Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Qishloqdagi yosh ustoz

23.7.2026 148

Dildora TUROBJONOVA, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Ko‘plab yoshlar yaxshi ta’lim, yuqori maosh va kengroq imkoniyatlar izlab katta shaharlarga intiladi. Bu tabiiy hol. Biroq ayrim yoshlar o‘z yo‘lini boshqacharoq tanlaydi. Ular imkoniyatni o‘zlari yashayotgan hududda yaratishga harakat qiladi. Yakkabog‘lik yosh muallima Mo‘tabar Buxorovaning hikoyasi ham aynan shunday tanlov haqida. Qashqadaryo viloyati Yakkabog‘ tumanining Imom Yoqub qishlog‘ida yashovchi qahramonimiz bir necha yildan buyon bolalarga matematika fanidan qo‘shimcha dars berib keladi. Ijtimoiy tarmoqlarda uning matematik mavzularni sodda va hayotiy misollar orqali tushuntirishi ko‘pchilikning e’tiborini tortgan.

Mo‘tabar ziyoli oilada voyaga yetgan, onasi qariyb o‘ttiz yildan buyon matematika fanidan dars beradi. Yoshligidan onasining o‘quvchilar bilan ishlashini kuzatib ulg‘aygan qiz uchun ta’lim muhiti begona emas edi.

Qahramonimiz bolalarga dars berish g‘oyasi qanday paydo bo‘lgani, turmushidagi ilk yillar, farzandi bilan bog‘liq tashvishlar haqida shunday eslaydi:

– Turmushga chiqqanidan keyin ham kitobdan, ilm olishdan uzoqlashishni istamaganman, biroq farzandli bo‘lgach, bor e’tiborimni unga qaratishga to‘g‘ri keldi. Qizim tez-tez kasal bo‘lib qolardi, bu men uchun eng stressli davr bo‘lgan. Yoshman, uning ustiga hissiyotga beriluvchan bo‘lganim uchun bolamning harorati ozgina ko‘tarilsa ham vahimaga tushardim. Ruhiy holatimga bu ancha jiddiy ta’sir qilayotganini sezardim, meni biroz chalg‘itadigan mashg‘ulot topsa, derdim. Shunda bolalarga dars berishni boshlash fikri paydo bo‘ldi.  Dastlab kuniga bir necha soat o‘quvchilar bilan ishlash fikrimni jamlashga yordam berar, farzandimning sog‘lig‘i haqidagi o‘ylardan biroz chalg‘itardi.

Ilk darslarimni uyda o‘tdim. Bu menga farzandimga yaqin bo‘lish, yo‘lga vaqt sarflamaslik va uy ishlarini ham qilish imkonini berdi. Biroq katta oilada yashashning o‘ziga xos qiyinchiliklari ham bo‘lgan. Ba’zan kutilmaganda mehmon kelib qolishi yoki uy yumushlari sabab noqulay vaziyatlarga duch kelardim. Darslarni vaqtida o‘tolmasam, vijdonim qiynalardi. Imkonsiz vaziyatlarda onamdan yordam so‘rardim. Chunki qolib ketgan dars o‘quvchilarimning haqqi deb hisoblayman.

Mo‘tabar unga yordam berib kelayotgani uchun oilasidan ham juda minnatdor. Onasi ba’zan dars mashg‘ulotlarini o‘tib bergan bo‘lsa, qaynotasi o‘quv markazi tayyorlab berib, uning faoliyati kengayishiga hissa qo‘shgan.

– Oila a’zolarim har doim faoliyatimni qo‘llab-quvvatlagan. O‘quvchilarim soni ortib, uydagi xona torlik qila boshlaganda qaynotam alohida bir joy qilib, jihozlab, dars o‘tish uchun joy tayyorlab berdi. Hozir ana shu shinamgina o‘quv maskanida bolalar bilan darslarimni davom ettiryapman. Bu uchun oilamga tashakkur deyman.

U faoliyatini kichik yoshdagi bolalar bilan boshlagan. Yosh o‘qituvchi dars jarayonida murakkab formulalardan ko‘ra mavzuning mohiyatini tushuntirishga harakat qiladi. O‘quvchilar mavzuni hayot bilan bog‘lay olsagina uni yaxshiroq o‘zlashtirishiga ishonadi. Aslida ham shunday. Bugun Mo‘tabar Buxorovaning shogirdlari yuzdan oshgan. Kelajakda yuqori sinf o‘quvchilari va abituriyentlar bilan ham ishlash niyatida, buning uchun esa hozir o‘z ustida ishlayotganini aytdi. U katta yoshdagi o‘quvchilar bilan ishlash yanada ko‘proq mas’uliyat, tajriba va mahorat talab qiladi deb hisoblaydi.

Mo‘tabarga turli joylardan ishlash takliflari bo‘lganiga qaramay, hozircha o‘z faoliyatini qishlog‘i bilan bog‘lagan. Mo‘tabar shahar markaziga qatnab o‘qishga imkon topa olmaydigan bolalarga yordam berishdan baxt topgan.

– Qishloqdagi ko‘plab bolalarning asosiy muammosi qobiliyat yoki qiziqishning yo‘qligida emas. U yerda iste’dodli, o‘qishga ishtiyoqmand bolalar bisyor. Ammo ko‘p hollarda ularning oldidagi eng katta to‘siq moliyaviy imkoniyatlarning cheklanganligi bo‘ladi. Kurslarga qatnash, qo‘shimcha kitob sotib ol, markazga qatnab o‘qi – bularning barchasi mablag‘ talab qiladi. Natijada ayrimlar o‘z salohiyatini namoyom etish imkonini topolmaydi.

U qishlog‘idagi ko‘plab oilalarning sharoitini yaxshi biladi. Ko‘p farzandli oilalar bor, hamma bolalarini o‘qitish ota-onalar uchun oson emas. Qishloq sharoitida ish o‘rinlari kam, ba’zilar kunlik mavsumiy mehnat bilan ro‘zg‘or tebratadi.

– Ota-onalar ba’zan kurs to‘lovi, hatto kitob xarid qilish uchun mablag‘ topolmaydi. Shunga qaramay, farzandlari o‘qishini xohlashining o‘zi meni quvontiradi. Bilim olishga, kitobga qiziqadiganlar ko‘p. Shu sababdan o‘zi arzon narxda dars o‘tishimga qaramay moliyaviy imkoniyati cheklangan, ammo o‘qishga qiziqishi va iqtidori bor bolalardan pul olmayman. Chunki o‘zim ham ko‘p farzandli oilada ulg‘ayganman, hammamiz bir vaqtda maktabga borardik. Barcha xarajatlarimizni qoplash oson emasdi.

Farzand tarbiyasida faqat moddiy ta’minot bilan cheklanib qolish yetarli emas. Bola bilan suhbatlashish, uning fikrlarini tinglash, qiziqishlariga e’tibor berish ham muhim ekanini aytadi qahramonimiz:

– Farzandingiz bilan ko‘proq gaplashing. Faqat qornini to‘ydirish yoki kiyintirish uchun emas, uning fikrlashi va hissiy dunyosiga ham mas’ul ekaningizni unutmang.

Undan orzulari haqida so‘raganimizda chinakam ziyoli ayol ekaniga yana bir bor amin bo‘ldik, uning uzoq yillik orzularidan biri – qishlog‘ida kutubxona tashkil etish:

– Bu oddiy kutubxona emas, ikki yoshli boladan tortib kattalargacha o‘ziga mos kitob topa oladigan bilim maskan bo‘lishini xohlayman. Chunki bolalarning ta’limga qiziqishi ko‘pincha darslik bilan emas, badiiy kitoblardan boshlanadi deb o‘ylayman. Ular ta’siridagina yangi orzular tug‘iladi, o‘zgacha dunyoqarash shakllanadi. Dunyoni o‘zgartiradigan g‘oyalar aynan ana shu kutubxonada paydo bo‘lishi ham mumkin. Buning uchun esa kutubxona yaratishda boshqalar ham yordam berishini, kitoblarni faqat o‘zim emas, balki qishloq ahli, nashriyotlar va kitobsevarlar bilan birgalikda yig‘ishni orzu qilaman.

Bugun Mo‘tabar o‘z faoliyatini rivojlantirish, kelajakda matematikani ingliz tilida ham o‘rgatish, o‘quvchilarini SAT imtihonlariga tayyorlashni maqsad qilgan.

– Bir necha yil oldin SAT imtihonlariga tayyorlanishni boshlagan edim. Bu yoshlarni xalqaro universitetlar, grant dasturlari va dunyoning turli mamlakatlaridagi ta’lim imkoniyatlariga olib boradigan yo‘l bo‘lishi mumkin. Ammo bu yo‘nalish yangi, hozircha faqat yirik o‘quv markazlarida o‘qitiladi, chekka hududlarga hali yetib bormagan. Mutaxassislar ham yetishmaydi. Hozircha tayyorgarlik jarayonidaman, lekin kelajakda SAT darslarini o‘tishni niyat qilganman. Qishloq sharoitidagi bolalari ham xalqaro universitetlarda o‘qishi, grantlarni qo‘lga kiritishi va dunyo bilan teng raqobatlasha olishi kerak.

Mo‘tabar Buxorova ham istasa shahardagi yuqori maosh tolanadigan xususiy maktablar yoki o‘quv markazlarda ishlashi mumkin edi. Ammo uning maqsadi pul topishdan ko‘ra oliyroq. U hozircha farzand tarbiyasi bilan band, shu bilan birga, qishlog‘idagi bolalardan ham farzandi qatorida bilimini, mehrini ayamaydi. Mo‘tabar Buxorova kabi fidoyi yoshlar bor ekan, chekka-chekka qishloqlarda ham imkoniyatlar paydo bo‘laveradi, bolalar ilm olaveradi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish