Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

LIDER QANDAY BOʻLISHI KERAK?

30.8.2024 2295

Nilufar XOLLIKOVA,  Nishon tumanidagi “Paxtakor” mahallasi yoshlar yetakchisi

Tilimizda “rahbar”, “lider”, “yetakchi”, “sardor” kabi tushunchalar bor. Bular liderlikning turli xil ifodasi. Ko‘p hollarda, rahbar dastavval lavozimga, so‘ngra shu lavozimi ortidan hurmatga erishsa, lider aksincha hurmat ortidan lavozimga erishadi.    

Liderni boshqalardan ajratib turuvchi asosiy jihatlardan biri bu – o‘ziga va safdoshlariga bo‘lgan ishonchi. Buyuk allomalarimiz aytganidek, o‘z kuchingni his etishing kuchingga kuch qo‘shadi.

Lider hamma vaqt biror ishni boshlashdan avval atrofidagilar bilan maslahatlashishi va unga yuklatilgan topshiriqlarning bir qismini ularga ishonib topshirishi darkor. Bu bilan u o‘z izdoshlariga ishonchi yuqorida darajada ekanligini isbotlagan bo‘ladi.

Liderning o‘ziga xos muhim jihatlaridan biri  bu  optimistik ruhda fikr yuritishida, ya’ni har bir ko‘zlagan maqsadining faqat yaxshi tomonlarini o‘ylab ish ko‘rishidadir. U to‘g‘ri qaror qabul qilish qobiliyatiga ega bo‘ladi. Ba’zilar uzoq o‘ylab qarorlarini bir necha marta o‘zgartirishsa, lider bir marotaba qaror qabul qiladi va o‘z qaroridan hech qachon shubhalanmaydi. Shu sababdan liderlarni kelajakni ko‘ra olish qobiliyatiga ega deyishadi.

Yetakchilar o‘zlari uchun kelajakni yaratishga intiladi va ba’zida dunyoni o‘zgartirishga qodir qarorlar qabul qiladi. Lider o‘zining kuchli va ustun jihatlarini yaxshi biladi hamda imkon qadar ulardan unumli foydalanishga intiladi. Shu bilan birga u o‘zining kuchsiz tomonlarini ham tan ola biladi va ularni to‘g‘irlashga harakat qiladi.

Liderlik psixologiyasining zamonaviy va ko‘p uchraydigan muammolari safiga muloqotga kirisha olmaslik, javobgarlik va mas’uliyat hissining yetishmasligi, kelishuv va murosa qila olmaslik, reja qilingan ishda qoniqarli natijaga erisha olmaslik, rag‘batlantirish va jazolashning me’yori kabilarni misol tariqasida keltirish mumkin.

Demokratik va liberal tamoyillardan unumli hamda to‘g‘ri foydalana bilmaslik ham liderlikning ko‘p uchraydigan muammolaridan hisoblanadi. Lider ko‘p hollarda liberal tamoyil asosida ish ko‘radi, ya’ni barcha rejalari-yu maqsadlaridan safdoshlarini xabardor qiladi, ular bilan maslahatlashadi, ularning barchasiga birdek ishonadi va hech biridan shubhalanmaydi. Bu guruh a’zolarining liderga hurmatini oshiradi. Lekin shunday vaziyatlar bo‘ladi-ki, lider o‘z guruhi uchun o‘zi qaror qilishi, hech kimga tayanmasligi talab qilinadi.

Demokratik tamoyilda ish olib boradigan lider esa aksincha, faqat o‘ziga tayanadi, hech kimga ishonmaydi, maslahatlashmaydi. Qarorlar lider tomonidan o‘rnatiladi va hammadan ularga bo‘ysunish talab qilinadi. Bu guruh a’zolarining o‘ziga ishonchi pasayishiga olib keladi. Lekin ba’zida boshqalarning fikrini ham tinglay bilish, ular bilan fikr almashish foyda beradi. Lider demokratik va liberal tamoyillarning har ikkalasidan o‘z vaqtida oqilona foydalana bilishi darkor.

Lider oldiga qo‘ygan maqsadga erishish yo‘lida barcha kamchiliklarni bartaraf etishi va muammolarga qarshi o‘zida immunitet hosil qila olishi kerak. Muammolardan qochmaslik, ularni kelishilgan holda tez fursatda hal qila olish ham liderning kuchli jihatlaridir.

Lider har qanday muammoni xushmuomalalik va muloyimlik bilan hal qilsa, atrofidagilarning unga mehri, hurmat-e’tibori shunchalar ortib boradi. Lider o‘zi istagan va kutgan natijaga erishishi uchun, avvalo, unda javobgarlik va mas’uliyat hissi yuqori bo‘lishi kerak. Lider safdoshlarining har biri uchun javobgar shaxs bo‘libgina qolmay, unga yuklatilgan vazifani mas’uliyat bilan ado eta olishi ham  kerak.

U guruh a‘zolari orasida kelishib ish ko‘rishni ta’minlay olishi kerak. Undan guruhdagi har bir safdoshining fikri bilan qiziqish, ularni bir maqsad yo‘lida murosaga keltira olish talab qilinadi. Zero, barcha bir maqsad yo‘lida tirishar, hamfikr bo‘lib ishlar  ekan ularning marrani zabt etishi yo‘lida duch keladigan qiyinchiliklari ham osongina yengib o‘tiladi. Guruhda yetakchilik qilayotgan shaxs har bir vazifani o‘z vaqtida hamda tartib bilan bajarishi shart. Belgilab qo‘yilgan maqsadlariga birma-bir sabr bilan erishishga intilishi kerak.

Moslashuvchanlik hozirgi kunda lider uchun qo‘yilayotgan eng zaruriy talablardan biri va bu liderlikning zamonaviy muammolari sirasiga kiradi. Lider har qanday vaziyatga va sharoitga tez hamda osonlik bilan moslashib keta olishi kerak. U har qanday davrada o‘zini qanday tutishni bilishi va u yerga, u yerning shart-sharoitlariga moslashgan holda ish ko‘rishi lozim. Moslashuvchanlik, eng avvalo, kommunikatsiya qobiliyatlarini ham talab qiladi. Zamonaviy liderning intellektual salohiyati ham yuqori bo‘lishi kerak.

Har tomonlama rivojlangan, ma’nan va jismonan komillikka erisha olgan, liderlik xususiyatlariga ega shaxs jamiyatda o‘z o‘rnini topa oladi. Lider jamiyatning ertangi kuni to‘g‘risida qayg‘uradigan eng buyuk insonlar sirasiga kiradi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish