Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Ishsizlik muammosiga barham berish yili bo'ladi

25.3.2025 1008

Polat MAXSETBAYEV, Qoraqalpog‘iston Respublikasi yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i

Yoshlarning bugungi yutuqlari, ayniqsa, dunyoning eng nufuzli oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan 1500 nafardan ortiq talaba va Toshkent shahridagi Prezident maktabining yirik xalqaro forumda g‘olibligi kabi yuksak natijalar so‘nggi yillarda yoshlarga bo‘lgan e’tiborning sezilarli darajada ortganini ko‘rsatadi.

Davlat rahbari joriy yil 14-fevralda yoshlari bilan o‘tkazgan uchrashuvda yoshlar tadbirkorligining rivojlanishiga oid uchta yirik hujjatni imzolaganini e’lon qildi. Birinchisi, yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish uchun yangi jamg‘arma tashkil etilishi va imtiyozli kreditlar hamda startap loyihalariga investitsiyalar yo‘naltirilishi. Ikkinchi qaror esa oliy o‘quv yurtlari bitiruvchilarining ish bilan ta’minlanishini kafolatlovchi “Milliy bank” resurslarini ajratishga qaratilgan. Uchinchisi yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlaydigan “Aloqabank”ning “yoshlar banki”ga aylanishi bilan bog‘liq.

Prezidentimiz 2025-yilni O‘zbekiston yoshlarining ishsizlik muammosiga barham berish yili bo‘ladi, deb ta’kidladi. Bu nafaqat so‘nggi yillarda e’tibor qaratilgan muhim masala, balki mamlakatning kelajakni yaratishda ishtirok etadigan yoshlar uchun yangi imkoniyatlarning eshigini ochdi.

Kreativ iqtisodiyotning rivojlanishi, yangi qonunlar va soliq imtiyozlari yoshlarni ilm-fan, san’at, dizayn va texnologiyalarga qiziqtirishga yordam beradi. Kreativ industriya parklarida yaratilgan imkoniyatlar yoshlarni o‘z orzularini amalga oshirishga undaydi. Xorijiy tillarni o‘rgatish va shu orqali mehnat bozoriga kirish imkoniyatlari kengaytiriladi.

“Bir million dasturchi” loyihasiga qo‘shimcha 300 ming yoshning jalb qilinishi, o‘zbek tilida ta’lim beradigan sun’iy intellekt yordamida yangi kurslarning ochilishi, kambag‘al oilalardan kelgan qobiliyatli yoshlarni chet eldagi eng nufuzli oliy o‘quv yurtlarida o‘qitish kabi yangi tashabbuslar barchasi bir maqsadga – yoshlarimizni dunyo miqyosida yetakchi mutaxassislar qilib tayyorlashga qaratilgan.

Bundan tashqari, “Vatan tayanchi” harakati yoshlar orasida vatanparvarlik tuyg‘usini kuchaytirish va ularni kasb-hunar maktablari va texnikumlarga jalb etish masalalari alohida e’tiborda. Yoshlarga berilgan imtiyozlar va imkoniyatlar, ayniqsa, ularning siyosatda va jamiyatda faol ishtirok etishiga katta turtki bo‘ladi.

Prezident ta’kidlaganlaridek, yoshlarimizni dunyoqarashi, ilm-fan va texnologiya, ijodkorlik bilan yanada boyitib, ularga yangi imkoniyatlar yaratish orqali biz faqat o‘z xalqimizni emas, balki butun dunyoni o‘zgarishga undashga qodirmiz.

Ushbu uchrashuvda Prezident tomonidan belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, biz o‘z oldimizga 2025-yildagi vazifalarimizni belgilab oldik:

– mahallalar kesimida tadbirkorlikka qiziqishi yuqori 2 ming nafar yosh ro‘yxatini shakllantirish;

– mehnat migratsiyasiga chiqishni xohlovchi yoshlar bilan ishlash bo‘yicha yangicha mexanizmlarni joriy etib, 400 nafar yoshni xorijiy tillar va kasbga o‘rgatish;

– 5 mingdan ortiq yoshga “Yoshlar daftari” imkoniyatlaridan amaliy yordam ko‘rsatish;

– “Bir million dasturchi” loyihasida qo‘shimcha 20 ming nafar yoshni o‘qitish;

– “Kursera” platformasida 200 dan ortiq kursda sun’iy intellekt yordamida yoshlar uchun o‘zbek tilida ta’lim olish imkoniyatini amalga oshirish;

– dehqonchilik qilish maqsadida yer ajratilgan 7 mingdan ortiq yoshni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash;

– 1 300 nafar yoshni xorijiy tillarga o‘qitish va sertifikat bilan ta’minlash.

Vatanparvarlik oromgohlari va “Jasorat” maktablari yoshlarning ma’naviy tarbiyasini oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Yoshlarni ushbu oromgoh va maktablarga, harbiy xizmatga jalb etish bo‘yicha 2 mingdan ortiq harbiy-vatanparvarlik tadbirlari o‘tkazilishi, 1 500 yoshning harbiy xizmatga yuborilishi rejalashtirilgan. Bu tadbirlar yoshlarni yot g‘oyalardan asrab qolish, ularni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va harbiy xizmatga jalb etishning samarali usuli bo‘ladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasining barcha hududlarida “Vatan tayanchi” harakati kengaytirilib, 10-11-sinf o‘quvchilari orasida vatanparvarlik va mafkuraviy immunitetni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi. Bu harakatning asosiy maqsadi yoshlarda milliy qadriyatlar, tarixiy ong va Vatanimizga bo‘lgan muhabbatni shakllantirishdir. Ularning ma’naviy barkamolligi yurtimiz, butun xalqimiz uchun katta ahamiyatga ega bo‘ladi.

Kitobxonlikni yoshlar orasida keng tarqalishini ta’minlash maqsadida an’anaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi ishtirokchilari soni 24 ming nafarga yetkaziladi. “Kitobxon millat” g‘oyasi asosida yoshlarimizda o‘qish va bilim olish madaniyatini shakllantirishga alohida urg‘u beriladi. Buning natijasida “O‘qish” loyihasi orqali 65 mingdan ortiq yoshlar kitobxonlar qatoriga qo‘shiladi.

“Bek va Lola”, “Al-Xorazmiy” va “Yashil makon” kabi loyiha va multfilmlar bog‘cha va maktab bolalari o‘rtasida yanada ommalashtiriladi. Bu loyihalar yoshlarni ilm-fan, san’at va ekologiya sohalarida bilim olishga, ijodiy va intellektual jihatdan o‘sishga rag‘batlantiradi. Shuningdek, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etishga qaratilgan “Besh tashabbus olimpiadasi”ga 500 mingdan ziyod yosh jalb etiladi. Tadbirlar yoshlarni jamiyatga faol, mas’uliyatli va vatanparvar fuqarolar sifatida tarbiyalashda muhim vosita bo‘ladi.

Bundan tashqari, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik tadbirlariga jalb etish, ular o‘rtasida kasb-hunar va jismoniy tayyorgarlikni oshirish uchun 65 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etadi. Boshqa loyiha va tanlovlarda esa 20 mingdan ziyod yoshlar ishtirok etishi rejalashtirilgan.

“Ibrat Academy” ilovasi orqali 150 ga yaqin yoshning chet tili sertifikati olishiga yordam beriladi. “Mutolaa” orqali 60 mingdan ortiq, “Uzchess” ilovasi orqali 30 mingdan ortiq yosh qamrab olinadi. 100 mingdan ortiq yoshni “Kelajak kasblari”, “Ustoz AI” va “Qizlar akademiyasi” ilovasi orqali kasbga o‘qitishga erishamiz. Joriy o‘quv yilidan boshlab o‘quvchilar o‘rtasida muhandislik olimpiadalari va tanlovlar o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi.

Yoshlarning ma’naviy tarbiyasi, bilim olish va kasb-hunar o‘rganish, harbiy xizmat va vatanparvarlikni chuqur his etish yo‘lida amalga oshirilayotgan ushbu keng ko‘lamli chora-tadbirlar, albatta, kelajakda mamlakatimizning yanada farovon jamiyatga aylanishiga xizmat qiladi.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish