Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston iqtisodiy oʻsishda muhim yutuqlarga erishganiga qaramay, bu oʻsishning yoshlar uchun samarali ish imkoniyatlariga aylantirilishi eʼtibor markazida qolmoqda.
2023-yil 1-yanvar holatiga Oʻzbekiston umumiy aholisining 26,8 foizi, yaʼni 36 milliondan 9,7 millionini yoshlar tashkil etadi. Oʻtgan yili 380 ming nafar maktab bitiruvchisidan 180 ming nafari taʼlimni kollej, texnikum yoki oliy taʼlim muassasasida davom ettirayotgan boʻlsa-da, qolgan 200 ming nafari mustaqil ravishda ish qidirib, mehnat bozoriga kirib kelmoqda.
Biroq rasmiy statistik maʼlumotlarga tayanadigan boʻlsak, 2022-yil yakuniga koʻra respublika boʻyicha ishlamaydigan, oʻqimaydigan va kasbiy tayyorgarlikdan oʻtmagan yoshlar ulushi 29,9 foizni (2021-yilda — 29,3 foiz) tashkil etgan. Bu mamlakatimizda demografik dividenddan samarali foydalanmaslik muammosi mavjudligini koʻrsatmoqda.
Bugungi kunda dunyoda yoshlar orasida ishlamaydigan, oʻqimaydigan va kasbiy tayyorgarlikdan oʻtmaganlarning ulushi 23,3 foizga yetdi, bu esa soʻnggi 15 yil ichida kuzatilgan eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi. Ekspertlarning fikricha ushbu toifadagi yoshlarning boshdan kechirishi mumkin boʻlgan psixologik jarohatlari istiqbolda ularning imkoniyatlariga salbiy taʼsir koʻrsatishi xavfi yuqori.
Xalqaro mehnat tashkiloti ekspertlarining fikricha, yosh ayollar oʻziga tengdosh erkaklarga qaraganda qiyinroq ahvolda: ular orasida ish bilan band boʻlganlar soni umumiy aholiga nisbatan ancha past. 2022-yil maʼlumotlariga koʻra dunyoda 27,4 foiz yosh ayollar ish bilan taʼminlangan, yosh erkaklarda esa bu koʻrsatkich 40,3 foizni tashkil etgan. Boshqacha qilib aytganda, yosh erkaklarning ish topish imkoniyati yosh ayollarga qaraganda deyarli bir yarim baravar yuqori. Bu kabi gender tafovut, oxirgi 20-yilda deyarli oʻzgarmagan, oʻrta daromadli davlatlarda bu farq 17,3 foizni tashkil etsa, yuqori daromadli mamlakatlarda 2,3 foizni tashkil etgan.
BMTning taʼlim, fan va madaniyat masalalari bilan shugʻullanuvchi tashkilot (YUNESKO) 2022-yilda tayyorlagan “Markaziy Osiyoning yoshlari va tinchlikni barpo etishdagi chaqiriqlar” nomli hisobotda taʼkidlanganidek, agar hozirgi kunda yoshlarning muammolariga lozim darajada eʼtibor qaratilmasa, ishsizlik, taʼlimning past sifati va iqtisodiy hamda tadbirkorlik bilimlarining yetishmovchiligi kabi muammolarning keng tarqalishi ehtimoli yuqori.
Muammoning kelib chiqish sabablari
Respublikada band boʻlmagan yoshlarning yuqori ulushi boʻyicha muammoning kelib chiqish sabablarini tahlil qiladigan boʻlsak, quyidagilarni keltirish mumkin:
Birinchidan, Jahon Bankining “Oʻzbekistonda yoshlarni ish bilan taʼminlash” nomli hisobotida qayd etilganidek, taʼlim muassasalarini bitirayotgan 69 foiz yoshlarning ish tajribasi va zarur koʻnikmalari yetishmasligi sababli ishlashga tayyor emasligi. Mazkur muammo mavjudligi toʻgʻrisida joriy yil 5-fevral kuni Prezident raisligida oʻtkazilgan ijtimoiy sohadagi ustuvor vazifalarga bagʻishlangan yigʻilishda ham taʼkidlab oʻtildi, jumladan, bakalavriatda oʻnlab yoʻnalishlar mehnat bozori talablariga javob bermasligi, koʻpchilik kollej va texnikumlar hamda oliy taʼlim muassasalari ish beruvchilarning talablarini inobatga olmasligi masalasiga toʻxtalib oʻtildi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD)ning “Education at a Glance” nomli yillik hisobotida keltirilgan tadqiqot natijalariga koʻra, asosan, davlatlarda taʼlim darajasi va sifati oshgan sari, ishsizlik darajasi ancha pasayishi kuzatilganini koʻrish mumkin. Bunda, taʼlim muassasalari va siyosiy qaror qabul qiluvchilar taʼlim dasturlarini doimiy ravishda yangilab borishi va mehnat bozorining oʻzgaruvchan talablariga moslashtirishi zarurligini taʼkidlagan.
Ikkinchidan, yoshlar tadbirkorlikni boshlashda yuzaga kelayotgan muammolar. Tadbirkorlikni boshlash uchun kerak boʻlgan boshlangʻich kapitalni topish jarayonidagi mavjud byurokratik va korrupsion muammolar, yoshlar bandligini taʼminlashga koʻmaklashish maqsadida mahallalarda tashkil etilgan yoshlar yetakchilari va hokim yordamchilari tomonidan oʻz vazifalarini toʻlaqonli amalga oshirilmayotganligini keltirish mumkin. Bundan tashqari, yoshlar yetakchilari va hokim yordamchilarining faoliyati yetarli darajada nazorat qilinmayotgani sababli, yoshlarga berilgan imtiyozlarning manzilli ravishda yetib bormasligi va tanish-bilishchilik hamda korrupsiya holatlari koʻpayishiga olib kelmoqda. Shu bilan birga, oʻtkazilgan tadqiqotlar natijalariga asosan Savdo-sanoat palatasi, Bandlikni qoʻllab-quvvatlash markazlari vakillari va yoshlarning fikricha, tadbirkorlikni amalga oshirishdagi asosiy toʻsiqlar sifatida malaka va oʻqitish imkoniyatlarining yetishmasligi, imtiyozli kreditlardan foydalanishning cheklanganligi, barqaror kompaniyalar bilan raqobatga bardosh berolmaslik va qishloq joylarida mahalliy isteʼmol bozoriga kirish cheklanganligi keltirilgan.
Uchinchidan, ish beruvchilar tomonidan xodimlarni ishga qabul qilishda shaxsiy aloqa kanallardan foydalanishi natijasida yaxshi aloqaga ega boʻlmagan yoshlarning ishsiz boʻlib qolishi ehtimolining oshishi. Bu holat mehnat bozorining shaffofligi va teng imkoniyatlar yaratilishiga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Norasmiy kanallarga koʻproq suyanish natijasida, malakali nomzodlar ham ish topishda qiyinchilikka duch keladi.
Xalqaro va xorijiy tajriba
Yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha xorijiy tajribaga toʻxtalsak. Germaniyaning “Dual taʼlim” dasturida talabalar oliy taʼlim muassasasiga qabul qilinib, bir vaqtning oʻzida OTM va kompaniyalar oʻrtasida tuzilgan hamkorlik shartnomasiga asosan ishga joylashadi. Dastur ishtirokchilari oʻqish davomida 700 dan 1500 yevrogacha oylik maosh oladi. Dual taʼlim dasturi tugagandan soʻng, bitiruvchilarning taxminan 95 foizi muvaffaqiyatli ishga qabul qilinadi, dual kasbiy taʼlim tizimi bilan qamrab olinmaganlar uchun esa bu koʻrsatkich 80 foizni tashkil etadi.
Fransiyada yoshlar ishsizligini kamaytirish uchun 17 dan 25 yoshgacha boʻlgan diplomsiz, kasbiy malakasiz yoki jamiyatdan chetlashgan yoshlar uchun EPIDE (Establishment For Insertion Dans Lʼemploi) muassasalari tashkil etilgan. EPIDE harbiy dastur doirasida yoshlarga gʻamxoʻrlik qilib, ularni maktab-internatlarda oʻqitadi. Ushbu muassasaga qabul qilingan yoshlar 8 oylik volontyorlik shartnomasini imzolaydilar, uni 24 oygacha uzaytirish imkoniyati mavjud. Ular har oy 460 yevro miqdorida nafaqa oladi. Shuningdek, volontyorlar tibbiy koʻrikdan oʻtadi va ularning sogʻligʻi oʻqish talablariga mos kelishi zarur. Yoshlar uchun oʻqish, turar joy, ovqatlanish va kiyim-kechak xarajatlaring EPIDE dasturi toʻliq qoplab beradi.
Bundan tashqari, Fransiyada “Bir yoshga bir yechim” dasturi mavjud boʻlib, 26 yoshgacha boʻlgan yoshlarga moʻljallangan. Dastur doimiy yoki muddatli shartnomalar boʻyicha 26 yoshgacha boʻlgan yoshlarni ishga olgan ish beruvchilarga yordam berishni nazarda tutadi. Bunda, shartnoma muddati kamida 3 oy boʻlishi va maosh miqdori eng kam ish haqining ikki baravariga teng yoki undan yuqori boʻlishii lozim. Bunday yoshlarni ishga olgan kompaniyalar yoki assotsiatsiyalar ushbu sxemadan foydalanishlari va 4000 yevrogacha kompensatsiya olishlari mumkin.
Yaponiya hukumati universitetni tamomlagan yoshlarni ishga qabul qilish uchun “Shushoku katsudo” dasturini yoʻlga qoʻygan. Dastur biznes va ilmiy doiralar oʻrtasidagi konsensus asosida ish tajribasiga ega boʻlmagan talabalarni ishga qabul qilishni nazarda tutadi va har yili mart oyidan oktabr oyigacha davom etadi. Bu vaqt mobaynida universitetlar talabalarga boʻsh ish oʻrinlari haqida maʼlumot beradi, ishga joylashish boʻyicha seminarlar oʻtkazadi. Talabalar qaysi sohada ishlash haqida bir qarorga kelgandan soʻng, darhol imtihonlarga tayyorgarlikni boshlashadi. Tanlov jarayoni test va suhbat asosida bo‘ladi. Guruhli suhbatlarda korporativ rekruterlar talabalarning jamoada ishlash qobiliyati va liderlik salohiyatini baholaydi, yakka suhbatlarda shaxsiy xususiyat va kommunikativ koʻnikmalarni kuzatib, talabalarning yashirin potensialini aniqlaydilar. Imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan talabalar mart oyida oʻqishni tugatganidan soʻng moliya va oʻquv yilining birinchi oyida yangi ishga kiradi.
Singapurda SkillsFuture loyihasi joriy qilingan boʻlib, mazkur loyiha fuqarolarning koʻnikmalarini bozor talablariga muvofiq rivojlantirishga qaratilgan. Loyiha 25 yoshdan katta shaxslarga moʻljallangan boʻlib, turli kasb sohalarini (muhandislik, moliya, taʼlim, tibbiyot va ijtimoiy fanlar) qamrab oladi. Loyiha har yili davlat tomonidan eʼlon qilinadigan “Kelajak iqtisodiyoti uchun koʻnikmalarga boʻlgan talab” hisobotiga asosan amalga oshiriladi, bu esa fuqarolarga va kompaniyalarga ishga joylashish boʻyicha qarorlar qabul qilishda yordam beradi.
Yoshlar bandligini oshirish boʻyicha taklif va tavsiyalar
Xorijiy va xalqaro tajribani inobatga olib yuqorida koʻrsatib oʻtilgan muammolarni bartaraf etish hamda “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida yoshlar bandligini taʼminlash boʻyicha belgilangan maqsad va vazifalar sifatli va oʻz vaqtida amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ekspertlari tomonidan quyidagilar taklif qilinadi:
Birinchidan, Germaniya tajribasini inobatga olgan holda talabalarning tajriba va malakasini oshirish uchun taʼlim muassasalari va ish beruvchilar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash, hamkorlikning samaradorligini oshirish uchun taʼlim dasturlarini ish beruvchining ehtiyojlari va talablariga moslashtirish, amaliyot jarayonida talabalarning real ish sharoitida tajriba orttirishini taʼminlash hamda dual taʼlim dasturlari orqali olingan bilimlarni nazariy taʼlim bilan uygʻunlashtirish. Bu amaliyotni qoʻllash yosh mutaxassislarning tajriba va bilimlarini oshirishga yordam beradi, mehnat bozorida raqobatbardoshligini taʼminlaydi. Shuningdek, dual taʼlim dasturini tamomlagan talabalarning taxminan 90 foizi ishga qabul qilinish ehtimoli yuqori.
Ikkinchidan, yoshlar yetakchilari va hokim yordamchilari faoliyatini nazorat qilish maqsadida ularning ish jarayonini toʻliq raqamlashtirish. Hududlardagi mahallalarda tashkil etilgan yoshlar yetakchilari va hokim yordamchilari soni bilan ularning faoliyatlarini muvofiqlashtiruvchi tashkilotlar xodimlari soni oʻzaro nomuvofiq boʻlgani sababli ular faoliyatini bir vaqtning oʻzida nazorat qilib borish imkonini beruvchi platformani yaratish. Platformani ishga tushirish natijasida yoshlar yetakchilari va hokim yordamchilarining kunlik, haftalik va oylik ish faoliyati monitoring qilinadi. Monitoring natijalari asosida ularning eng faollari ragʻbatlantiriladi, sustkashlikka yoʻl qoʻygan va samarasiz ishlayotganlarga nisbatan choralar koʻriladi.
Uchinchidan, Singapurning SkillsFuture dasturi kabi mehnat bozori ehtiyojlarini hisobga olgan holda yosh avlodni talab yuqori boʻlgan kasblarga samarali integratsiya qilish. Bunda, mazkur dastur talab yuqori boʻlgan kasblar va tashabbuslarni rivojlantirishga yordam beruvchi keng koʻlamli oʻquv dasturlarini taqdim etadi, natijada yoshlar va boshqa aholi guruhlarining bandlik imkoniyatlari va ijtimoiy mobilligi sezilarli darajada yaxshilanadi. Shuningdek, Fransiya tajribasidan kelib chiqib, 17-25 yoshdagi diplomsiz, kasbiy malakasiz yoki marginalizatsiya jarayonida boʻlgan yoshlar uchun EPIDE kabi maxsus muassasalar faoliyatini tashkil etish masalasini oʻrganib chiqish lozim. EPIDE Fransiyada yoshlarni jamiyat va mehnat bozoriga integratsiya qilishda oʻz samaradorligini isbotladi, bu Oʻzbekistonda ishsizlik va ijtimoiy tanglikni kamaytirishga yordam beradi.
Toʻrtinchidan, ish izlayotgan yoshlarning OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali maʼlumot olish jarayonini takomillashtirish. Bunda ish.mehnat.uz milliy platformasini modernizatsiya qilish, ish beruvchilarni kengroq jalb qilish uchun Savdo-sanoat palatasi va sohaviy assotsiatsiyalar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, foydalanuvchilar auditoriyasini kengaytirish maqsadida boshqa platformalar (uzjobs.uz, myjob.uz, hh.uz, ish.uz va boshq.) bilan integratsiya masalalarini koʻrib chiqish, xorijiy ish beruvchilarni jarayonga kengroq jalb qilish uchun saytni bir necha tilda yuritish, oʻquv muassasalari va yirik kompaniyalar bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan qayta tayyorlash va stajirovka dasturlarini platformaga joylashtirib borish hamda yoshlarga karyera masalalari boʻyicha maslahat va malaka oshirish xizmatlaridan foydalanish imkonini yaratish.
Beshinchidan, Fransiyaning “Bitta yosh – bitta yechim” dasturi kabi ish beruvchilarni ishsiz yoshlarni ishga qabul qilgani va ularni ish jarayonida koʻnikmalarga oʻrgatgani uchun ragʻbatlantirish tizimini joriy etish. Oʻzbekistonda shunga oʻxshash ragʻbatlantirish tizimini joriy etish orqali ish beruvchilarni yoshlar bilan ishlashga qiziqtirish mumkin. Bu esa yoshlarning ish tajribasi va malakasini oshirishga, ish beruvchilarga yangi va zamonaviy fikrlaydigan xodimlar bilan ishlashga, mamlakatdagi yoshlar ishsizligi darajasini kamaytirishga hamda mehnat bozoridagi raqobatbardoshlikni oshirishga yordam beradi.
Oltinchidan, yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish. Bunda innovatsion gʻoyalarga ega boʻlgan yoshlarni biznesni boshlash uchun boshlangʻich kapital bilan taʼminlash, yaʼni imtiyozli kreditlar va grantlar tizimini joriy etish, yosh tadbirkorlarga mentorlik qilish uchun tajribali biznesmen va ekspertlarni jalb qilish, biznes boshqaruvi, moliya, marketing va boshqa zaruriy koʻnikmalar boʻyicha treninglar oʻtkazish, yosh tadbirkorlarning oʻzaro aloqa oʻrnatishlari uchun jamoalar va tarmoqlar yaratish. Bu kabi chora-tadbirlar yosh tadbirkorlarning faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga, ularning biznes gʻoyalarini amalga oshirishga va iqtisodiy rivojlanishga hissa qoʻshishi mumkin. Masalan, Kanadada “Futurpreneur Canada” startap dasturi 18-39 yoshdagi yosh tadbirkorlar loyihalarini 60 000 AQSh dollarigacha moliyalashtiradi va ustoz taklif qiladi. Asosiy talablardan biri – nomzodlar biznes-reja ishlab chiqishi va ikki yil davomida biznes ustozi bilan ishlashga rozi boʻlishi kerak.
Yettinchidan, bandlik markazlari faoliyatini tubdan qayta koʻrib chiqish. Bunda yoshlarga ish qidirish, oʻqitish, tajriba orttirish va boshqa ishga joylashish imkoniyatlarini topishda kompleks qoʻllab-quvvatlash imkoniyatlarini yaratish. Misol uchun, Buyuk Britaniyadagi bandlik markazlari (Jobcentre Plus) ishsizlarga, jumladan, ishsiz yoshlarga keng koʻlamli xizmatlarni koʻrsatadi: rezyume yozish, ishga joylashish va suhbatdan oʻtish uchun bepul treninglar oʻtkazadi; ish topishda koʻmaklashadi; tajriba orttirish va malaka olish uchun bepul oʻqish va amaliyot oʻtash imkonini yaratadi; mahalliy mehnat yarmarkalari haqida maʼlumot bilan tanishtiradi. Bu xizmatlar yoshlarga toʻgʻri yoʻnalish berishga va qisqa muddat ichida ish topishga yordam beradi.