Ilm-fan va ta’lim-tarbiya rivoji dunyo tamaddunlariga asos. Tinchlik va farovonlik hukum surgan jamiyatda esa ilm-fanga rag‘bat va yosh avlod ta’lim- tarbiyasiga e’tibor kuchayadi. Bu muhit tabiiy ravishda ilm va ma’rifat ahlini o‘ziga ohanrabodek tortishi haqiqat. Bugungi kunda yurtimizda Uchinchi Renessans poydevorini bunyod etish borasida uzluksiz ta’lim tizimi, xususan, oliy ta’lim va ilm-fan sohasini modernizatsiya qilish, xalqaro akademik integratsiyani kuchaytirish borasidagi izchil islohotlar o‘z samarasini bermoqda. Bunda ayniqsa, xizmatlar ko‘rsatish sohalarini ham o‘zaro integratsiya qilgan holda davlat xizmatlarini raqamlashtirish bo‘yicha amaliyotga tatbiq etilayotgan yangiliklar e’tiborlidir. Ana shunday muhim qadamlardan biri sifatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 9-apreldagi 161-son qarori bilan «Xorijiy davlatlarda ilmiy daraja olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni tan olish bo‘yicha davlat xizmatini ko‘rsatishning Ma’muriy reglamenti» tasdiqlandi.
Mazkur hujjat xorijiy mamlakatlarda falsafa doktori (PhD), fan doktori (DSc) va ularga tenglashtirilgan ilmiy darajalarni olgan shaxslarning huquqiy maqomini aniq belgilash, davlat xizmatlarini soddalashtirish va jarayonlarni raqamlashtirishga qaratilgan.
Yangi reglamentning asosiy vazifasi xorijiy davlatlarda olingan ilmiy darajalarni tan olish jarayonini shaffof, raqamli va yagona mexanizm asosida tashkil etishdan iborat. Bunda davlat xizmati to‘liq raqamlashtirildi; murojaatlarni onlayn qabul qilish yo‘lga qo‘yildi; hujjatlarni ko‘rib chiqish bosqichlari aniq belgilandi; talabgorlarning huquqlari kafolatlandi; qarorlar yuzasidan apellyasiya berish mexanizmi takomillashtirildi.
Avvalgi tartib qanday edi?
Xorijiy mamlakatlarda falsafa doktori (PhD), fan doktori (DSc) va ularga tenglashtirilgan ilmiy darajalarni nostrifikatsiya qilish yuzasidan murojaat qilingandan so‘ng hujjatlar o‘rganilishi holatini onlayn kuzatish imkoniyati cheklangani talabgorlarda ko‘plab savolarni yuzaga keltirgani rost. “Hujjatlarimda kamchilik yo‘qmikan?”, “yana qanday talablar qo‘yilishi mumkin?”, “qachon tasdiqlanadi?”, “tasdiqlanmasa qayta murojaat qilish mumkinmi”,... kabi savollar ochiq qolgani bois qaror qabul qilish jarayonlari aholi uchun yetarli darajada ochiq emasdi. Murojaatchilar uchun qulay elektron xizmatlar ko‘rsatish tizimi faoliyati to‘liq yo‘lga qo‘yilmagani esa yana ortiqchi tashvishlar tug‘dirgani tabiiy. Natijada ayrim holatlarda hujjatlarni taqdim etish, ularning ko‘rib chiqilishini kuzatish va natijani olish jarayoni ortiqcha vaqt va tashkiliy xarajatlarni talab qilardi...
Yangiliklar va afzalliklar nimada?
Bugungi kunda yurtimizning barcha tuman, shaharlarida faoliyat ko‘rsatayotgan Davlat xizmatlari markazlari orqali tegishli hujjatingizni ham nostrifiqatsiyalash bo‘yicha xizmat ko‘rsatish mexanizmi to‘liq shakllandi. Eng muhim yangiliklardan biri xorijiy davlatlarda olingan ilmiy darajalar to‘g‘risidagi hujjatni nostirifikatsiyadan o‘tkazish xizmatining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ko‘rsatilishi hisoblanadi. Endilikda talabgor uyidan chiqmagan holda mazkur masala bo‘yicha davlat idorasigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri murojaat qilishiga imkoniyat yaratildi. Bunda talabgor hujjatlarini elektron shaklda yuborishi; ko‘rib chiqish jarayonini onlayn kuzatishi; qabul qilingan qarorni elektron shaklda olishi mumkin. Bu davlat xizmatlarini inson omilidan xoli qilishga va ortiqcha byurokratik jarayonlarni qisqartirishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir. Ikkinchidan, murojaatchilar uchun qulayliklar kengaydi. Endi yangi tartibga muvofiq murojaatchi davlat xizmatlari markazi orqali yoki mustaqil ravishda YAIDXP orqali hujjatlarini nostirifikatsiyalash yuzasidan murojaat qilishi mumkin. Ahamiyatlisi, bunda mamlakatning istalgan hududida yashovchi shaxslarga teng imkoniyat yaratiladi.
Yana bir muhim jihat, yangi tartibga ko‘ra ortiqcha hujjat talab qilish taqiqlandi. Ya’ni, Reglamentda talab qilinadigan hujjatlar aniq belgilab qo‘yilgan bo‘lib, mazkur ro‘yxatdan tashqari ma’lumot yoki hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi. Bu esa korrupsiyaviy omillarni kamaytirishga xizmat qilishi tabiiy.
E’tiborlisi, mazkur jarayonda xizmat ko‘rsatish muddatlarining aniq belgilangani ham ahamiyatlidir. Yangi tartibda har bir bosqich uchun muayyan muddatlar ko‘rsatilgan. Jumladan, hujjatlarni tekshirish, tashqi tasdiqlash ishlari, ekspert xulosasini tayyorlash va qaror qabul qilish jarayonlari uchun aniq vaqt chegaralari o‘rnatildi. Bu murojaatchilarning aniq muddat bo‘yicha huquqiy talabini kafolatlaydi.
Yangi reglamentga ko‘ra, tegishli talablarga muvofiq olingan ilmiy daraja to‘g‘risidagi diplomlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olish instituti ham kengaydi. Bunda eng muhim afzalliklaridan biri ayrim holatlarda ilmiy darajalarni ekspertizasiz tan olish mexanizmi aniq belgilandi. Xususan, xalqaro reytinglarda 300-o‘ringacha bo‘lgan nufuzli universitetlar; davlat dasturlari asosida xorijda tahsil olganlar; «El-yurt umidi» jamg‘armasi orqali o‘qiganlar uchun soddalashtirilgan tartib joriy qilindi. Bu ilmiy kadrlarning mamlakatga qaytishi va o‘z faoliyatini tez boshlashini ta’minlashga xizmat qilayotgani bilan yanada ahamiyatlidir.
O‘z o‘rnida ta’kidlash joizki, avvalgi amaliyotda asosiy e’tibor qog‘oz hujjatlarga qaratilgan bo‘lsa, endi tan olish to‘g‘risidagi guvohnomaning elektron shakli ham rasmiy yuridik kuchga ega bo‘ldi. Bu holat hujjat yo‘qolishining oldini olish, tekshirish jarayonlarini yengillashtirish, elektron hukumat tizimi bilan integratsiyani ta’minlamoqda. Yangi tartibga ko‘ra murojaatchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida aniq apellyasiya tartibi belgilangani ham alohida e’tirofga loyiq. Endi talabgor hujjatlari qaysidir bosqichda tushunarsiz sabablarga ko‘ra ko‘rilmaganda ikki oy ichida apellyasiya berishi, mustaqil Apellyasiya komissiyasi tashkil etilishini talab qilishi mumkin bo‘ldi. Shunda ham e’tirozlar yuzaga kelsa, ish sud tartibida ko‘rib chiqilishga huquqiy asoslar yaratildi. Ushbu tartib-qoidalar qarorlarning adolatli qabul qilinishiga xizmat qiladi.
Inson kapitali harakatchanligiga rag‘bat kuchaydi
Mazkur qaror bir vaqtning o‘zida bir nechta strategik vazifalarni hal qiladi. Birinchi navbatda, u O‘zbekistonning xalqaro akademik makonga integratsiyasini kuchaytirishga xizmat qilishi shubhasiz. Ya’ni, hozirda xorijda ta’lim olgan olimlar o‘z ilmiy salohiyatini mamlakat rivojiga tezroq yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Ikkinchidan, raqamlashtirish hisobiga davlat organlari faoliyatining ochiqligi va hisobdorligi oshadi. Eng muhimi, ilm-fanga qiziquvchi yoshlarda xalqaro reytinglarda yuqori o‘rinda turgan universitetlarda tahsil olishga ehtiyoj kuchayadi, chunki bunday muassasalarda olingan ilmiy darajalar to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olinishi belgilandi. Bu bilan ilm-fan sohasida inson kapitali harakatchanligi rag‘batlantirilishiga va mamlakatning intellektual salohiyati yuksalishiga sharoit yaratildi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, Vazirlar Mahkamasining 2026 yil 9-apreldagi 161-son qarori xorijiy davlatlarda olingan ilmiy darajalarni tan olish tizimini yangi bosqichga olib chiqqan muhim normativ-huquqiy hujjat hisoblanadi. Avvalgi tartib bilan solishtirganda mazkur reglamentning asosiy ustunliklari sifatida davlat xizmatining raqamlashtirilgani, murojaatchilar uchun qulay mexanizmlar yaratilgani, ortiqcha byurokratik talablar qisqartirilgani, muddatlarning aniq belgilangani, to‘g‘ridan-to‘g‘ri tan olish institutining rivojlantirilgani va apellyasiya mexanizmlarining takomillashtirilganini qayd etish mumkin.
Ushbu yangiliklar nafaqat xorijda ilmiy daraja olgan mutaxassislar manfaatlarini himoya qiladi, balki mamlakatning ilm-fan sohasidagi xalqaro raqobatbardoshligini oshirishga ham xizmat qilishi shubhasiz.
