Bahor kunlaridan biri. Maktabdan kechroq qaytdim. Uyga kelganimda dadam:
– Ertaga terak ko‘chatlari ekamiz, – dedi.
Uyga kirib kiyimlarimni almashtirib chiqdim. Oilamiz bilan jam bo‘lib, ishkom tagidagi supada ovqatlandik. Kattalar duo qilib, birin-ketin o‘rinlaridan qo‘zg‘aldi. Qornim to‘ygach, supada qolib, uxlashga yotdim. Ko‘zimni yumib chuqur nafas oldim. Charchaganimdan osmondagi yulduzlarning sir-sinoati-yu boyqushning yaqin atrofdan kelayotgan yoqimsiz, ayni shu tobda vahimali tovushi ham parvoyimga kelmadi. Xayolim faqat dadam aytgan terak ko‘chatlarida edi.
Bir payt tush ko‘ribman. Tushimda biz ekkan terak ko‘chatlari hovlimiz etagidagi kekkaygan teraklar kabi bo‘y cho‘zibdi. Teraklar shunaqayam katta bo‘libdiki, qulochimga sig‘masmish. Ertalab xo‘roz qichqirig‘idan uyg‘onib ketdim. Tezda yuz-qo‘limni yuvdim. Qarasam, dadamning qo‘lida terak ko‘chatlari turibdi. Men darrov:
– Assalomu alaykum, dada, yaxshi dam oldingizmi? – dedim.
Dadam salomimga alik olib:
– Bu kecha men aytgan terak ko‘chatlari, – dedi.
Teraklarni hovlimiz etagiga ekdik. Shunda dadam menga kulib dedi:
— O‘g‘lim, keyinchalik bu ko‘chatlarni dadam bilan ekkanmiz, deb eslab yurasan. Bu ko‘chatlar kekkayib o‘sadi. Lekin bu kekkayish insonlarga yarashmaydi. Inson kamtar bo‘lsagina kamol topadi. Tushundingmi?
Bu gaplardan tushimda ko‘rganim – kekkaygan teraklar ko‘z oldimda gavdalandi. Shunda, bu xislat dadam aytganday, faqat mag‘rur va dadil teraklarga xos ekanligini anglab yetdim.