O‘zbekistonda minimal iste’mol xarajatlari 4,3 foizga o‘sdi — oyiga 621 ming so‘mdan 648 ming so‘mgacha. Ushbu ko‘rsatkich kambag‘allik chegarasini aniqlashda ishlatiladi. Mazkur summa 1-maydan gaz va elektr energiyasi tariflari oshishi munosabati bilan yil boshidan buyon ikkinchi marta yangilandi.
“2024-yil may oyidan hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 648 ming so‘mni tashkil etdi. (2024-yil yanvarda e’lon qilingan qiymat 621 ming so‘mni tashkil etgan)”, — deyiladi Statistika agentligi xabarida.
Buning nima keragi bor?
Jahon tajribasida minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan kambag‘allik chegarasi sifatida foydalanish keng tarqalgan bo‘lib, mazkur ko‘rsatkichdan:
davlatning moddiy va boshqa ijtimoiy ko‘maklariga muhtoj aholining maqsadli (target) guruhini aniqlash;
mamlakatning kambag‘allik chegarasini belgilashda foydalanish va bunda target guruhdagi aholining real iste’mol xususiyatlari va talablarini inobatga olish;
kambag‘allikka qarshi kurashish strategiyasi va dasturlarida belgilangan vazifa va chora-tadbirlarning natijadorligi hamda manzilliligini oshirish, shuningdek, ularning doimiy monitoringini yuritish;
pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida foydalaniladi.
Minimal iste'mol xarajatlari o‘zi nima?
Ma’lumot o‘rnida, minimal iste’mol xarajatlari uy xo‘jaliklarining real iste’mol qiymatlari va tarkibini o‘rganish asosida ularning sog‘lom hayot kechirishlari uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlar hamda xizmatlar uchun minimal xarajatlarning hisoblangan qiymati hisoblanadi.
Kambag‘allik chegarasi
Vazirlar Mahkamasi qarori bo‘yicha minimal iste’mol xarajatlaridan kambag‘allik mezoni yoki chegarasi sifatida foydalaniladi. Ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimi orqali oilani kam ta’minlangan deb e’tirof etish jarayonida qo‘llanadigan va jon boshiga to‘g‘ri keladigan bir oylik daromad mezoni minimal iste’mol xarajatlariga tenglashtiriladi.
O‘zbekistondagi minimal iste’mol xarajatlari miqdori 2021-yilda 440 ming so‘mni, 2022-yilda 498 ming so‘mni, 2023-yilda 568 ming so‘mni tashkil qilgan.