinlashtiradi, ularga xalqaro maydonda oʻz oʻrnini topishda yordam beradi.

O‘zbekiston rahbarining AQSh Prezidenti Donald Tramp bilan uchrashuvi tashrifning eng muhim voqeliklaridan biridir. Oliy darajadagi muloqotda innovatsiyalar, moliya, kimyo, energetika va boshqa sohalarda hamkorlikni kuchaytirishga kelishib olindi. Shubhasiz, bu tashabbuslar kelajakda oʻzbek yoshlari uchun minglab yangi ish oʻrinlari va amaliy loyihalarda ishtirok etish imkoniyatlarini taqdim etadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning tashrifi ishbilarmonlik va strategik hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan muhim qadam sifatida e’tiborga molik. Nyu-Yorkda xalqaro moliya institutlari, jumladan, Xalqaro Valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva bilan muzokaralar alohida ahamiyatga ega. Uchrashuvda makroiqtisodiy siyosat, byudjet va soliq ma’murchiligini rivojlantirish, statistik tizimni modernizatsiya qilish sohalarida hamkorlikni davom ettirish masalalari ko‘rib chiqildi. Mutaxassislar muntazam ravishda XVJ markazlarida malaka oshirish dasturlarida ishtirok etayotgani e’tirof etildi.

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev Nyu-Yorkda bir qator yirik ishbilarmon doira vakillari, AQShning yetakchi kompaniyalari mutasaddilarini qabul qildi. “Boeing” bilan imzolangan 8 milliard dollarlik bitim alohida e’tiborni tortadi. Buni AQSh Prezidenti Donald Tramp “Truth Social” sahifasida e’tirof etar ekan, Prezident Mirziyoyevni “bir so‘zli inson” deb ta’riflab, ikki davlat o‘rtasida boshqa ko‘plab masalalar ustida birgalikda ishlashni davom ettirishini ta’kidlagan.

Kompaniyalar bilan mineral-xomashyo yetkazib berish, tog‘-kon va qayta ishlash texnologiyalari, “yashil” energiya loyihalari muhokama qilindi. Masalan, “Traxys” bilan 1 milliard dollarlik istiqbolli loyiha ko‘rib chiqildi, Kolorado tog‘-kon maktabi bilan Kompetensiyalar markazini tashkil etish masalasi muhokama qilindi. “FLSmidth”, “McKinsey” va “Go Green Partners” bilan hamkorlik orqali tog‘-kon sanoatini rivojlantirish, ilmiy-texnik asoslarni modernizatsiya qilish va barqaror yetkazib berish zanjirlarini yaratish rejalanmoqda.

 “Blackrock”, “Citigroup”, “Franklin Templeton”, “BNY Mellon”, “NASDAQ”, “Air Products” kabi investitsiya va moliya institutlari bilan strategik sheriklik yo‘nalishlari belgilab olindi. Tashrif chog‘ida umumiy hisobda 100 milliard dollardan ziyod bo‘lgan shartnomalar va istiqbolli loyihalar portfeli shakllantirildi.

Yagona ko‘prik – yoshlarning bilimi

Prezidentimizning BMT minbaridagi chiqishi mazmunan keng qamrovli boʻlsa-da, ularning asosiy natijalarida yoshlar taqdiri bilan bevosita bogʻliq maqsadlar, barcha muhim uchrashuvlarda yoshlar manfaatlari aks etib turgani oʻzbekistonlik yoshlarni benihoya quvontirdi.

Ayniqsa, tashrif yakunida Prezidentning vatandoshlar va yoshlar bilan samimiy uchrashuvi esda qolarli bo‘ldi. Davlat rahbari dengizlardan uzoqda joylashgan O‘zbekiston uchta-to‘rtta mamlakatdan o‘tib dengizga chiqishi uchun bitta ko‘prik borligi, bu – yoshlarning bilimi ekanini ta’kidlar ekan, zalda to‘plangan yoshlarning ko‘zlari chaqnab ketdi!

Prezident Amerika universitetlarida 500 dan ziyod “El-yurt umidi” stipendiatlari o‘qiyotganini eslatib, ularni qo‘llab-quvvatlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini qayd etdi. Yoshlarning bilimini O‘zbekistonga olib kirish, ularni yurt taraqqiyotiga jalb etish davlatning eng muhim maqsadi.

Uchrashuvda tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan yurtdoshlarimiz, xorijda tahsil olayotgan yoshlar o‘z fikr va takliflarini bildirdi. Shu asosda “Vatandoshlarning xalqaro biznes marafoni” loyihasi yo‘lga qo‘yildi. Muloqotda sanoat rivoji haqida ham so‘z bordi. Prezident yaqin orada yangi mis koni ishga tushishini ma’lum qildi. Ayni paytda yillik ishlab chiqarish hajmi 158 ming tonnaga yetgani, yangi ochiladigan fabrika mis ishlab chiqarishni yana 150 ming tonnaga oshirishi qayd etildi. Keyingi bosqichda mamlakat sanoat salohiyatini sezilarli darajada kengaytiruvchi MBF-3, MBF-4, MBF-5 va MBF-6 kabi yangi ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Sanoat rivoji yangi mutaxassisliklar, yangi texnologiyalar, yangi bilimlar zarurati demakdir. O‘z bilimini oshirib, zamonaviy yo‘nalishlarda tajriba orttirayotgan yoshlar ertaga shu loyihalarda o‘z o‘rnini topishi mumkin.

Prezident ta’kidlaganidek, yoshlarning tashabbusi va faolligi davlat tomonidan doimo qo‘llab-quvvatlanadi. Vatandoshlar ham, talabalar ham bu jarayonning ajralmas qismi bo‘lib qolishi kerak.

Ta’lim, tadbirkorlik va bandlik

Shu o‘rinda O‘zbekiston tomonining Yoshlar bo‘yicha harakatlar dasturining o‘ttiz yilligiga bag‘ishlangan BMT Bosh Assambleyasining yuqori darajadagi yalpi yig‘ilishida ishtirokiga to‘xtalsam. Ushbu nufuzli tadbirda mamlakat yoshlarining yetakchisi sifatida so‘zga chiqar ekanman, dunyo kelajagi yoshlarga kiritiladigan sarmoya bilan belgilanishini, so‘nggi sakkiz yilda O‘zbekiston yoshlari hayotini tubdan o‘zgartirgan islohotlarning asosiy yo‘nalish va maqsadlarini ko‘rsatib berishga harakat qildik. Xususan, yurtimizda yoshlar bilan ishlash borasidagi uchta ustuvor yo‘nalish qayd etildi: ta’lim, tadbirkorlik va bandlik.

1. Ta’lim – har bir yosh sun’iy intellekt davrida zarur bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi lozim.

2. Tadbirkorlik – yoshlar ish qidirishi emas, balki ularning o‘zida yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘nikmasini shakllantirish muhim. Shu maqsadda O‘zbekistonda yoshlar tadbirkorligi uchun 400 million dollar yo‘naltirildi.

3. Bandlik – startaplar va ko‘nikmalarni real imkoniyatlar bilan bog‘lash, sun’iy intellekt ish o‘rinlarini qisqartirishi emas, imkoniyatlarni kengaytirishi, mutaxassislarni yanayam professionalroq qilishi lozim.

Yoshlar uchun imkoniyat yaratish – ta’lim, tadbirkorlik va bandlik qashshoqlikdan chiqish yo‘lidir. Tinchlik esa barcha imkoniyatlarning asosiy sharti!

***

Xulosa qilib aytganda, mamlakatimiz xalqaro hamjamiyat uchun ishonchli hamkor va tashabbuskor davlat sifatida tanilmoqda. AQSh Prezidenti O‘zbekiston bilan hamkorlikni e’tirof etib, davlatimiz rahbarini “bir so‘zli inson” deb ta’riflashi, hamkorlik davom etishini bildirishi bejiz emas. Qolaversa, so‘nggi yillarda ilgari surilgan 50 ga yaqin tashabbusning 13 tasi BMT rezolyutsiyasiga aylangani ham bunga yaqqol dalil. Prezident Shavkat Mirziyoyevning bu galgi tashrifi ham global muammolar yuzasidan yangi g‘oyalarni ilgari surdi, O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda shakllanayotgan yangi siyosiy manzaraning markazida ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish