Toshkent fotosuratlar uyi qoshidagi ijodiy fotografiya maktab studiyasi bitiruvchilarining an’anaviy hisobot ko‘rgazmasi tashkil etildi. Namoyishga taqdim qilingan ko‘cha fotosurati, badiiy potret, ijtimoiy fotografiya, landshaft, natyurmort, abstraksiya, reportaj kabi janrlardagi fotosuratlar 35 nafar bitiruvchilarning mashg‘ulotlari natijalari bo‘lib, ko‘rgazmada ularning 9 nafari ishtirok etishdi. Fotoko‘rgazmada hayotimiz, madaniyatimizdan ko‘plab lavhalar aks etgan.
– Ko‘rgazmaga maktab o‘quv jarayonidagi eksperimental yangilik sifatida ikkita fotoloyiha ham taqdim etilgan, – deydi Toshkent fotosuratlar uyi qoshidagi ijodiy fotografiya maktab studiyasi rahbari Rusudan Xubutiya.
“Antizaiflik” fotoloyihasi mualliflari ta’kidlaganidek, jamiyatimizda har bir insonning o‘ziga xosligi va iste’dodini qafasga solib jimlik va iymanish madaniyati hukm surmoqda. Ko‘zga tashlanmaslik, umumiy qabul qilingan va belgilangan tizimga rioya qilish haqiqiy istaklarimizni bo‘g‘ish odat tusiga kirib ijtimoiy muhit qoidalariga ko‘nikib bormoqdamiz.
Nigora Qurbonova fotosurat vaqtni bir lahzada muzlatib qo‘yish va har bir ko‘rinishda go‘zallikni qo‘lga kiritish imkoniyatini berishi to‘g‘risidagi fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.