Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Xitoy universitetida o'qish osonmi?

28.1.2025 604

Sarvinoz KOMILOVA suhbatlashdi

Ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda qariyb 110 ming o‘zbekistonlik talaba chet elda tahsil olyapti. Dunyo miqiyosida esa oxirgi 20 yilda o‘qish uchun xorijga ketganlar soni 2,2 milliondan 6,39 millionga yetgan. Ko‘rinib turibdiki, boshqa davlatda ta’lim olish istagida bo‘lganlar soni kam emas.

Xorijda o‘qishni niyat qilganlarning ko‘pchiligi aynan qaysi universitetni tanlash, to‘g‘ri hujjat topshirish, suhbat jarayonida nimalarga ko‘proq e’tibor berish, qanday qilib grant yutish, tanlagan universitetining o‘qitish metodikasi va talabalar uchun qanday imkoniyatlar mavjudligi kabi savollarga duch keladi. Chet elda tahsil olayotgan talabalardan bu savollarga javob olishga harakat qilamiz.

– Yoshim 20 da, – deydi Xitoyning Hangzhou Normal universiteti talabasi Samandar Sayfutdinov. 8-9-sinfda o‘qib yurgan paytlarim bir kun kelib chet elda o‘qishimni ko‘p o‘ylardim. Keyinchalik buni maqsadga aylantirib, o‘qishga kirish uchun harakatni boshladim. Bu harakat, albatta, ingliz tilini o‘rganishdan boshlandi. Chuqurroq o‘rganish va fikrlarimni bemalol ifodalay olishimga 1 yildan kamroq vaqt ketdi. Hozir “Hangzhou Normal university”ning kompyuter savodxonligi va texnologiyasi yo‘nalishida tahsil olyapman. Ha, aytgancha, bu soha ham men uchun begona emas. Bir necha yillardan beri meni o‘ziga tortib kelayotgan yo‘nalishni tanlaganman.

– Keling, universitetda o‘qish uchun ilk qadam – hujjat topshirish haqida gaplashsak. Bugungi kunda ko‘pchilik hujjat topshirishda qiynaladi. Bu jarayon sizda qanday kechgan?

– Hujjat topshirishning alohida qoidalari bor. Menga akam yordam bergan. Chunki ancha yillardan beri boshqa abituriyentlarga ham yordam berib kelardi. O‘zim topshirishga tavakkal qila olmaganman va undan yordam so‘raganman. Chunki hujjat to‘g‘ri topshirilmasa, o‘qishga kirish ko‘rsatkichi ancha pasayadi. Lekin o‘zingiz ham bu jarayonda to‘liq ishtirok etishingiz va hamma narsaga e’tibor berishingiz kerak. Negaki, bu sizning hujjatlaringiz bilan bog‘liq masala va buni shunchaki ishonib, topshirib qo‘yib bo‘lmaydi. Sizdan talab qilinadigan asosiy hujjatlar bu – shahodatnoma yoki kollej diplomi, agar til sertifikatingiz bo‘lsa, o‘sha sertifikat.

– Siz tahsil olayotgan universitetga kirish uchun imtihon qay tartibda o‘tkaziladi? O‘zingiz imtihonni qay darajada topshira olgansiz?

– Menda til sertifikati bo‘lmaganligi sababli suhbat orqali qabul qilinganman. Suhbat to‘liq ingliz tilida bo‘lgan. Bundan qo‘rqishning hech hojati yo‘q. Chunki aniq maqsad qo‘ygan har bir abituriyent bu suhbatdan qiynalmay o‘ta oladi. Savollar ham juda oddiy: qaysi yo‘nalishda o‘qishni xohlashingiz va nima uchun aynan shu yo‘nalishni tanlaganingiz hamda bu universitetni tanlashga sizni nimalar undagani haqida bo‘ladi. Shu bilan birga, qo‘shimcha qobiliyatlaringiz, shahodatnomadagi baholaringizga alohida e’tibor beriladi. Suhbatdan ijobiy o‘tganlar esa “scholarship”, ya’ni grant yutish imkoniga ega bo‘ladi.

– “Scholarship” haqida ma’lumot bersangiz. Bu talabaga qanday imkoniyat yaratadi?

– “Scholarship” universitetda bepul ta’lim olish huquqini beradi. Darsda qatnashish foizi – davomat masalasi, baholarning pasayib ketishi, universitet ichki tartib-qoidalariga rioya qilmaslik kabi salbiy harakatlar sizni bu grantdan mahrum qilishi mumkin. Ushbu grant bir yilga beriladi va siz bir yil davomida kelasi yilgi grant uchun yuqorida aytilgan a’lo baho, davomat va tartib qoidalariga to‘liq rioya qilishingiz kerak. Menga bu tartib yoqadi. Chunki ortiqcha pul sarflab o‘qishni hech kim istamaydi, ko‘pchilik bepul ta’lim olishga harakat qilib, barcha shartlarni a’lo darajada bajarishga harakat qiladi. Bu esa o‘z-o‘zidan tartib-intizomning davomiyligiga sabab bo‘ladi.

– Shu o‘rinda o‘qitish uslubiga to‘xtalsak. O‘zbekistonlik abituriyent va talabalar uchun bu juda qiziq.

– Universitetimizda o‘qitish uslubi menimcha juda oddiy. Har bir darsimiz davomida xuddi O‘zbekistondagi maktablarda o‘tiladigan darslar kabi ustoz bilan bemalol muloqot qilish mumkin. Ya’ni ma’ruza va seminar mashg‘ulotlariga ajratilmagan. Maktabdan farqli tarafi talabalar savol berishdan qo‘rqib jim o‘tirmaydi. Bemalol o‘qituvchi bilan fikr almashish, amaliy mashg‘ulotlar bajarish imkoni mavjud. Talabalar ham darsda qatnashgani, berilgan savol va masalalarni bajara olishi orqali baholab boriladi. Bundan tashqari, bir semestrda bir necha marotaba oraliq nazorat ishi bo‘lib o‘tadi va baholanadi.

– Har bir davlatning iqlimi, urf-odatlariga mos milliy taomlari bo‘ladi. Boshqa davlat vakillari bu taomlarning barchasini ham yeyolmaydi. Shunga o‘xshash noqulayliklarni inobatga olgan holda xorijlik talabalar uchun maxsus taomnoma yoki oshxona mavjudmi?

– Albatta. Musulmonlar uchun halol taomlar tayyorlanadigan oshxonalar bor. Ko‘chadagi oshxonalarga nisbatan ancha arzon. Bundan tashqari, Universitetimiz talabalar turar joyining har juft qavatida o‘zlari ovqat tayyorlashi uchun oshxona bor. Unda o‘zingiz xohlagan taomni tayyorlash imkoni bor.

– Talabalar turar joyi haqida so‘z ochdingiz. Mavzudan uzoqlashmay, yotoqxona sharoitlari, narxlari va qulayliklari haqida aytib bersangiz.

– Universitet hududida maxsus transportlar mavjud. Yotoqxonadan dars xonalariga olib boradi. Masalan, kichik aftobuslar, skuter va velosipedlar. Sababi universitet hududi ancha katta. Talabalar turar joyi ham shunga mos 14 qavatli binolar. Xorijlik talabalar alohida binoda yashaydi. Uch turdagi yotoqxona bor. Kattaligiga qarab bir-biridan farq qiladi. Har bir xona yuvinish xonasi, televizor, muzlatkich, sovutkich, internet va boshqa kerakli jihozlar bilan ta’minlangan. Eng yaxshi tomoni, xonalar bir kishi uchun mo‘ljallangan. Faqat eng katta xonalardan odatda 2 kishi foydalanadi. Tabiiyki, narxlar ham xonaning katta kichikligiga qarab o‘zgaradi. Eng kichik xona narxi 1 yil uchun 7 ming yuan, bu taxminan 12 million so‘mga to‘g‘ri keladi. Lekin xohishga ko‘ra oylik va kunlik to‘lov qilish ham mumkin.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish