Birgina tashabbus butun mahallaning iqtisodiy qiyofasini o‘zgartira oladimi? Farg‘ona tumanidagi mahallada bu savolga allaqachon javob topilgan. Sanoat mahallasida 31 nafar ishsiz yoshga berilgan 6 gektar yer bugun butun mahallaning malinachilik klasteriga asos bo‘ldi.
Mahallada yoshlar bandligini ta’minlash masalasi har doim dolzarb bo‘lib kelgan. Ayniqsa, ish izlab yurgan, lekin imkon topa olmayotgan yigit-qizlar uchun aniq yechim zarur edi. Ana shunday vaziyatda yoshlar yetakchisi Maftuna Ahmadjonovaning tashabbusi muhim burilish yasadi. Uning sa’y-harakatlari bilan 31 nafar ishsiz yoshga jami 6 gektar yer maydoni ajratib berildi. Dastlab bu tashabbus oddiy tajriba sifatida boshlangan bo‘lsa-da, qisqa fursatda o‘z samarasini bera boshladi. Yoshlar yerga ishlov berib, malinachilikni yo‘lga qo‘ydi. Dastlabki mavsumning o‘zidayoq har bir yosh o‘rtacha 6 milliondan daromadga erishdi.
– 20 sotix yer maydoniga malina ekdim. Ko‘chatlar hali yangi bo‘lgani uchun hosil kamroq bo‘ldi. Shunga qaramay, birinchi mavsumning o‘zidayoq 6 million so‘mdan ortiq sof daromad olishga erishdim. 20 sotix maydondan o‘rtacha 300–400 kilogramm atrofida hosil oldik. Bu hali boshlanishi. Malinazor to‘liq kuchga kirgach, hosildorlik 2-3 baravargacha oshadi. Kelgusi yillarda daromadimiz ham ko‘payadi, – deydi 22 yoshli Muhammadali Yo‘ldoshev.
Mutaxassislar fikricha, malinachilik yuqori daromad keltiruvchi yo‘nalishlardan biri bo‘lib, uni klaster asosida rivojlantirish katta foyda olib keladi. Sanoat mahallasida aynan shu model shakllanayotgani e’tirofga loyiq.
Bugun bu tashabbus 31 nafar yoshning hayotini o‘zgartirdi. Kelgusida esa ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy etish rejalashtirilmoqda. Yoshlar yetakchisi Maftunaning faoliyatiga nazar tashlasak, u muammoni aniqlash, resurs topish va natijaga yo‘naltirilgan ishlash tizimini yo‘lga qo‘yganini ko‘rish mumkin.
Avvalo, mahalla yoshlari xatlovdan o‘tkazilib, mahalla balansi va ishsiz yoshlar bazasi shakllantirildi. Ularning qiziqish va imkoniyatlari o‘rganildi. Ishsizlikni kamaytirish choralari izlana boshlandi. Yer ajratish orqali bandlikni ta’minlash esa muammoning yechimi bo‘ldi.
Sanoat mahallasi balansi:
Aholi: 2701 nafar;
Yoshlar: 1386 nafar;
Xotin-qizlar: 714 nafar;
“Yashil” toifa: 384 nafar;
“Sariq” toifa: 176 nafar;
“Qizil” toifa: 11 nafar;
Mahalla drayveri: malinachilik va uzumchilik.
– Bu yil yana 20 nafar yoshni yer bilan ta’minlab, ularni malinachilik faoliyatiga jalb qilishni rejalashtirganmiz. Hozirning o‘zida bu borada amaliy ishlar boshlab yuborildi. Yer maydonlarini aniqlash, yoshlarni saralash va ularni ushbu yo‘nalishga tayyorlash ishlari olib borilmoqda. Biz faqat yer ajratish bilan cheklanib qolmoqchi emasmiz. Yoshlarga malinachilik sirlarini o‘rgatish, ularga agronomlik maslahatlarini berish, tajribali mutaxassislarni jalb qilish orqali jarayonni yo‘lga qo‘yish, Sanoat mahallasida malinachilik klasteri yaratishni maqsad qilganmi, – deydi Maftuna Ahmadjonova.
Maftuna faqat tashabbus ko‘rsatish bilan cheklanib qolmadi. Yoshlar bilan doimiy muloqot, ularni rag‘batlantirish, kerakli maslahatlar berish orqali jarayonni nazorat qilib bordi. Aslida bu misol mahallalardagi yoshlar yetakchisi tizimining imkoniyatlarini yaqqol namoyon etadi. Bugungi kunda ushbu tizim orqali yoshlar bandligini ta’minlash, ularni tadbirkorlikka jalb etish, ijtimoiy faolligini oshirish bo‘yicha keng imkoniyatlar yaratilgan.
Sanoat mahallasida boshlangan tashabbus samarali model sifatida e’tirof etishga arziydi. To‘g‘ri yondashuv orqali kichik imkoniyatlar ham katta natijalar olib keladi.
Individual ishlash mexanizmi
Maftuna Ahmadjonovaning faoliyati faqat iqtisodiy loyihalar bilan cheklanib qolmaydi. Uning ish uslubida har bir yosh bilan individual ishlash, ayniqsa “og‘ir toifa”ga kiruvchi yoshlarni qo‘llab-quvvatlash muhim o‘rin tutadi. Xatlov jarayonlarida mahallada davlat ko‘magiga muhtoj 6 nafar yosh aniqlangan. Ular Farg‘ona tumani hokimi Hamidullo Inomovga biriktirilib, manzilli ishlash yo‘lga qo‘yilgan. Natijada ularning ayrimlari doimiy ish bilan ta’minlangan, boshqalariga esa kredit ajratilib, o‘z faoliyatini boshlash imkoniyati yaratilgan.
Shuningdek, yoshlar bandligini ta’minlash faqat yer ajratish bilangina emas, ularning qiziqishlaridan kelib chiqib o‘zini o‘zi band qilishiga erishish orqali ham amalga oshirilyapti. O‘tgan 2025-yilda 14 nafar yosh aynan shu yo‘l bilan mustaqil daromad topishga kirishgan.
Yana bir e’tiborli jihat migratsiyadagi yoshlar bilan bilan ishlash tizimidir. Mahallada 35 nafar yosh xorijda mehnat qilayotgani aniqlanib, ular bilan muntazam aloqa o‘rnatilgan. Ularning oila a’zolari bilan doimiy muloqot olib borilishi, muammolari o‘rganilishi va qaytib kelgan yoshlarni ish bilan ta’minlash choralari ko‘rilayotgani tizimli yondashuvning yana bir ko‘rinishidir.
“Yoshlar daftari” orqali ijtimoiy muammolarni hal etish ham e’tibordan chetda qolmagan. Jumladan, ehtiyojmand yoshlarning 2 nafariga kontrakt to‘lovlarini to‘lab berish orqali ularning ta’lim olishiga ko‘maklashilgan.
Huquqbuzarlikning oldini olish borasida esa profilaktika inspektori Ravshanbek Madmarov bilan hamkorlikda “Harakatlar rejasi” ishlab chiqildi. Har hafta o‘tkaziladigan profilaktik suhbatlar, “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosidagi tadbirlar yoshlar o‘rtasida sog‘lom muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda. Sport, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, harbiy-vatanparvarlik yo‘nalishidagi sayohatlar, tungi sport mashg‘ulotlari yoshlarni ijtimoiy faollikka undayapti. Ushbu tadbirlarga jami 260 nafar yosh qamrab olingan.
Iqtidorli yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan. “Besh tashabbus olimpiadasi”, turli tanlovlar va loyihalar orqali yoshlar o‘z imkoniyatlarini namoyon etmoqda. Masalan, mahalla yoshlaridan biri Islomjon Abdug‘aniyev shaxmat bo‘yicha “Dolzarb 90 kunlik” tadbirlari tuman bosqichida hamda tuman hokimi tomonidan o‘tkazilgan musobaqada g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Bundan tashqari, zamonaviy kasblar va xorijiy tillarni o‘rganishga ham alohida e’tibor qaratilyapti. Xorijiy tillarni o‘rganish, AT va sun’iy intellekt asoslari, kitobxonlik, shaxmat kabi yo‘nalishlarda yuzlab yoshlar maxsus loyihalarga jalb etilgan.
