“Yosh kitobxon” tanlovining 2023-yilgi mavsumi o‘z nihoyasiga yetdi. Kimgadir ozgina omad yetishmadi, kim uchundir tanlov hayajonlarga boy bo‘ldi. Ayniqsa, birinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar hali hamon g‘alaba nashidasini surmoqda. Nechalab yoshlar “bu yil “Cobalt” meniki bo‘ladi”, deya diliga tugib, kitobxonlikni boshlab yuborgan bo‘lsa, ajab emas.
Uchta yosh toifasida o‘tkazilgan final bosqichida ikkinchi o‘rin uchun 50 million, uchinchi o‘rin uchun 30 million so‘m mukofot puli o‘z egalariga topshirildi. Final bosqichida qatnashgan qolgan barcha ishtirokchilar 10 million soʻmdan pul mukofoti bilan taqdirlandi. Birinchi o‘rin sohiblari esa “Cobalt” egasiga aylandi.
“Yoshlar ovozi” g‘oliblar bilan mutolaaga qiziqish, qaysi asarni o‘qish, tushunish qiyin bo‘lgani-yu, yoshlar qaysi kitoblarni o‘qishi shartligi yuzasidan suhbatlashdi.
AVVAL 2-, KEYIN 1-O‘RIN!
10-14 yosh toifasi g‘olibi Nargiza Muhammadiyeva Jomboy tumanidagi 12-maktabda tahsil oladi. Har tomonlama iqtidorli bo‘lgan qahramonimiz kitob o‘qishdan tashqari, rasm chizishga, shirinliklar tayyorlashga, she’r yozishga, hatto futboll o‘ynashga ham qiziqadi. Nargizaning uyida 500 dan ortiq kitobi bor, ularning ichidan eng sevgani Garriet Bicher Stou qalamiga mansub “Tom tog‘aning kulbasi” asaridir.
“Ko‘p kitob o‘qishimga avval dadam, keyin oilamizdagi kitobxonlik muhiti sabab bo‘lgan. 5 yoshimda dadam harflarni o‘rgatgan. 6 yoshdan mustaqil kitob o‘qiy boshlaganman”, — deydi qahramonimiz.
Nargiza 2022-yilda ham “Yosh kitobxon” tanlovida ishtirok etib, 2-o‘rinni qo‘lga kiritgan. Harakatdan to‘xtamaydigan Nargiza bu yil o‘z maqsadiga erishdi.
Barcha kitoblarni sevib mutolaa qiladigan qahramonimizning o‘qishga eng qiynalgan asari “Zarbulmasal”. Uni tushunish uchun 4 marotaba qayta o‘qishiga to‘g‘ri kelganini aytadi.
Nargizaning tavsiyasi!
U tengdoshlari quyidagi kitoblarni, albatta, o‘qishi kerak deb hisoblaydi:
- Songul Unsalning “Kaktuslar ham gullaydi” asari. Bu kitob kishiga hayot qiyinchiliklari oldida yiqilmaslikni, adolatsizliklar oldida jim turmaslikni o‘rgatadi.
- Erkin Vohidovning “Mening yulduzim” to‘plami. To‘plamda komil insonni shakllantirish g‘oyasi yetakchilik qiladi.
- O‘tkir Hoshimovning “Daftar hoshiyasidagi bitiklar” kitobi. Bu bitiklar ko‘pchilikning ko‘nglidan joy oladi.
6 YIL + MEHNAT= “COBALT”
15-19 yosh toifasida 1-o‘rinni egallagan qashqadaryolik Mironshoh Nurmatov mazkur g‘alabani 6 yillik tinimsiz izlanish va harakat mevasi, deb baholaydi.
“Uyimda 500 ga yaqin kitobim bor. Har yili tanlov boshlanganida kitoblar ro‘yxati bilan tanishib chiqar, agar birontasi bo‘lmasa, dadamdan olib berishini so‘rardim. Dadam mening intilishimni ko‘rib, bu borada tinimsiz qo‘llab-quvvatlaganlar. Topa olmagan asarlarimni kitob do‘konlari va tanishlaridan so‘rab, olib kelib berardilar”, — deydi Mironshoh.
U 2018-yildan buyon “Yosh kitobxon” tanlovida ishtirok etadi. O‘shanda qahramonimiz eng kichik 10-14 yosh toifasida bilimlarini sinovdan o‘tkazgan. 15-19 yosh toifasidagi bahslar unga oson bo‘lmaganini ta’kidlaydi.
“Tanlovda har yili ko‘plab kitobxonlar qatnashadi. Avvaliga o‘zim tenggi va mendan kichik kitobxonlar bilan raqobatlashgan bo‘lsam, keyingi yildan o‘rta yosh toifasining eng kichik kitobxoni sifatida mendan kattalar bilan bellashdim. Tabiiyki, o‘ziga xos ikkilanish, qo‘rquv ham uyg‘otadi. Ammo anlovga 6 yil qatnashib, nihoyat g‘olib bo‘lganimdan keyin bir narsani angladimki, chin dildan so‘ralgan niyat bir kun, albatta, amalga oshadi! Ilmga intilish hech qachon mukofotsiz qolmaydi”, — deydi u.
Mironshohning o‘qishga qiynalgan kitobi Fyodor Dostoyevskiyning “Jinoyat va jazo” asari. Hali yosh bo‘lgani tufayli asar g‘oyasi, mazmun-mohiyatini anglash unga qiyinchilik tug‘dirgan.
“Haqiqiy asar his-tuyg‘u bilan o‘qiladi. bolaligimda Erkin Malikning “Yetim qolgan xotiralar” kitobini o‘qib, yig‘laganim hamon yodimda. Undagi voqealar, qahramonlar taqdiri va asar kompozitsiyasi har bir o‘quvchining qalbini junbushga keltiradi, menimcha”, — deydi suhbatdoshimiz.
Mironshohning tavsiyasi!
U quyidagi kitoblarni, albatta, o‘qish kerak deb hisoblaydi:
- O‘tkir Hoshimovning “Ikki karra ikki besh” qissasi.
- Nodar Dumbadzening “Abadiyat qonuni” romani.
- Javlon Jovliyevning “Qo‘rqma” romani.
“DUGONAM SABAB G‘OLIB BO‘LDIM”
20-30 yosh toifasi g‘olibi Gulhayo Soliyevaning tanlovda qatnashishiga dugonasi sababchi bo‘lgan. O‘tgan yilgi tanlovda ishtirok etgan dugonasidan taassurotlarni eshitgan kitobxonda tanlovga qatnashish fikri uyg‘ongan. Oilaviy muhit sababli yoshligidan badiiy asar mutolaa qilib kelayotgan kitobxonda tanlovga tayyorlanish jarayonida qiyinchiliklar bo‘lmagan.
Gulhayo badiiy kitoblarni muntazam ravishda o‘qib borishiga qaramay, kitob sotib olishni odat qilmaganligini, asosan elektron shakldagi kitoblar o‘qiganini aytadi. Ammo tanlovdan keyingi asosiy maqsadi shaxsiy kutubxonasini yaratish, o‘zi va farzandlari uchun foydali kitoblarni ko‘proq sotib olish.
Qahramonimiz yakunini bilish uchun imkoni boricha ko‘proq o‘qigan asarlar “Urush farzandi” va “Tushda kechgan umrlar”dir.
“Yoshlarga ko‘p kitob o‘qishni tavsiya qilaman, kitob o‘qigan inson hech qachon yutqazmaydi. Ko‘rik-tanlovda birinchilikni qo‘lga kiritmasligi mumkin, lekin aqliy jihatdan o‘ziga va farzandlarining kelajagiga katta hissasini qo‘shgan bo‘ladi”, — deydi u.
Gulhayoning tavsiyasi!
U tengdoshlariga quyidagi kitoblarni o‘qishni tavsiya qiladi:
- Alisher Navoiyning “Lison ut-tayr” dostoni.
- Nazar Eshonqulning “Urush odamlari” qissasi.
- Jeyms Klirning “Atom odatlar” kitobi.