So‘ngi yillarda davlat tomonidan turli maqsadlarda va turli jabhalarda subsidiya mablag‘lari ajratilmoqda va ularning huquqiy asosi yaratilayotir. Xususan, uy-joy sotib olish uchun fuqarolarga subsidiya ajratish, tadbirkorlarga chorvachilik, asalarichilik, parrandachilik, baliqchilik yo‘nalishlarida hamda qishloq xo‘jaligida tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etganligi va shunga o‘xshash boshqa yo‘nalishlarda ham subsidiyalar ajratib kelinmoqda.
SUBSIDIYA (lot. subsidium – yordam, nafaqa, qo‘llab-quvvatlash) – davlat byudjeti, mahalliy byudjetlar mablag‘lari yoki maxsus fondlardan jismoniy va yuridik shaxslarga, mahalliy organlarga, boshqa davlatlarga beriladigan pul mablag‘i yoki natura shaklidagi yordam. Mablag‘ ko‘rinishidagi aniq manzilli subsidiya – bevosita, soliq yoki boshqa imtiyozlarni joriy etish – bilvosita subsidiya deb ataladi. Subsidiya davlat tomonidan qaytarib olmaslik sharti bilan ajratiladi. Subsidiyalar iqtisodiyotni diversifikatsiyalash (tarkiban o‘zgartirish), eksport-importni muvozanatga solib turish, fan-texnika yangiliklarini o‘zlashtirishni yo‘lga qo‘yish, milliy sanoatni o‘stirish, ayrim hududlarni rivojlantirish, konversiya va boshqa maqsadlarda qaratiladi.
Atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishini kamaytirish, suv resusrlaridan oqilona, maqsadli va tejamkor foydalanilishini ta’minlashga qaratilgan, qishloq xo‘jaligida tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etgan qishloq xo‘jaligi subyektlariga ham subsidiyalar ajratilishining huquqiy mexanizmi joriy etildi va amaliyotda keng qo‘llanib kelinmoqda.
Xususan, 2024-yilning 20-avgust holatiga 304 ming gektar yer maydonda suvni tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. Shundan 71 ming gektarda tomchilatib, 33 ming gektarda yomg‘irlatib, 28 ming gektarda diskret sug‘orish texnologiyalari joriy etildi.
Ekinlarni yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etgan fermer xo‘jaliklariga subsidiya ajratib kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 25-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjeti to‘g‘risida”gi Qonuni ijrosini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 455-sonli qarori bilan tasdiqlangan Birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarning 2025–2027-yillar uchun byudjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq maqsadli indikatorlarida Paxta xomashyosini yetishtiruvchilar tomchilatib va diskret sug‘orish tizimini joriy etish xarajatlarining bir qismini qoplash uchun xarajatlar 8 652,7 milliard so‘mni tashkil etishi belgilandi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 11-dekabrdagi “Qishloq xo‘jaligida suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etishni yanada jadal tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-4919-sonli qaroriga muvofiq, 2021-yildan qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarga suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun subsidiyalar taqdim etilishi va suvni tejaydigan texnologiyalarni xarid qilish va qurishga ajratiladigan bank kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiyalar taqdim etilishi belgilandi.
Shundan kelib chiqib, “Agrobank” ATBning joylardagi filiallari fermer xo‘jaliklari uchun tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asbob-uskunalarini sotib olish va o‘rnatish uchun kredit mablag‘lari ajratib kelmoqda. Ajratilgan kredit mablag‘larining bir qismini qoplash uchun, ya’ni suvni tejaydigan texnologiyalarni joriy qilganligi uchun davlat byudjetidan belgilangan tartibda subsidiya mablag‘lari ajratilishi yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur munosabatlar Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-fevraldagi “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 95-sonli qarori bilan tartibga solinadi.
Bu munosabatlarning huquqiy asoslari va tartibi to‘liq shakllantirilgan bo‘lsa-da, fermer xo‘jaliklari belgilangan tartiblarga har doim ham amal qilib kelmoqda, deb aytib bo‘maydi.
Suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyasini joriy qilishda davlat byudjetidan subsidiya olgan talabgorlar suvni tejaydigan sug‘orish tizimidan 5 yildan kam bo‘lmagan muddatda maqsadli va samarali foydalanishi shartligi belgilangan. Mazkur talablarning buzilishi foydalanish yillariga mutanosib ravishda subsidiya mablag‘lari qaytarilishiga sabab bo‘ladi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-fevraldagi 95-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarining bir qismini qoplash va berilgan subsidiyani qaytarish tartibi to‘g‘risida” Nizomi talablaridan kelib chiqib joylardagi nazorat tadbirlarida tomchilatib sug‘orish texnologiyasidan to‘liq foydalanmaslik holatlari aniqlangan. Mazkur Nizomning 38-bandida agar joriy qilingan suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalaridan yoki uning asosiy qismlaridan sug‘orish mavsumida foydalanilmaslik holatlari aniqlansa, ajratilgan subsidiya quyidagicha tartibda qaytariladi:
ikkinchi yildan foydalanilmasa – subsidiyaning 80 foizi;
uchinchi yildan foydalanilmasa – subsidiyaning 60 foizi;
to‘rtinchi yildan foydalanilmasa – subsidiyaning 40 foizi;
beshinchi yildan foydalanilmasa – subsidiyaning 20 foizi.
Shundan kelib chiqib, prokuratura organlari subsidiya mablag‘larini qaytarish yuzasidan iqtisodiy sudlarga da’vo arizalari bilan murojaat qilmoqda. Birgina 2024-yilda davlat manfaatiga 300 000 000 so‘mdan ortiq subsidiya mablag‘larini qaytarish bo‘yicha sudlarga da’vo arizalari kiritilgan va ishning sud muhokamasi jarayonida fermer xo‘jaliklari uzluksiz ravishda tomchilatib sug‘orish texnologiyalaridan foydalanmagani holatlari to‘liq o‘z isbotini topgani uchun da’vo talablari to‘liq qanoatlantirilgan.
2025-yilning o‘tgan davrida ham xuddi shunday da’vo arizalari bo‘yicha Quyichirchiq tumanlararo iqtisodiy sudi 150 000 000 so‘mga yaqin subsidiya mablag‘i davlatga qaytarilishini ta’minladi.
Qishloq xo‘jaligi korxonalari sug‘orish texnologiyalari joriy etganligi uchun taqdim etilgan subsidiya mablag‘laridan samarali foydalanilishi boshqa imtiyozlarni ham yuzaga keltiradi. Xususan, Soliq koleksining 428-moddasiga binoan suvni tejaydigan (tomchilatib, yomg‘irlatib, diskret va boshqa) sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan yerlar – suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan oyning boshidan e’tiboran besh yil muddatga mazkur yerlarga nisbatan soliq hisoblanmaydi. Bu imtiyoz suvdan foydalanish va suv iste’moli sohasidagi vakolatli organning xulosasi asosida beriladi. Agarda suvni tejaydigan sug‘orish texnologiyalari joriy etilgan oyning boshidan boshlab besh yil davomida foydalanishga yaroqsiz bo‘lgan yoki demontaj qilingan bo‘lsa, soliq imtiyozi butun soliq davri uchun soliqni to‘lash bo‘yicha majburiyatlarning tiklanishi bilan bekor qilinadi.
Ya’ni fermer xo‘jaliklari o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarmasa, pullar davlatga qaytariladi.
E’tiborli jihati, mazkur holatlarni nazorat qilish tegishli vakolatli davlat organlari bilan birgalikda jamoatchilik tomonidan ham amalga oshiriladi. Jamoatchilik nazoratining o‘rnatilishi ajratilgan mablag‘lar maqsadli ishlatilishini ta’minlashning muhim vositalaridan sanaladi.