Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Kelajak liderlari” klubi yoshlarga shijoat bag‘ishlamoqda

17.7.2023 6239

Behzod Savurov, Navoiy viloyati “Kelajak liderlari” klubi a’zosi

Yurtimizda yoshlarga alohida e’tibor qaratilib, barcha sohalarda o‘z iqtidori hamda salohiyatini namoyon etishi uchun zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu borada Prezidentimizning 2021-yil 13-iyuldagi “Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni muhim dasturilamal bo‘layotir.

Jumladan, mazkur hujjat asosida “Kelajak liderlari” klubi tuzilib, faoliyat yurityapti. Klub faoliyati faol, tashabbuskor, kreativ va teran fikrlaydigan, mustaqil fikr va dunyoqarashga ega iqtidorli yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga keng jalb etish, davlat fuqarolik xizmatining jozibadorligini oshirish, ularda liderlik ko‘nikmalarini shakllantirish, nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirgan holda yoshlarni davlat fuqarolik xizmatiga tayyorlash, o‘qitish, malakasini oshirish, shuningdek, yosh iqtidorli kadrlarni seleksiya qilish, klub a’zolarini istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritish, rahbarlik lavozimlariga tavsiya etishga qaratilgan.  

Klub a’zolari “Bilimimiz, iqtidorimiz, kuchimiz va tashabbuslarimiz Yangi O‘zbekiston uchun” shiori ostida o‘z bilimi, boshqaruv mahorati, malaka va ko‘nikmalarini oshirib borish bilan birga amaliy tashabbuslar bilan amalga oshirilayotgan islohotlarda o‘z hissasini qo‘shmoqda.  

Navoiy viloyatida o‘tgan ikki yil mobaynida klubning 14 nafar a’zolari mansab pog‘onalaridan yuqorilagan bo‘lsa, ikki nafari “Hokim yordamchisi” lavozimida ish olib bormoqda. 1 nafar klub a’zosi “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Klub tashkil etilganidan buyon a’zolarning boshqaruv ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida turli mavzularda mahorat darslari, seminar va treninglar tashkil etildi.  

Bugungi kunga qadar klub a’zolari bilan birgalikda “Lider kitobxon”, “Zakovat”, “Liderlar minbari”, “Yangi O‘zbekiston – yangi saylovlar”, “Har kuni bir kitob”, “Liderlar sport bilan hamnafas”, “Bugungi kun lideri” va boshqa o‘nlab loyihalar amalga oshirildi.  

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish Agentligi tomonidan Davlat boshqaruvi akademiyasida istiqbolli yoshlarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash maqsadida “Kelajak liderlari” maxsus intensiv malaka oshirish dasturi yo‘lga qo‘yilgan. Dasturning joriy yilgi 4 mavsumi mamlakatimizning 14 hududida turli lavozimlarda mehnat faoliyatini olib borayotgan 59 nafar tinglovchilarni birlashtirdi. Ular orasida Navoiy viloyatidan 4 nafar yosh mutaxassis borligi quvonarli hol, albatta. Ushbu dastur davomida biz liderlik, jamoani shakllantirish, taym-menejment, loyiha boshqaruvi, strategik tahlil, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish kabi sohalarda akademiyaning yetakchi professor-o‘qituvchilaridan saboq oldik. Olgan nazariy bilimlarimizni vazirlik va idoralarda bo‘lgan dublyorlik faoliyatimiz hamda stajirovkalarda mustahkamlash imkoniyati yaratib berildi.  

Maxsus o‘quv kursida olgan bilimlarim orqali nafaqat o‘zimni rivojlantirdim, qo‘shimcha tarzda faoliyat yuritayotgan mahallam yoshlariga yetkazdim. Mazkur malaka oshirish o‘quv kursi, qolaversa, o‘zimdagi ayrim kamchiliklarimni to‘g‘rilashga, bilim va ko‘nikmalarimni yanada rivojlantirishga imkon berdi. Dastur istiqbolli yoshlarni rahbarlik lavozimlariga tayyorlashga va ularni bugun davlat xizmatida mavjud tizimli muammolarni aniqlash hamda bartaraf eta olish, strategik fikrlash, imkoniyatlarni tahlil qila olish salohiyatiga ega kadrlar sifatida tayyorlashda juda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.  

Klub a’zolarining Davlat boshqaruv akademiyasida “Kelajak liderlari” maxsus malaka oshirish dasturida o‘qitilishi, yosh istiqbolli kadrlar sifatida rahbarlik lavozimlariga zaxiraga olinishi, yuqori darajadagi davlat tadbirlarida ishtirok etishi, shuningdek, davlat mukofotlariga tavsiya etilishi biz, yoshlarga yanada g‘ayrat-shijoat bag‘ishlamoqda. Yaqinda davlatimiz rahbarining Yoshlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston yoshlariga bayram tabrigida yoshlarga qarata “Albatta, biz aziz farzandlarimizning orzu-intilishlari, ilg‘or g‘oya va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni davom ettirib, ularni yangi, yanada yuksak bosqichga olib chiqamiz. Ishonchim komil, jonajon Vatanimizga mehr va sadoqat bilan yashayotgan, ilm-fan va kasb-hunarlarni puxta egallab, hozirgi murakkab zamondagi keskin raqobatga tayyor bo‘lib voyaga yetayotgan yoshlarimiz har qanday baland marrani egallashga qodir”, degan so‘zlari biz – yoshlarga kuch-quvvat, ishonch bag‘ishlab, katta mas’uliyat yuklaydi.  

Ishonamanki, dastur davomida olingan bilim va ko‘nikmalar biz yoshlarga Yangi O‘zbekistonni bunyod etishda o‘zimizning shijoatimiz, bilim va kuch-g‘ayratimizni fidokorona mehnatimiz bilan safarbar etishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Yurtboshimizning doimiy g‘amxo‘rligi va yaratib berayotgan sharoitlaridan unumli foydalangan holda, jonajon yurtimiz taraqqiyoti yo‘lida bor kuch va g‘ayratimizni sarflayveramiz.  

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish