Har to‘rt yilda fevral 29 kun kelishini va bu kabisa yili deb atalishini yaxshi bilamiz. Xo‘sh, nega shunday? Fevral kalendari qanday hisob-kitob qilingan?
Gap shundaki, Yerning Quyosh atrofida aylanish davri, aslida, 365 kunga teng emas va u aniq 366 kun ham emas, balki 365 kundan 6 soatga ko‘proq, 366 kundan esa 18 soatga kamroqdir. Soat, daqiqa va soniyalarigacha hisoblaydigan bo‘lsak, Yer Quyosh atrofini 365 kun, 5 soat 48 daqiqa va 46 soniyada to‘liq aylanib chiqib bo‘ladi.
5 soat va 48 daqiqa “ortiqcha” vaqtni esa biz odatiy kalendarimizda hisobga olmay ketamiz. Aslida, deyarli olti soatga teng vaqt anchagina bo‘lib, u bir sutkaning chorak qismi demakdir. Ya'ni, shunaqadan to‘rttasi bir sutkani tashkil qiladi. Hisobga olinmay qolayotgan vaqtni o‘rniga qaytarish uchun taqvimda har to‘rt yilda bitta “ortiqcha” kun – 29-fevral sanasi qo‘shiladi. Bu yil “kabisa” yili deb ataladi. Ma’nosi ham aynan “ortiqcha” deganidir.
Yil hisobi to‘liq 365 kun emasligini dastavval qadimgi Rim munajjimlari sezib qolishgan deyiladi. Eramizdan avvalgi 46-yilda imperator Yuliy Sezar tomonidan, iskandariyalik astronom Sozigenga yangi, aniq taqvim ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berilgan. Bungacha rimliklar ancha chalkash kalendardan foydalanishgan. Xususan, ularda musulmon taqvimiga o‘xshash 354 kunlik taqvimlar ham bo‘lgan va yil davomiyligi 355 kunga teng deb belgilanib, har ikki yoki uch yilda yil hisobiga 13-oyni ham qo‘shadigan ajabtovur taqvim ham bo‘lgan. 13-oydagi kunlar soni 22 kundan iborat bo‘lgan. Tabiiyki, bu ijtimoiy-siyosiy jihatdan juda chalkash murakkabliklarga olib kelgan.
Sozigen yangi taqvimni Yuliy Sezar topshirig‘iga binoan ishlab chiqqani bois, taqvimga “Yulian” deb nom bergan. Yulian taqvimi eramizdan avvalgi 45-yildan e’tiboran kuchga kirgan. O‘tgan 2069 yildan buyon insoniyat taqvimida har to‘rt yilda 29-fevral sanasi qo‘shimcha belgilab kelinadi.
Ortiqcha sana nega aynan fevralga qo‘shildi? Chunki Sezar zamonasida yangi yil 1-martdan boshlab hisoblangan. Rim taqvimiga ko‘ra bir oydagi kunlar soni 31 ga teng bo‘lsa, keyingi oy 30 kun tartibida belgilangan. Yil 365 kun bo‘lganda, bu tartibga ko‘ra, eng oxirgi oy – fevralga faqat 29 kun qolgan. Sezar kabisa yilidagi ortiqcha bir kunni fevral oyiga qo‘shilishini istagan va o‘sha paytlarda kabisa yilida fevral 30 kun kelar edi.
Keyinchalik yil boshi hisobi yanvarga ko‘chirilgan bo‘lsada, tartib saqlanib qoldi. Yulian taqvimida yozning ikkinchi oyi – iyulning nomi ham aynan Yuliy Sezar nomiga qo‘yildi. Sezardan keyin taxtga chiqqan imperator Oktavian Avgust hamo ‘z nomini yil oylaridan biriga qo‘yilishini istadi va “sekstiliy” deb nomlangan yozning uchinchi oyini “avgust” deb familiyasiga moslab o‘zgartirdi. Qarasaki, Yuliy Sezar nomiga qo‘yilgan oyda 31 kun, o‘z nomiga qo‘yilgan oyda esa 30 kun ekan (yuqorida aytilgan tartibga ko‘ra, Sezar davrida hech qachon ikkita oy ketma-ket 31 kun kelmagan, avgust ham 30 kun bo‘lgan). Shunda Oktavian janoblari o‘zini kamsitilgan deb his qilmaslik uchun, fevraldagi bir kunni olib avgustga qo‘shib qo‘yadi va yana bechora fevral 28 kun bo‘lib qoladi.
Shu sababli Oktavian davridan beri fevrallar 28 kun keladi va kabisa yilida endi fevral 30 kun emas, 29 kunni tashkil qiladi. Bu hikoya shunchaki mif ham bo‘lishi mumkin, ayrim manbalarda Oktavian ortiqcha bir kunni sentyabrdan olib avgustga qo‘shib qo‘ygan ham deyilgan. Xullas, bu mujmal mavzu.
Yulian taqvimida yil hisobi 365 kun va 6 soat deb aniq belgilab olingan edi. Lekin yulian taqvimi ham naq 11 daqiqaga adashgan. Taqvim qabul qilinganidan bir necha asr o‘tib esa o‘z salbiy oqibatini ko‘rsatgan. Xususan, yulian taqvimida har 128 yilda 1 kun xatolik yuz beradi va 1500-yillarga kelib, nasroniylarning erta bahorda nishonlaydigan bayramlari, xususan, pasxa va boshqa sanalar bahorgi tengkunlikka nisbatan oldinga siljib qolganini odamlar yaqqol payqay boshlaydi.
Masalan, 1582-yilda bahorgi tengkunlik 21-martda emas, balki, 11-martda keladigan bo‘lib qolgan. Shu sababli Rim papasi Grigoriy XIII maxsus hay’at tuzib, kalendarni yana isloh qilishga qaror qiladi va o‘shandan buyon, yil davomiyligi 365 kun 5 soat va 48 daqiqa deb qabul qilingan. Yevropaning aksar mamlakatlarida 1582-yildan e’tiboran qabul qilingan ushbu taqvimni biz bugunda “grigorian taqvimi” deb nomlaymiz va u papa Grigoriy XIII nomiga atalishini sezgan bo‘lsangiz kerak.
"Grigorian taqvimi 1582-yildan amalga joriy etilgan bo‘lsada, dunyoning barcha mamlakatlari bunga birdaniga o‘tmadi. Germaniya 1583-yil, Vengriya 1587-yil, Prussiya 1610-yil, Daniya 1700-yil, Angliya 1752-yil va Yaponiya 1753-yillarda o‘tdi. Ko‘p mamlakatlar to XX asrgacha ham yulian taqvimidan foydalanishda davom etdi. Bu paytga kelib, yulian taqvimi xatoligi allaqachon 13 kunga yetib qolgan edi.
Rossiya faqat yangi taqvimiga 1918-yilda o‘tdi (Shu sababli, ruslarda “eski yangi yil” 13-yanvarda nishonlanadi). Grigorian taqvimiga oxirgi bo‘lib, Yunoniston (1923), Turkiya (1926) va Misr (1928) o‘tib, yulian taqvimini endilikda butunlay tarixda qoldirdi.
Lekin grigorian taqvimini ham to‘la mukammal va aniq deb bo‘lmaydi. Chunki unda ham 26 soniyaga xatolik bor va yillar, asrlar o‘tib u ham albatta o‘z nishonasini ko‘rsatadi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, grigorian kalendari har 10000 yilda 3 kunga (3332 yilda 1 kunga) xato qiladi. Shu sababli, grigorian kalendariga ham ba’zan tuzatishlar kiritib turish zarur.
Qabul qilingan qoidaga ko‘ra, agar yil ikkita nol bilan tugallansa, (masalan, 1900, 2100) va ushbu yil 400 ga yo 4 ga emas, 100 ga karrali bo‘lsa, o‘sha yil kabisa yili bo‘lmaydi va unda fevral odatdagidek, 28-kuni kelaveradi. Qoidaga binoan, 1900-yil kabisa yili bo‘lmagan; shuningdek, 2100-yilda ham shunday holat kuzatiladi. Boshqacha aytganda, grigorian kalendari har 400 yilda 97 ta kabisa yiliga ega bo‘ladi.
Kabisa yili tarixi ana shunaqa qiziq tarix. 29-fevral kalendardagi noyob sana bo‘lgani uchun, odamning ushbu sanada tug‘ilish ehtimoli ham juda kam. Statistikaga ko‘ra, 29-fevralda tug‘ilish atigi 0,066 foizni tashkil qiladi. Yer sharining atigi 0,069 foiz aholisining tug‘ilgan kuni shu sanada nishonlanadi.
Avvallari, ayniqsa, moliya tizimida 29-fevral bilan bog‘liq qator irimlar mavjud bo‘lgan. Bu sana faqat 4 yilda takrorlanishi sababli banklar qarz bermagan va tashkilotlar ham shartnoma imzolashdan tiyilgan. Chunki turli qallobliklar va kelib chiqishi mumkin bo‘lgan keyingi noxush yuridik jarayonlarni oldini olish uchun shunday qilingan.
An’analarga zid ayrim narsalarni qilishga ham ruxsat berilgan. Shotlandiya va Irlandiyada 29-fevral kuni ayollar erkaklarga turmush qurishni taklif qilishi mumkin edi (hozir ham qisman saqlanib qolgan). Agar ayol erkakka yoqmasa va u turmush qurishni istamasa, erkak yaxshigina jarima to‘lashi zarur bo‘lardi.
Mutaxassislarning aytishicha, 29-fevralda tug‘ilgan chaqaloqlarning ota-onasi juda ko‘p holatda, farzandining tug‘ilgan kunini yoki 28-fevral, yoki, 1-mart qilib belgilanishini istashar ekan. Bu, albatta, bolaning keyinchalik tug‘ilgan kunini nishonlashda o‘ksimasligi niyati bilan qilinadi. New York Daily gazetasining yozishicha, Norvegiyadagi Xenriksenlar oilasida, 1960, 1964 va 1968-yillarda uchta aka-uka 29-ferval sanasida tug‘ilgan ekan. Xuddi shunday holat amerikalik Esteslar oilasida ham ro‘y bergan. Ularning farzandlari 2004, 2008 va 2012-yillarning 29-fevralida dunyoga kelgan.