Ona hasratdan ko‘zyosh to‘kkanida odamdan boshqa dunyodagi barcha maxluqot “qiyomat bo‘lyapti” deb dod-faryod urarkan...
Tandirda non pishishini kutayotgan Sadafxon qo‘l yuvgich jo‘mrakning tepasiga ilingan toshoynadagi aksiga qarab turar edi: hayot sinovlari hammani ulg‘aytiradi, vaqti kelib qaritadi. O‘ttiz yil ilgari yosh, orzulari limmo-lim, ko‘zlari chaqnab turgan qishloq qizining ayni kunda ko‘zlari ma’yus, oyoqlari bemajol, shashti past. Bir paytlar sedana sepilgan nondek bo‘liq yuzlaridagi sepkillar, sog‘lom yuzlardan asar ham qolmagan: ikki chakkadagi ajinlar, qovoq ostidagi dog‘lar quyoshda kuygan yonoqlarini yanada bujmaytiribroq ko‘rsatardi.
Ammo Sadafxonning kayfiyati chog‘ bo‘lishiga sabab bor – bugun o‘qishdan ta’tilga chiqqan ikki farzandi shahardan qaytadi! Ayol baribir ayol-da. Qiladigan ishlari juda ko‘p. Uyga joy solib, ovqatga unnash kerak. Molxonadagi jonivorlar ham unga ko‘z tikib turibdi. Aksiga olib, eri daladagi ishlaridan xabar olgani qo‘shni qishloqqa ketgan. Pashshaxonani to‘g‘rilab qo‘ysalar, yaxshi bo‘lardi. Bolalar maza qilib uxlardi-da. “O‘g‘illarim ham tez katta bo‘lib ketdi. Biz, ota-ona esa birpasda qarilik ostonasiga yetib qolibmiz”...
Xayollarga berilib, nonni uzishni unutib qo‘yayozdi. Tandirga yugurdi. Xayriyat, kuymapti.
Oddiy qishloq ayoli qancha yumush bajarsa, Sadafxon ulardan bir chandon ko‘p ish qildi. Bolalarini voyaga yetkazish bilan birga ularga ilm o‘rgatdi. Bolalari shaharda bekam-u ko‘st o‘qishi, yashashi uchun sharoit yaratib berishdi. Shu xotiralarni esga olib, Sadafxon rejalashtirgan barcha ishlarni qilib tugatdi. Ammo dilbandlari ha deganda kelavermasdi.
Farzandlarini ko‘zi to‘rt bo‘lib, mushtoqlik bilan kutayotgan ona issiqdanmi yo charchoqdan, eshikdan kiraverishda qurilgan supaga cho‘zildi. Taxtadan yasalgan, bolalar osilib o‘ynayverganidan qiyshayib qolgan ko‘cha eshik oldida to‘rt-besh zumrasha baqir-chaqir qilib o‘ynaydi. Ularning ovozlarini eshitib yotgan Sadafxonni yana xayollar olib qochdi.
“Kattamning mo‘ylovlari chiqib qolgandir. Ammo kichigim undan ko‘ra abjirroq. Hoynahoy, akasi qolib, u qizlar bilan gaplashib yurgan bo‘lsa kerak. Dadasiga aytaman, bolalariga qizlardan uzoqroq yurishni tayinlab qo‘yadi. Hozir ular bor e’tiborni o‘qishga qaratishi kerak”...
Eshikdan kimdir “Sadafxon” deb chaqirdi. Qo‘shni Dilorom aya. Chaqiraverib, ovozi bo‘g‘ilib qolganidagina uni payqagan Sadafxon ro‘molini to‘g‘irlagancha yugurib chiqdi:
– Aya, chaqirmay kiravermaysizmi. Supaga cho‘zilib, ko‘zim ilinibdi, shekilli.
– Gulqizim (birgina Dilorom aya uni shunday chaqiradi), bu kovushim uyingga ko‘p kirgan. Tashqariga chiq, rayhonlaringning yonida bir hasratlashaylik, – deb kulib, ariq bo‘yiga qator qilib ekilgan gullar tomon yo‘naldi. Sadafxon shahardan bolalarini kutayotganini aytib, uning ketidan ergashdi.
– Qizginam, bolalaringni rayhon qilib o‘stirma, – qo‘shni ayol shunday deb gapni boshladi-yu keyin o‘z uyidagi muammolari, farzandlarining kam-u ko‘sti, ro‘zg‘or tashvishlari, sarf-xarajatlar haqida gapira ketdi.
Sadafxonning ko‘zlari doim yoshlanib turgani uchun uning yig‘lagani sezilmasdi. Dilorom aya bilan gurungdan keyin ona qalbi negadir qorong‘i xona kabi bo‘sh va tund bo‘lib qoldi.
Shunga qaramay, bolalarining sog‘inchi ustun kelib, uning yuzida yana nim tabassum paydo bo‘ldi. Sadafxon butun vujudi bilan diydor onlari yaqinlashayotganini sezardi. U adashmagan edi. Ona tanish ovozlar va oyoq tovushlarini eshitishi bilan eshik tomon shoshildi. Boshidagi bir uchi kuygan “tandir ro‘mol”i tushib qolganini ham sezmadi. Ona bolalarini ostonadayoq mahkam quchoqlagancha ancha vaqtgacha yig‘lab turdi.
– Yaxshi keldinglarmi? Voy, tavba, turgan joyimizni qaranglar. Yo‘l yurib, qorinlaring ham ochib ketgandir? Qani, ichkariga kiringlar, choy ustida gaplashamiz, – deya ularni uyga ergashtirdi.
Shu orada qo‘lida sara mevalar to‘ldirilgan xaltalar bilan xonadon boshlig‘i ham kelib qoldi. Hamma xontaxta atrofida jamlandi. U yoq-bu yoqdan gaplashishdi. Ammo savollarni faqat ota-ona berar, bolalar esa ularga zo‘rg‘a javob qaytarar, imkoni boricha suhbatdan qochishardi. Sadafxon ham, xo‘jayini ham bu holatni yo‘ldagi charchoq deb o‘yladi.
– Bolam, o‘qishlaring nima bo‘lyapti, qiynalmayapsanmi? – deya katta o‘g‘lidan hol-ahvol so‘radi ona kechki ovqatdan keyin. Ammo qulog‘iga kichkina quloqchin taqib olgan bola nuqul noutbukiga tikilib, bir narsalarni yozar, unda-munda kulib ham qo‘yardi. Sadafxon xo‘rsinib, bolaning boshini silab hovliga chiqib ketdi. Bola esa ijtimoiy tarmoqlar orqali do‘stlari bilan band bo‘lib, hatto onasini payqamadi ham. Shunda Sadafxon Dilorom ayaning “bolalaringni rayhon qilib o‘stirma”, degan gaplari mag‘zini tushundi. Rayhonning hidi bo‘lgani bilan u achchiq ham ekan...
Ertasiga ota farzandlarini ish bilan avrayman, deb dalaga olib bordi. Biroq shahar muhitiga o‘rganib qolgani uchunmi, bolalar dalaning oddiy ishlarini ham eplolmadi. Ota-ona qayerda xato qilganini o‘ylab siqilar, farzandlar esa o‘z “do‘stlar”i bilan zavqlanardi. Ta’til shu zaylda davom etardi.
Kunlarning birida ota daladagi hosilning bir qismini mashinaga ortib, shaharga jo‘nab ketdi. Kuni bilan kompyuterga termulib o‘tirgan erkatoylar kechqurun boshini yostiqqa qo‘yishi bilan uyquga ketdi.
Katta farzand yig‘i ovozidan uyg‘onib ketdi. Tashqaridan odamlarning ovozi eshitilardi. Ukasini turtdi, ammo u turmadi. Xonadan chiqib onasini izladi. Qo‘shni xonadagi ayollar – ammalari, xolalari, qo‘shnilari va boshqa notanish xotinlar oppoq ro‘mollarda, uvvos tortib yig‘lardi. Negadir otasi ko‘rinmasdi. Keyin hovliga chopon va do‘ppi kiyib, belbog‘ bog‘lagan, tobut ko‘targan odamlar kirib keldi. Bola hech narsani tushunmay bir chekkada qaqqayib turardi. Shu payt yurak urishi tezlashib, hovliqib, odamlar orasidan onasini qidira boshladi. Lekin topolmadi. Onasining xonasiga kirdi. Ko‘zi burchakdagi ko‘rpachaga yotqizib qo‘yilgan va ustiga oq choyshab yopilgan odamga tushganida tizzasi qaltirab ketdi. Murdaga shunday choyshab yopib qo‘yisharmidi? U qo‘rqqanidan sudralib jonsiz tana yoniga bordi. “Ishqilib, men o‘ylagan narsa bo‘lmasin”, deya yig‘lab yubordi. Qo‘li qaltirab, o‘likning bosh tarafidan choyshabni ocha boshladi. Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, onasi yotardi. Bola baqirdi, biroq uning ovozi chiqmadi. Ko‘zidan yosh tomgan vaqt qattiq qichqirdi va ... Uyg‘onib ketdi.
Eshikdan onasi yugurgilab kirib keldi. Bola tushida ayrilib qolgan volidayi muhtaramasini ko‘rib jon holatda o‘zini uning oyoqlari tagiga tashlab, o‘kirib yig‘ladi. Onasini tirik ko‘rganidan ko‘z yoshlarini to‘xtata olmadi.
Sadafxon va uning bolalari hayotidagi jiddiy o‘zgarishlar katta o‘g‘ilning shu tushidan so‘ng ro‘y berdi. Avval to‘ng‘ich farzand ota-onasiga munosabatini o‘zgartirdi. Ular nima desa “labbay” deb javob berib, barcha yumushlarga ko‘maklasha boshladi. Buni ko‘rib, kichik o‘g‘il ham unga taqlid qildi. Aka-uka dalaga chiqib, otasiga ham qarashdi.
Kuzning dastlabki kunlarida Sadafxon yana bolalarini shaharga kuzatish taraddudini ko‘ra boshladi. Ularning yo‘lxaltasiga tandirdan yangi uzilgan nonlarni joylar ekan, tag‘in toshoynadagi ko‘zlari yoshlangan aksini ko‘rdi. Bu sevinch yoshlari edi.