Mahalla tizimi bosqichma-bosqich rivojlanmoqda, unga qo‘shimcha kuch va imkoniyatlar berilyapti. “Mahalla yettiligi” tashkil etilgani inson qadri uchun yana bir katta qadam bo‘ldi. Ilgari mahalla faollari bir-birining vazifasini yaxshi anglamagani oqibatida ayrim tushunmovchiliklar paydo bo‘lardi. Endi esa mahalla xodimlari o‘rtasida mustahkam hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Ular faoliyatini baholash tizimi ham uzviy bog‘liq bo‘ldi. Bu bilan mahallada aholiga, yoshlarga katta imkoniyat, shart-sharoit va tarbiya maktabi yaratildi. Ilgari yoshlar bilan faqat yoshlar yetakchilari shug‘ullangan bo‘lsa, endi barcha bir yoqadan bosh chiqarib, o‘g‘il-qizlarning kamol topishida birgalikda faoliyat yuritmoqda. Misol uchun:
- Mahalla raisi – ehtiyojmand oilalarga uy-joyini yaxshilashga ko‘maklashish;
- Hokim yordamchisi – ishsizlarga ish topishga ko‘maklashish;
- Yoshlar yetakchisi – yoshlarni sport, musiqa va to‘garaklarga jalb etish;
- Xotin-qizlar faoli – ayollarni tadbirkorlik va hunarmandchilikka jalb qilish;
- Profilaktika inspektori – mahallalarda jinoyatchilikning oldini olish;
- Soliq xodimi – soliq bazasini kengaytirib, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirishga hamda o‘zini o‘zi band qilganlarga kichik biznes toifasiga o‘tishga ko‘maklashish;
- Ijtimoiy xodim – yolg‘iz, keksa, nogiron va boshqa muhtojlarga ijtimoiy xizmat ko‘rsatish.
Yoshlar bilan ishlashda asosiy vositachi – yoshlar yetakchisi. Shu boisdan yettilik va yoshlar o‘rtasidagi munosabatlarda yoshlar yetakchisining xizmati katta. Namangan viloyati Chust tumani “Tinchlik” mahallasida yashovchi mahalla yettiligi yordami bilan hayotda o‘z o‘rnini topayotgan yoshlar misolida mahalla yoshlar yetakchisining yettilikdagi o‘rniga to‘xtalamiz.
– Dastlab xonadonimizga yoshlar yetakchisi kelganida hammaga o‘xshab kelib ketadigan rasmiy idora xodimi bo‘lsa kerak deb o‘ylagandim, – deydi Foziljon Jo‘rayev. – Yetakchi ilk suhbatdayoq menga yangi g‘oyalar berdi. To‘g‘risi, shunchalik chorasiz edimki, o‘zimni tiklashga ishonmasdim. 26 yoshimgacha haydovchilik guvohnomasi ololmagandim. Yetakchimiz ishni menga haydovchilik guvohnomasi olib berishdan boshladi. Avtomobil haydashga va fuqarolar uzog‘ini yaqin qilish istagim borligini bilib, “Yoshlar daftari” jamg‘armasidan yordam berdi. O‘zimga ham ishonchim ortdi, yana yangi g‘oyalar uyg‘ondi. Bugun hayotimdan roziman, farzandlarimning usti but, qorni to‘q. Endi bilsam, mahalla xodimlari birgina menga emas, boshqa tengdoshlarimga ham yordam ko‘rsatayotgan ekan.
Mahalladagi yoshlarning bilimli, komil inson bo‘lishi, ayniqsa, qizlarning oliy ta’lim olishi uchun bor imkoniyat ishga solinmoqda. Oilada birgina qiz o‘qib, oliy ma’lumotga ega bo‘lsa, xonadondagi muhit butunlay o‘zgaradi. Mahalla xotin-qizlar faoli va yoshlar yetakchisi hamkorligida kam ta’minlangan, ehtiyojmand, to‘liqsiz oilada tarbiya topgan hamda nogiron ota-onalarning qizlariga alohida kvota bilan grant asosida OTMga tavsiya berilmoqda.
– Onam bizni qiyinchilikda katta qilgan, – deydi Diyora Ubaydullayeva. – Bundan ikki yil avval maktabni tamomlagandim. Onamga og‘irligim tushmasin deb talaba bo‘lish orzusidan voz kechdim. Bir kuni uyimizga yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faoli kelib, nima ish bilan shug‘ullanayotganimni so‘radi. Ta’limning keyingi bosqichini davom ettirmaganim sababini aytdim. Imtiyoz asosida oliy o‘quv yurtiga kirishim mumkinligini aytishganida quvonib ketdim. O‘zim orzu qilgan Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabasiga aylandim. Yutuqlarimda mahallamiz xodimlarining hissasi beqiyos.
– Kollejni 2015-yili tamomlaganimdan so‘ng, dastlabki yil o‘qishga kira olmadim, – deydi Gulhayo Rahmonova. – Shu zayilda uch-to‘rt yil harakat qildim, shu vaqtlar orasida oila qurdim. 2023-yili talabalik baxtiga muyassar bo‘ldim. Biroq kontraktimni to‘lashda muammoga duch keldim. Mahallamiz yoshlar yetakchisi xatlov paytida mening muammoyimga yechim borligini va o‘qishimni davom ettirishimni bildirdi. Meni “Yoshlar daftari”ga tavsiya qilib, kontrakt pulimni to‘lashda amaliy ko‘mak berdi.
Prezidentimizning “Men yoshlar yetakchilari timsolida bo‘lajak hokimlar va vazirlarni, yirik bank va kompaniyalar, davlat va nodavlat tashkilotlar, siyosiy partiyalar liderlarini ko‘raman”, degan so‘zlari mahallalarda faoliyat yuritayotgan yoshlar yetakchilariga katta kuch bag‘ishlamoqda. Yoshlarning har bir yutug‘ini o‘z yutug‘i deb biladigan yoshlar yetakchilari mahalla fuqarolari o‘rtasida ham hurmat qozongan. Yigit-qizlarning orzu-istaklarini mahalladagi yoshlar yetakchisi yaxshiroq biladi. Qaysi mahallada yoshlar yetakchisi o‘z nomi bilan yetakchi bo‘lsa, mahalla yettiligi bilan mustahkam hamkorlik o‘rnatsa, boshqalarni o‘z ortidan ergashtira olsa, o‘sha mahallada noxush holatlar kam, hudud farovon, oilalar tinch, yoshlar esa baxtli bo‘ladi.