Yoshlar siyosatini amalga oshirish, yoshlarning ijtimoiy muammolarini hal etishda mahalladagi yoshlar yetakchilari muhim rol o‘ynaydi. Ular xatlov jarayonida 14-30 yoshdagi yoshlarning ijtimoiy holati, ta’lim, bandlik, salomatlik va boshqa muhim jihatlarni o‘z ichiga olgan ma’lumotlar bazasi – “Yoshlar balansi”ni shakllantiradi. Bu ularning ehtiyojlarini aniqlash va qo‘llab-quvvatlashda qo‘l keladi. Boysunlik Nurali Jumayev dastur orqali yoshlarning har biriga alohida e’tibor qaratib, ularni jamiyatda faol ishtirok etishga undayotgan yoshlar yetakchilaridan.
Nurali Jumayev – Boysun tumanidagi Obi mahallasi yoshlar yetakchisi. U “Yoshlar balansi” dasturi doirasida amalga oshirayotgan ishlar yoshlarni ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy jihatdan rivojlantirishga qaratilgan. Nurali Jumayev mahallada yoshlar bilan bog‘liq masalalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri kuzatib, ular bilan ishlashda innovatsion yondoshuvlar qo‘llaydi va har bir yoshning muammolarini individual hal etishga e’tibor qaratadi.
“Yilning eng namunali mahalla yoshlar yetakchisi” tanlovining “Yoshlar balansi” tizimi bilan samarali ish tashkil qilish yo‘nalishida 2-o‘rin sohibi. 2024-yilning 1-choragi yakunlari bo‘yicha “Top – 100” yetakchi reytingiga kiritilgan. Istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritilgan.
Obi mahallasi balansi:
Aholi: 2814 nafar;
Xonadonlar: 525 ta;
Yoshlar: 636 nafar;
Xotin-qizlar: 317 nafar.
“Yashil” toifa: 393 nafar;
“Sariq” toifa: 243 nafar;
“Qizil” toifa: 18 nafar.
Mahalla drayveri: xizmat koʻrsatish.
“Maqsadim yoshlarga maydon yaratish”
– Obi mahallasi markazda joylashganiga qaramay, yoshlarning yangilikka intilishi, qiziqishi kam edi, – deydi yoshlar yetakchisi Nurali Jumayev. – Avval ularning fikri hech kimni qiziqtirmagan, o‘z iqtidorini kashf etishga imkoniyat yaratib berilmagan. Yoshlar yetakchisi sifatida yoshlar fikrini qo‘llab-quvvatlash, jamiyatga tortish va ular iqtidorini namoyon etishlari uchun maydon yaratishni maqsad qilganman. Ikki yillik faoliyatimda maqsad sari sezilarli olg‘a siljidik. Har yili xatlov o‘tkazib, yoshlarning bandligi va ijtimoiy holatini o‘rganaman, ularning ehtiyoj va muammolarini aniqlayman. So‘ng amalga oshirilishi kerak bo‘lgan ishlarni rejalashtiraman va manzilli dastur, yo‘l xaritasini tuzaman. Belgilangan muddatlarda muammolarni bosqichma-bosqich hal qilishni rejalashtiraman.
Mehnat bozori yetakchi nazoratida
Joriy yilda Obi mahallasida 11 nafar ishsiz yosh, 30 nafar maktab bitiruvchisi, 11 nafar professional ta’lim va 21 nafar oliy ta’lim bitiruvchisi mehnat bozoriga kirib keldi. Yoshlar yetakchisi ularning bandligini ta’minlash maqsadida har birining ehtiyoj va muammolarini chuqur o‘rganib, ularga amaliy yordam ko‘rsatdi. Natijada, hozir ularning 10 nafari doimiy ishga joylashtirildi, 4 nafari kasb-hunar va o‘quv kurslariga yo‘naltirildi, 13 nafari xususiy oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga jalb qilindi. Qolgan 17 nafar yoshning bandligini ta’minlash ishlari jarayonda bo‘lib, ularga tez orada yordam ko‘rsatiladi.
Nurali Jumayev tashabbusi bilan 11 nafar yosh mahalla yetilligining xulosasi asosida “Yoshlar daftari”ga kiritildi. Bu yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirishga, mahallada yangi tashabbuslarni ilgari surishiga va o‘z maqsadlariga erishishiga yordam beriladi. Shu kungacha ularning:
– 3 nafariga kontrakt puli to‘lab berildi;
– 2 nafariga kredit ajratildi;
– 3 nafarining bandligi taʼminlandi;
– 1 nafariga subsidiya asosida asbob-uskuna berildi;
– 2 nafari jarayonda.
427 nafar yosh olimpiada ishtirokchisi
Nurali Jumayev yoshlarni ijtimoiy faoliyatga jalb qilish uchun bir qancha ijtimoiy va madaniy loyihalar tashkil etdi. “Yoshlar balansi”ga kiritilgan yoshlarning qiziqishlari asosida shaxmat, kurash, oshpazlik, futbol, IT va innovatsion ixtirolar, voleybol, musiqa, raqs kabi yo‘nalishlarda turli tadbir va musobaqalar o‘tkazildi.
“Jadidlar izidan”, “Uygonish davri”, “Jaholatga qarshi ma’rifat”, “Yosh kitobxon”, “Mushoira”, “Vatanga sadoqat”, “Tilga e’tibor – elga e’tibor”, “Muqaddasdir Vatan bayrog‘i” kabi kitobxonlik va vatanparvarlikka yo‘naltirilgan tadbirlarga 600 dan ziyod yosh qamrab olindi. Bundan tashqari “Gulxan atrofidagi yoshlar”, “Uch avlod uchrashuvi” “Hashar – yoshlarga yarashar”, “Yashil makon” tadbirlari mahalla yoshlari bilan hamjihatlikda o‘tkazilmoqda.
Joriy yilda “Besh tashabbus olimpiadasi”da 26 ta tanlov va loyiha o‘tkazildi. Obi mahallasidan 427 nafar yosh beshtashabbus.uz sayti orqali ro‘yxatdan o‘tgan. Shundan 237 nafar yosh sport yo‘nalishi bo‘yicha, 190 nafari boshqa bellashuvlarda qatnashdi. “Yoshlar ovozi” tanlovida Durdona Xolmamatova va Toshtemir Xolmamatov 2-o‘rin, “Yosh musavvir” tanlovida Asliddin G‘aniyev 3-o‘rinni egalladi. Armrestling bahslarida Jo‘rabek Qahhorov tumanda g‘oliblikni qo‘lga kiritib, viloyat bosqichida munosib ishtirok etdi.
“Oyligimni 10 foizini kitobga sarflayman”
“Besh tashabbus olimpiadasi”, “Ibrat farzadlari”, “Zakovat”, “Zukko kitobxon”, “Uzchess”, “Ustoz AI” kabi loyihalar mahalla yoshlarini ilm-fan sohalarida rivojlanishga undaydi.
Masalan, Obi mahallasidan “Mutolaa” loyihasida 108 nafar, “Ibrat academy”da 89 nafar, “UzChess”da 53 nafar, “Ustoz AI”da 71 nafar va “Qizlar akademiyasi”da 44 nafar yosh ishtirok etmoqda.
– Yoshlarning ilm olishga, kitobxonlikka intilishi menga ishtiyoq beradi, – deydi yoshlar yetakchisi. – Mahallamizda kutubxona yo‘q edi, men bu muammoni hal qilishga qaror qildim. Hozir kitobxonlik markazini tashkil etish bo‘yicha harakat qilyapman. Oylik maoshimning 10 foizini kitob sotib olishga ajratishga qaror qildim. Bu kitoblar mahalla kutubxonasi uchun sovg‘a sifatida taqdim etiladi. Shu tariqa, kutubxona yo‘qligi sababli yoshlarimiz ilm olish imkoniyatidan mahrum bo‘lmaydi va mahallada mutolaa madaniyati kengayadi. Bu tashabbus orqali, nafaqat o‘zim, balki mahalladagi barcha yoshlarni kitob o‘qishga, bilim olishga undamoqchiman.
“Og‘ir” toifadagilarga yordam
Yoshlarni “qizil”, “sariq” va “yashil” toifalarga tasniflash muammolarni aniqlash va tezroq hal etishda yordam beradi. Mahallada “Yoshlar daftari” va biriktirilgan rahbarlar ko‘magida jami 93 nafar yoshga ijtimoiy yordam ko‘rsatilgan.
Davlat ko‘magiga muhtoj “og‘ir” toifadagi yoshlar bilan ham rahbarlar birgalikda ishladi, maqsad – ularning hayotda o‘z o‘rnini topishiga yordam berish. Xususan, “og‘ir” toifada jami 17 nafar yosh mavjud bo‘lib, ular Boysun tumani soliq inspeksiyasi boshlig‘i Tohir Sarmanovga biriktirilgan. Rahbar bilan yashash manziliga borib o‘rganish natijasida 5 nafarining muammosi aniqlanib, yordam ko‘rsatilgan, qolgan 13 nafari turli sport musobaqalari va tadbirlarga jalb qilingan.
Ko‘cha sardorlari
Mahallada jinoyatchilikning oldini olish va yoshlarni nazoratda ushlash maqsadida har bir ko‘chaga iqtidorli yoshlardan sardor tayinlangan. Sardorlar yoshlar yetakchisiga ko‘makchi bo‘lib, o‘z ko‘chasidagi yoshlarni ijtimoiy faoliyatga jalb qilish, salbiy ta’sirlardan himoyalash va jinoyatchilikning oldini olishda yordam bermoqda. Yoshlar bilan muloqot o‘rnatib, salbiy holatlarni tezkorlik bilan aniqlash va ularga qarshi kurashishda yetakchiga yordamchi. E’tiborlisi, liderlik xususiyatlarini o‘zida shakllantirgan ko‘cha sardorlaridan biri Hasan Saodatov Bolalar tashkilotining sardorlar saylovida “Sport va salomatlik yo‘nalishi”da tuman sardori etib saylandi.