Onlayn xizmatlardan foydalanish ko‘lami ortgani sari internetda firibgarliklar ko‘payib bormoqda. Firibgarlar moliyaviy zarar yetkazadi, shaxsiy ma’lumotlarni o‘g‘irlab, foyda talab qiladi. Masalan, fishing hujumlari orqali firibgarlar foydalanuvchilardan bank ma’lumotlari, parollar yoki boshqa shaxsiy ma’lumotlarni olishga urinadi. Bunday firiblar nafaqat foydalanuvchilarga, balki kompaniyalarga ham katta xavf tug‘diradi. Chunki kiberhujum brend obro‘siga putur yetkazishi mumkin.
Ijtimoiy tarmoqlarda firibgarlar soxta akkauntlar yaratib, do‘stlar yoki tanishlar nomidan xabar yuborib, odamlarni aldaydi. Ular ko‘pincha moliyaviy yordam so‘raydi yoki soxta loyihalarga pul tikishni so‘raydi. Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda foydalanuvchining shaxsiy ma’lumotlarini o‘g‘irlab, nojo‘ya maqsadlarda foydalanish xavfi ham yuqori.
Hamma narsa shubhali
Otabek DO‘STMATOV, talaba:
– Nazarimda odamlarda o‘zaro ishonch yo‘qolib, ehtiyotkorlik chegarasini aniqlash tobora qiyinlashmoqda. Hozir arzimagan narsa ham meni shubhalantiradi. Buning sababi yaqinda sodir bo‘lgan voqea bilan bog‘liq. Telegram orqali yaqin do‘stimdan xabar keldi: “Menga yordam bera olasanmi? Juda zarur. Bir oz pul kerak, 500 ming so‘m kartamga o‘tkaza olasanmi?” Tabiiyki, yordam berishga tayyor edim va do‘stimdan vaziyatni so‘radim: “Tinchlikmi? Nima bo‘ldi?” U qisqa javob qaytardi: “Ha, tinchlik, keyin tushuntiraman. Shu kartaga o‘tkaz”. Ammo kartadagi ism va familiyani ko‘rib, shubha paydo bo‘ldi — ism umuman boshqa edi. Do‘stimga qo‘ng‘iroq qildim. U esa hayron bo‘ldi, bunday xabar jo‘natmagan. Bu kiberfiribgarliklar bizga qanchalik yaqinligini isbotladi. Holat shundayki, do‘stlarimiz, oila a’zolarimiz yoki tanishlardan kelgan xabarlarga ham shubha bilan qarash zarur. Texnologik qurilmalardan foydalanishda xavfsizlikni kuchaytirish, ko‘proq maxfiylikka rioya qilish va shubhali xabarlarni darhol tekshirish shart.
Yoʻq uyni ijaraga olmoqchi boʻldim
Alisa AHMADOVA, talaba:
– O‘tgan oy boshida dugonalarim bilan Toshkentdan arzonroq ijara uy izladik. O‘quv yili boshlangani uchun joy topish qiyin, narxlar baland yoki sharoitlari yaxshi emasdi. “olx.uz”da bir e’longa ko‘zim tushdi. Uy shahar markaziga yaqin joyda, hamma qulayliklari bor, narxi esa ancha arzon edi. E’lon darrov bizni qiziqtirdi. Qo‘ng‘iroq qildim. Uy egasi juda muloyim, ochiq gaplashardi. Uy yangi ta’mirdan chiqqan, barcha sharoitlari bor ekan. Ko‘rish uchun boradikan bo‘ldik. Xullas, ijarachi shunchalik yaxshi taassurot qoldirdiki, masalamiz juda silliq hal bo‘lganidan mamnun bo‘lib ketdim.
“Kvartira qidirganlar ko‘p, – dedi u. – Ishonch uchun kichik miqdorda “zaklad puli” o‘tkazsangiz. Shunda men boshqalarga odam topganimni aytaman, yo‘qsa uyni saqlab o‘tirolmayman”.
Bu gap birdan shubhalantirdi. Shunchaki uyni ko‘rish uchun oldindan pul berish g‘alati. Ammo shoshmasak, boshqa birovga berib yuborishi mumkin degan xavotir uyg‘ondi. 500 ming so‘mni kartasiga o‘tkazishni aytdi. Dugonalarim bilan fikrlashib, unga ishondik. Pulni o‘tkazdim. So‘ng uy egasi bilan gaplashdim. U bizni xotirjam qilib, uyni ertaga ko‘rsatishini aytdi. “Manzilga yetganingizda qo‘ng‘iroq qilarsiz”, dedi. Ertasi kuni esa uning telefoniga tushib bo‘lmadi... Kechgacha uzluksiz chaqiruvni bosdim va aldanganimizni tushundim. Aytilgan manzildan esa uyni topa olmadik. Firibgarlik qurboniga aylanganimni his qilgan paytimda o‘zimni juda ahmoqdek sezdim. E’lonlar saytidagi profilga qaytib kirmoqchi bo‘lsam, allaqachon o‘chirilgan ekan...
Yuqori maoshli onlayn ish
Asilbek HIKMATOV, talaba:
– Ijtimoiy tarmoqda qiziqarli e’lon chiqib qoldi. Unda “Yuqori maoshli masofadan ishlash imkoniyati! Kuniga 2-3 soat ishlab, oyiga 5-8 million so‘m topishingiz mumkin!” deb yozilgan edi. Reklamadagi havolaga bosdim. Saytga o‘tib, hamma ma’lumotlarni o‘qib chiqdim, ariza to‘ldirish uchun kerakli joyni bosdim. Avvaliga ism-familiya, telefon raqam va elektron pochtamni kiritdim. Keyin ishga qabul qilish jarayonida shaxsiy ma’lumotlarim, maoshni olish uchun bank kartasi ma’lumotlarini kiritish so‘ralganda biroz shubhalandim. Lekin taklif jozibali va maosh yoqimliligi shunchalik yoqimli ediki, bu haqida ortiq o‘ylamadim. O‘zimni ishga qabul qilinayotgandek his qilib, karta raqami va amal qilish muddati, SMS orqali kelgan kodni ham kiritdim. “Buni ular menga ishonch hosil qilishi uchun kerak”, — deb o‘yladim. Arizani jo‘natganimdan so‘ng “Tabriklaymiz! Siz muvaffaqiyatli ariza topshirdingiz. Tez orada siz bilan bog‘lanamiz!” degan xabar keldi. O‘sha kuni qo‘ng‘iroq kelmadi. Biroz o‘tib, telefonimga SMS xabar keldi: “Sizning kartangizdan 200 ming so‘m yechildi”. Holat bir necha daqiqada bir necha marta takrorlandi. Tushunmay qoldim — nima uchun pul yechilyapti? Tezda bankga qo‘ng‘iroq qildim va ma’lumotlarimni o‘g‘irlashgani ma’lum bo‘ldi. Firibgarlar mening shaxsiy ma’lumotlarimni va karta raqamimni ishlatib, pullarimni qayergadir o‘tkazishgan ekan. Bank xodimi xavfsizlik uchun kartani blokladi. Ertasi kuni bankga borib, to‘liq ma’lumot olganimda ular allaqachon 1 500 000 so‘mdan ortiq mablag‘ yechishga ulgurgan ekan. Pullar qandaydir mavhum jo‘natilgan, qayerligini aniqlab bo‘lmas edi...