Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Ashxobodda kurash bo‘yicha jahon chempionati boshlanmoqda

25.11.2023 1290

Bugun, 25-noyabr kuni Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida milliy qadriyatlarimizning nodir durdonasi hisoblangan kurash bo‘yicha kattalar o‘rtasida jahon chempionati boshlanadi.

O‘n to‘rtinchi jahon chempionatida 53 davlatdan 243 nafar kurashchi chempionlik uchun gilamga chiqadi.

Erkaklar 7, ayollar esa 8 vazn toifasida jahon chempionati medallari uchun bahslarga kirishadi.

Nufuzli musobaqada kurash vatani O‘zbekiston terma jamoasi dunyo birinchiligida to‘liq tarkib bilan ishtirok etishga hozirlik ko‘rmoqda.

Jahon chempionati bellashuvlarida Ulbusin Hakimova, Hilola Ortiqboyeva, Ibodatxon Agajanova, Muxlisa Kadirberganova, Malikaxon Qahhorova, Filura Ergasheva, Pokizaxon Kamoliddinova, Marjona Ro‘ziyeva ayollar o‘rtasidagi bahslarda ishtirok etsa, Abdulaziz Hamroyev, Chori Zoirov, Hamidjon Haydarov, Umidjon Esonov, Erkin Qozoqov, Jamshid Mamatrahimov va Muhsin Hisomiddinov erkaklar o‘rtasidagi bahslarda Vatanimiz sharafini himoya qiladi.

Bugun kun davomida Xalqaro kurash assotsiatsiyasining kongress, ijroqo‘m yig‘ilishlari tashkil etiladi. Mazkur anjumanlarda kurashning xalqaro rivoji, assotsiatsiya tizimidagi tashkilotlarning joriy yil davomidagi faoliyati, kelgusi yilgi rejalar, kurash bo‘yicha dunyo miqyosida o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalar, seminarlar, xalqaro o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari taqvimi ko‘rib chiqiladi.

Chempionat musobaqalari 28-noyabrga qadar davom etadi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Hindistonning Puna shahrida o‘tgan 13-jahon chempionatida mamlakatimiz terma jamoasi a’zolari jami 7 ta oltin, 4 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida 1-o‘rinni egallagan edi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish