Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Prezident Murojaatnomasida belgilangan ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan amaliy seminar

15.1.2026 602

OAK axborot xizmati

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi mazmun-mohiyatini keng targ‘ib etish va o‘rganish bo‘yicha Oliy attestatsiya komissiyasida amaliy seminar o‘tkazildi.

Tadbirni Oliy attestatsiya komissiyasi raisi A.T.Yusupov kirish so‘zi bilan ochar ekan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasi – mamlakatimiz siyosiy hayotida eng muhim voqealardan biri ekanligi, unda yurtimiz taraqqiyoti va xalqimiz farovonligini yanada yuksaltirish borasida yirik tashabbuslar ilgari surilib, kelgusi yillardagi eng muhim vazifalar belgilab berilgani barchamiz uchun dasturulamal ekanligini ta’kidlab o‘tdi.

Shundan so‘ng Murojaatnomada belgilangan va 2026 yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yo‘nalishning ahamiyati xususida O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti professori, tarix fanlari doktori A.Mavrulov, Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti professori, iqtisodiyot fanlari doktori Sh.Allayorov hamda Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori B.Gʻiyosov ma’ruza qildi.

E’tiborlisi, ma’ruzachilar tomonidan mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish, iqtisodiyotni texnologik va innovasion o‘sish modeliga o‘tkazish, ichki bozorda talabni rag‘batlantirish, kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish, ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish, zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarni izchil davom ettirishda har bir yurtdoshimizning faol ishtiroki muhim o‘rin tutishiga alohida e’tibor qaratildi.
Darhaqiqat, murojaatnomada qayd etilganidek, “Farg‘ona vodiysidan Orolbo‘yigacha, Zarafshon vohasidan Qashqadaryo va Surxondaryogacha, Toshkentdan tortib Jizzax va Sirdaryogacha – yurtimizning qaysi hududida yashashidan qat’i nazar, har bir fuqaromiz islohotlar natijasini kundalik hayotida yanada ko‘proq his qilishi kerak. Shuning uchun, kirib kelayotgan 2026 yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, ta’lim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini – barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili bo‘ladi”. 

Albatta, ushbu rivojlanish odimlarida barcha soha xodimlari qatorida ilm-fan ahlining ham o‘z sohalarida fidokorona mehnat qilishlari va izlanishlari taqozo etilishi tabiiy. Zero, Vatanimizni rivojlangan ilm-fan mamlakatiga aylantirish, uning obro‘-e’tiborini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Murojaatnomada ko‘rsatib o‘tilganidek, “Yangi O‘zbekistonni barpo etishda hal qiluvchi bosqichga qadam qo‘ymoqdamiz. Bu yo‘ldagi ishlarimiz har bir soha va tarmoqda chuqur transformatsiyani talab qiladi.” Shunga ko‘ra, oliy attestatsiya tizimini ilg‘or xalqaro tajribalarga muvofiq holda transformatsiya qilish bo‘yicha tizimli ishlar izchil olib borilayotgani ta’kidlanib, amalga oshirilayotgan maqsadli vazifalar yuzasidan axborot berildi.
Tadbirda oliy attestatsiya komissiyasi xodimlari faol ishtirok etishdi. Ular tomonidan Murojaatnomaning halqimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayoti va farovonligini oshirishdagi ahamiyat, ilm-fan sohasidagi yangiliklar hamda kelgusi vazifalarga doir fikr-mulohozalar bildirildi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish