Toshkent viloyatida qishloq xo‘jaligidagi yerlardan samarali foydalanish va shu orqali yoshlar bandligini ta’minlash borasidagi xayrli tashabbuslar o‘z natijasini bermoqda. Prezidentimizning joriy yil 5-apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu borada muhim tashabbuslardan biri bo‘ldi. Yil boshidan buyon 15 ta tumanda 10 ming 847 nafar yoshning har biriga 30 sotixdan 50 sotixgacha yer ajratildi.
– Menga ham 30 sotix yer maydoni berildi, – deydi Ohangaron tumani “Qiziloy” mahallasida yashovchi Abduvoid Abduhalilov. – Ushbu yer maydoniga yeryong‘oq ekdik. Yetishtirgan hosildan 20 million so‘m sof daromad olishni rejalashtiryapman.
– Toshkent viloyatidagi mahallalarda yoshlar yetakchilari ishtirokida yoshlar takliflarini qo‘llab-quvvatlash, ularga amaliy yordam ko‘rsatish borasida ko‘plab ishlar qilinmoqda, – deydi Yoshlar ishlari agentligining Toshkent viloyati boshqarmasi boshlig‘i Miraziz Mirsultonov. – Ayniqsa, dehqonchilik bilan shug‘ullanish istagi bo‘lgan yoshlarning qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida bandligini ta’minlash maqsadida joriy yil boshidan buyon suvga qulay joylardan 5 ming gektarga yaqin yer maydonlari ajratildi. Jarayonlarda “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida ushbu mahallalarni aniq bir yo‘nalishga ixtisoslashtirish va yoshlarni lider tadbirkorlarga biriktirish ishlari ham amalga oshirildi.
Agarda sizning ham yo‘lingiz Ohangaron tumanining “Qiziloy”, Bo‘ka tumaning “Achamayli Fayz-baraka” mahallasiga tushsa, ko‘plab xonadonlarda, keng dalalarda meva-sabzavot, poliz ekinlari, dukkakli ekinlar ekilganini ko‘rib, ko‘zingiz quvnashi aniq.
– Bizga erta bahorda “E-auksion” elektron platformasi orqali serunum, suvi serob dalalardan yer maydonlari ajratib berilgan edi, – deydi Bo‘ka tumani “Achamayli Fayz-baraka” mahallasida yashovchi yoshlardan biri Hasan Qurolboyev. – Yeryong‘oq ekkanmiz. Yerga urug‘ qadaganimizdan boshlab hozirgacha soha mutaxassislari ishtirokida mahsulot yetishtirish va uni parvarishlashdagi muhim jihatlar, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida olib borish yuzasidan tushunchalar berib borilmoqda. Hosilimizning cho‘g‘i yomon emas. Ukam Husan bilan 40 million so‘m atrofida daromad olishni rejalashtiryapmiz.
Toshkent viloyati yoshlari boshqa yo‘nalishlarda ham belni mahkam bog‘lab, oilaviy daromadga hissa qo‘shishga astoydil intilmoqda. Ularning ayrimlari xonadonida mebelchilik, chorvachilik, bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, ba’zilari tadbirkorlik orqasidan tengdoshlarini ish bilan ta’minlamoqda. Bu ishlarda yoshlar yetakchilarining ham mehnatlari katta.
– Mahallamizda yaqin yillar ichida ko‘plab e’tiborga molik ishlar qilindi, – deydi “Qiziloy” mahallasi yoshlar yetakchisi Diyorbek Rahmatullayev. – Mahallada yoshlar bilan individual ishlash tizimini joriy etish uchun 14-30 yoshdagi 856 nafar yosh faoliyati tahlil qilindi. Ular uch toifaga ajratilib, tarbiyasi og‘ir va alohida ishlash zarur bo‘lgan yoshlar turli darajadagi tashkilot-muassasalar rahbarlariga biriktirildi. Natijada yordam ko‘rsatilishi zarur bo‘lgan 15 nafar o‘g‘il-qizning barchasiga amaliy ko‘mak berildi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 29 nafar o‘g‘il-qizning muammolari hal etildi. O‘tgan yili ham 42 nafar yoshga sabzavotchilik va chorvachilik uchun yer maydonlari ajratilgan edi.
Suhbatdoshlarimiz qayd etganidek, biz jannatmakon diyorda yashayotganimizdan har qancha sevinsak, g‘ururlansak arziydi. Zero, o‘lkamizda yilning to‘rt faslida ham to‘kinlik, farovonlik. Unumdor yerlarimiz behisob. Istagancha ekin qilish, bog‘-rog‘lar barpo etish mumkin. Mehnat qilgan inson esa kam bo‘lmaydi.