Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Oqsuv

17.5.2024 2641

Doston USMONOV

Sen bilan yana ko‘rishdik. Elas-elas o‘tmishimning og‘ir nafasi esib, ruhimni qamraydi, yuragim afsus-nadomatga to‘la, hayqiriq ovozi hali hamon qulog‘im ostida. Hamrohlarimdan biri yelkamga qoqib: “O‘rtoq, senga nima bo‘ldi? Ranging siniq, qo‘y, unut. Qara, biz tabiat qo‘ynida dam olishga keldik. Kayfiyatingni ko‘targin”, dedi jilmayib. Men do‘stimning so‘zlariga beparvo qarab, sen tomon odimlayman. Axir, biz eski tanishlarmiz-ku. Hech qachon dushmanlik qilganlarni kechirmayman, Oqsuv.

Daryoning shovullashni nafratomuz kuzatardim. Bolalikning og‘ir, xira nurlari ongimda yarqiraydi. To‘lqinlar ichida kishining sharpasi ko‘rindi-yu, g‘oyib bo‘lganida, yuragim bir qalqib tushdi. Daryoning labiga yaqinlashib, shovullayotgan oqimdan nimadirni izlayman. Oftob shu’lasi suvning yuzasida jimirlaydi, yanada oppoq bo‘lib ko‘rinadi. Bir daraxt shoxlari daryoga egilib tushgan, barglar o‘ynaydi. Men alamzadalik bilan kuldim.

Oqsuv, sen qanchalik jozibador bo‘lmagin, meni go‘zalliging bilan alday olmaysan, jallodsan chunki!.. Qanchadan qancha insonlarni o‘z bag‘ringa olib, chilparchin qilgansan. Anavi daraxtni ham qo‘porish istagidasan. Go‘zal bo‘lsang, nega insonlarni qutqarmaysan, demak bari yolg‘on ekanda. Qadrdon bir insonimni o‘z domingga tortding, axir u go‘dak edi-ku!.. Oqsuv, sening buni unutishga haqiqing yo‘q. Quloq sol, qora o‘tmishni eslatib qo‘yaman.

Oromgohga borish uchun ukam ikkimiz hozirlik ko‘rardik. Dimog‘imiz chog‘, quvonchimiz olam-olam. Avtobus oynasidan onamizga qo‘l silkitib xayrlashdik. Onamning ko‘zlarida allaqanday mung bor. Kinolarda ko‘rganman, askar o‘g‘illarini kuzatayotgan onalarning ko‘zlaridagi mungga o‘xshardi. Oynadan turli xil manzaralarni tomosha qilib, qanday yetib kelganimizni bilmay qoldik. Ertaklardagidek so‘lim go‘sha, katta-katta daraxtlar serob, ajablanarlisi, tog‘lar shundoq yoningda, qo‘ling yetadiganday ko‘rinardi.

Avtobusdan tushib ukamga qattiq tayinladim. “Mendan so‘roqsiz biron joyga borma!”. U menga norizo qarab qo‘ydi, shovqinda nimadir deb g‘uldiraganini eshitmay qoldim. Guruhlarga bo‘lindik, har guruhda 10 nafardan bola. Bizlarga ko‘zlari moviy, oppoq yuzli tarbiyachi opa bosh qilib qo‘yildi. Har yoqqa sayr qildirar, doim jilmayib yurar, hech xafa bo‘lganini ko‘rgan emasman. Biz uni juda ham yaxshi ko‘rib qolgandik.

Tushlikdan so‘ng hech uyqum kelmas, shiftga termulib, onamni sog‘inib yotardim. Ukamga nazar tashlayman, uxlab yotibdi. Nega oyimni sog‘inmaydi, deb jahlim chiqadi... Yostiqqa yuzimni bosgancha ho‘ngrab yig‘layman. Boshim issiq, mayin qo‘llarni sezdi. O‘girilib qaradim. Tarbiyachi opa jilmayib turibdi. U jilmayganda shunaqa go‘zallashib ketadiki. “Yig‘lama. Oz qoldi, biroz sabr qilgin”, deb peshonamdan o‘pib qo‘ydi. Uning bu mehribonchiligi oyimga o‘xshardi.

Sal o‘zimga kelib, yoshimni artdim. “Sizni bolalaringiz bormi?”. U ohista boshini silkitib tasdiqladi. “Seni bir joyga olib boraman, tezda tur, hech kimga churq etma”, deb qoshini uchirib allaqayerni ko‘rsatdi. Xursand bo‘lib ketdim, o‘sha osuda manzarani hozirdanoq his etardim. Ukamni uyg‘otib ortimdan ergashtirdim. Axir, sirli manzaradan mosuvo bo‘lishini istamasdim.

Ikkimiz tarbiyachi opalar ortidan ergashardik, daraxtlar oralab, pastlik tomon tushib borardik. Yo‘limiz osma ko‘prikka olib chiqdi, ostida daryo shovullab, hayqirib oqadi, vahima bosib, o‘zimni tutishga urindim. Tarbiyachi opa ortiga qayrilib kulib: “O‘ta olasizlarmi? Agar qo‘rqsanglar shu yerda kutib turinglar”. Men qo‘rquvimni yashirib “O‘taman” dedim g‘urur bilan shaxdam yurib.

Ko‘prikning ikki chetidan ushlab borardim, ammo ukam belimdan mahkam changallab olgandi. Ukam ortga qaytaylik deb turib olsa-da, men ildam qadam bosardim. Zo‘rg‘a o‘tdik. Daryo labida toshlardan sun’iy ko‘lcha qilingan ekan. Ko‘lchaga tushdik, muzdek, tarbiyachi opalar bo‘lsa gurungdan sira to‘xtamasdi. Ikkimiz toshga o‘tirdik, agar muvozanatimizni yo‘qotsak, to‘lqin olib ketishi mumkin.

Tabiat manzarasi ko‘zimga go‘zal bo‘lib ko‘rinardi. Ukam negadir gapga tutar, men istar-istamay, javob qaytarardim. “Aka, oyimni sog‘indim. Agar uyga qaytib borsam, hech qachon yolg‘iz qoldirmayman. Daryo oyimni oldiga olib borarmikan?”, dedi oqimga uzoq tikilib. “Oyim boshqa joyda, daryoni manzili o‘zga”, dedim bilag‘onlik bilan. Ukam “Men ketaman!” deb o‘rnidan turdi-yu, shalob etib suvga ag‘darildi. Baqir-chaqir boshlandi. Ukamni qurqarish uchun oldinga intildim-u, kimdir meni ushlab ortga tortdi. Ukam bir zumda to‘lqinlar aro g‘oyib bo‘ldi. Men tipirchilab borishga intilar, tarbiyachi opa qo‘ymasdi. Bari befoyda ekanini uqtirdi. Ko‘z oldimda mungli onam gavdalandi...

Yelkamdan kimdir silkitadi, o‘girilib qarasam hamrohim: “O‘rtoq, daryoga dardingni to‘kib solyapsanmi?”, “Ha, axir meni eski tanishim”, “Qo‘ysangchi, yur ovqat pishdi”, deb ketdi.

Oqsuv, seni ko‘rib tomog‘imdan ovqat o‘tmay qoldi. Endi boshlangan og‘ir kunlarimni eshit. Bir mahal uyga qaytsam, oyim yo‘q, kapalagim uchdi. Ukamni yo‘qotgach, oyim butunlay o‘zini oldirdi. Ariq bo‘yidan topdim, oyoqlari suvga botgan, nimalarnidir pichirlab yig‘lardi. Qo‘llaridan ushladim, muzdek. “Oyi, yuring, ketamiz”, dedim. Oyim menga g‘alati qaradi. “Sen ukangni o‘ldirding, ha, ukangni qotilisan. Qoch, yo‘qol!”, deb meni nari itardi oyim. Esankiradim, Oqsuv. Bilasanmi, ukamni sening changalingdan olib chiqishim mumkin yedi. Faqat o‘sha tarbiyachi opa meni yaqin yo‘latmadi. Qiziq, yillar o‘tib uning qizini sevib qolibman. Bilganim on sevgimdan voz chekdim.

Oqsuv, men ketdim, xursand bo‘lma, hali qaytib seni quritaman. Cho‘lga aylanib, tikonzor, yulg‘inlarga to‘lasan, hozirgi shovullab, nurlar jimirlaydigan go‘zalligingdan asar ham qolmaydi hali...

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish