Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

2024-yilda 2 mln aholini tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha yangi tizim joriy etiladi

13.11.2023 4043

Biznesni rivojlantirish banki kichik tadbirkorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va kengaytirishga mas’ul bo‘ladi. Buning uchun xalqaro moliya tashkilotlaridan 1,2 mlrd dollar jalb qilinadi va 300 mln dollar yevrobond chiqariladi.  

Aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilishga qaratilgan prezident qarori loyihasi ishlab chiqildi. Qaror loyihasida bir qator muhim jihatlar ko‘zda tutilgan:

2024-yilda 2 mln aholini tadbirkorlikka jalb qilish bo‘yicha quyidagi tizim joriy etiladi:

a) aholi va tadbirkorlarni o‘qitish, loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashish va shu orqali “oilaviy tadbirkor – mikro biznes – kichik biznes – o‘rta biznes” zanjiri yo‘lga qo‘yiladi;

b) “Biznesni rivojlantirish banki” ATB, “Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi” AJ va boshqa hamkor tijorat banklaridan iborat yaxlit moliyaviy tizim asosida kichik va o‘rta biznes loyihalari moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadi. Xususan:

  • oilaviy tadbirkorlik dasturiga – 10 trln so‘m (Xalq banki va Mikrokreditbank);
  • mikromoliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish dasturiga – 3 trln so‘m va 100 mln dollar (Mikrokreditbank va Xalq banki);
  • “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” dasturiga – 6 trln so‘m va 1,2 mlrd dollar (Biznesni rivojlantirish banki);
  • “O‘rta biznesni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash dasturi”ga – 1,5 trln so‘m va 100 mln dollar (Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi) ajratiladi.

v) kichik biznesga ko‘maklashish markazlari va Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasida hamda tadbirkorlik bo‘yicha elektron platformalarda tadbirkorlikka o‘qitish, loyihalarni moliyalashtirish va barcha bosqichlarda hamrohlik qilish yo‘lga qo‘yiladi.

Bundan tashqari, Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan kichik biznes loyihalarini moliyalashtirish uchun Biznesni rivojlantirish bankiga jami 300 mln dollar, shu jumladan, 75 mln dollar bankning ustav kapitalini oshirishga va 225 mln dollar 15 yil muddatga 5 foiz stavkada subordinar qarz sifatida mablag‘lar ajratiladi.

Biznesni rivojlantirish banki – 150 ming kichik tadbirkorlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va kengaytirishga mas’ul bo‘ladi va buning uchun xalqaro moliya tashkilotlaridan 1,2 mlrd dollar jalb qilinadi, shuningdek, 300 mln dollar yevrobond chiqariladi. 

Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi – o‘rta biznesni 2,5 baravarga (10 mingdan 25 mingga) oshirishga mas’ul bo‘ladi va buning uchun moliyaviy xizmatlar 8 trln so‘mdan 14 trln so‘mga yetkaziladi, 300 mln dollar yevrobond chiqariladi hamda 450 ta korxonaga ulush kiritiladi va xizmatlar ipotekasi beriladi.

Respublika komissiyasiga (J. Qo‘chqorov) 2023 yil 15 dekabrga qadar hududlar va davlat dasturlari yo‘nalishlari kesimida 2024-yilda 2 mln aholini tadbirkorlikka jalb qilish maqsadli ko‘rsatkichlarini tasdiqlash topshiriladi.

2024-yil 1 yanvardan 2026-yil 1 yanvargacha davlat ishtirokidagi yirik korxonalar bilan kooperatsiya asosida tashkil qilingan kichik tadbirkorlarga ishlab chiqargan mahsulotini davlat buyurtmachilariga bir yilda 10 mlrd so‘mgacha to‘g‘ridan to‘g‘ri shartnomalar asosida sotishga ruxsat beriladi.

Qaror loyihasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish uchun Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan 300 mln dollar yo‘naltiriladi. 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish