Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

SULUVQO‘RG‘ON – 5 KARRA CHEMPION

7.8.2026 304

Muhammadshukur MUHAMMADJONOV, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Paxtachi tumani Suluvqo‘rg‘on mahallasida yashovchi 24 yoshli Baxtiyor Yarashev tadbirli, o‘z g‘oyasiga ega yoshlardan. Uning tashabbusini mahalla yoshlar yetakchisi Elbek Xudoyqulov qo‘llab-quvvatladi. Mas’ul tashkilotlar bilan bog‘ladi, imkoniyatlardan foydalanish yo‘llarini ko‘rsatdi, maslahat va amaliy ko‘mak berdi. Natijada qariyb 30 gektar maydonda baliqchilik ko‘llari tashkil etilib, 12 nafar ishsiz yosh doimiy ish bilan ta’minlandi.

– Oldin shunchaki niyat qilardim xolos, – deydi  Baxtiyor Yarashev. – Lekin Elbek aka imkoniyatlar borligini tushuntirdi, hujjatlarimni rasmiylashtirishda yo‘l-yo‘riq ko‘rsatdi, mutasaddilar bilan uchrashtirdi. Bugun o‘zimning ishim bor, eng muhimi, yana o‘nlab tengdoshlarim bilan birga mehnat qilyapmiz. Endi maqsadimiz baliqchilikni yanada kengaytirish va yangi ish o‘rinlari yaratish.

Bu Suluvqo‘rg‘on mahallasida yoshlar bilan ishlash tizimi qanday yo‘lga qo‘yilganining yorqin namunasi. Mahallada bunday yoshlar soni 200 nafardan ziyodni tashkil etadi.

Suluvqo‘rg‘on mahallasi balansi:

Aholi: 2682 nafar;

Yoshlar: 637 nafar;

Xotin-qizlar: 308 nafar.

“Yashil” toifa: 506 nafar;

“Sariq” toifa: 126 nafar;

“Qizil” toifa: 5 nafar.

Mahalla drayveri: baliqchilik.

Yoshlar yetakchisining vazifasi faqat tadbir o‘tkazish yoki ro‘yxat yuritishdan iborat emas. Zamon yetakchidan tashabbuskorlikni, muammolarni joyida hal qilishni, har bir yigit-qizning qiziqishi va salohiyatini yuzaga chiqarishni talab qilmoqda.

Viloyatda birinchi, respublikada uchinchi!

Mahallada yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishga alohida e’tibor qaratilgan. Mini futbol, basketbol, voleybol, stol tennisi, shaxmat-shashka, “Zakovat” intellektual o‘yinlari, kitobxonlik tanlovlari va musiqiy kechalar muntazam o‘tkaziladi.

Natijalar esa e’tiborga molik. Suluvqo‘rg‘on yoshlari “Besh tashabbus olimpiadasi”ning tuman bosqichlarida 32 ta oltin, 5 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi. Ushbu natija bilan mahalla Samarqand viloyatida birinchi, respublika miqyosida esa uchinchi o‘rinni egallab turibdi. Eng e’tiborlisi, mahalla yoshlari shu kungacha besh marotaba respublika chempioni bo‘lgan. Yutuqlar evaziga mahallada universal sport maydoni va vorkout majmuasi qurib berildi.

53 nafar yosh band qilindi

Mahallada bandlik masalasiga kompleks yondashilgan. Prezidentning tegishli qarori asosida 53 nafar ishsiz yoshga uzoq muddatli ijara asosida yer ajratildi. Mavsumiy ekinlar ekib, yiliga 2-3 martadan hosil olayotgan yoshlar ham bor. Ular dehqonchilik va boshqa yo‘nalishlarda daromad topishni boshladi. Tadbirkorlik qilish istagidagi 48 nafar yoshga hokim yordamchisi bilan hamkorlikda 1 milliard 220 million so‘m miqdorida imtiyozli kredit ajratildi.

Tahlillar ko‘rsatadiki, Suluvqo‘rg‘onda yoshlar bilan ishlashning asosiy ustuni – manzilli yondashuv. Har bir yoshning muammosi alohida o‘rganiladi, qiziqishidan kelib chiqib imkoniyat yaratiladi.

Joriy yilda mahallada 3 nafar ishsiz yosh aniqlanib, tuman Investitsiya, sanoat va savdo boʻlimi boshligʻiga biriktirildi. Masʼul rahbar ular bilan muntazam uchrashib, qiziqishi va kasbiy salohiyatini oʻrgandi. Har biriga mos yoʻnalish tanlanib, tadbirkorlikni boshlash, ishga joylashtirish hamda davlat dasturlari orqali qoʻllab-quvvatlash yuzasidan amaliy choralar koʻrildi.

Ichki ishlar organlarining profilaktik nazoratida boʻlgan 5 nafar yosh Paxtachi tumani IIB boshligʻi oʻrinbosari, jamoat xavfsizligi boʻlimi boshligʻiga otaliqqa biriktirilgan. Ular bilan individual suhbatlar oʻtkazilib, oilaviy va ijtimoiy muammolari oʻrganildi, bandligini taʼminlash, kasb-hunarga yoʻnaltirish hamda boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Jinoyatchilikdan xoli mahalla

Sektor rahbarlari va mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlik mahallada yoshlar jinoyatchiligiga to‘liq barham berdi. Hozir Suluvqo‘rg‘on mahallasi “qizil” toifadan “yashil” toifaga o‘tdi.

Har bir yoshning qiziqishi, orzusi va imkoniyatini o‘rganishga harakat qilamiz. Bizning vazifamiz ularni kerakli tashkilotlar bilan bog‘lash, davlat yaratgan imkoniyatlardan foydalanishiga ko‘maklashishdir. Baxtiyorning baliqchilik loyihasi ham shunday amalga oshdi. Mahallamizda muammoli yoki ishsiz yoshlarni mas’ul rahbarlarga biriktirib, ular bilan individual ishlash tizimini yo‘lga qo‘yganmiz. Natijada ko‘plab yoshlar doimiy ishga joylashdi, tadbirkorlikni boshladi yoki kasb-hunar egalladi, – deydi Elbek Xudoyqulov.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish