Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Bobom va otam qatag‘on qurboni bo‘lgan

6.12.2023 1245

Ibrohim oqsoqol bobo va uning farzandi Komil oqsoqol buvamiz qatag‘on davri qurbonlaridan edi...

Sobiq tuzum davrida qatag‘on siyosati tufayli ilmlilar, yer egalari, mulk egalari, diniy ulamolar, adolat va haqiqat uchun jon kuydirgan fidoyilarimiz, millatdoshlarimiz aybsiz-aybdor sifatida qatag‘on qilindi.

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 1930-1933-yillarda Sobiq ittifoq hududida 10 milliondan ortiq shaxs “Quloq” qilingan. 1934-1938-yillarda yurtdoshlarimizdan 40 mingdan ziyod kishi jazoga tortilib, shudan 730 nafari “xalq dushmani” degan tuhmat bilan otib tashlangan.

Bu davrda Bo‘ka tumanida ham qator hamyurtlarimiz aziyat chekkan. Usmon Jo‘rayevning “Bo‘ka tumani tarixidan sahifalar” nomli kitobida keltirilishicha, ya’ni “1917-yilgi Oktyabr to‘ntarishidan so‘ng Bo‘ka volosti ijroiya qo‘mitasi tuziladi. 1923-yilda Turkiston Respublikasining  zotli mollar va g‘allachilik sovxozlari bosh boshqarmasining 6-sonli Ko‘korol zotli mollar sovxozi tashkil etiladi. 1927-yil yer-suv islohotlari o‘tkazilib, Ibrohim oqsoqol, Mirzaxo‘ja boy, Raisbek oqsoqol kabi mulkdor (jami 17 kishi)ning yerlari tortib olinadi. 1928-1930-yillarda “G‘ayrat”, “Paxta uchun kurash”, “Qizil ketmonchi”, “Yorqin mehnat”, “Udarnik” va keyinchalik boshqa kolxoz(jamoa xo‘jaliklari)lar tuzilgan.

Kitobda keltirilgan yer egalaridan Ibrohim oqsoqol bizning bobomiz edi. Bu haqda Xadicha onamiz (1912-1986) qaynotasi Ibrohim buvamiz haqida quyidagilarni so‘zlab bergan edi:

“Qaynotam Ibrohim buvamiz, aka-ukalari ko‘pchilik bo‘lib, yer egalaridan edi. Omborlarida, yerto‘lalarida katta miqdorda bug‘doy va boshqa qishloq xo‘jalik mahsulotlari zaxirasi bo‘lardi... Katta qozonlarda taom pishirilar edi...

Bilsak, yer egalarining yerlari, mol-mulki va oziq-ovqat zaxiralari tortib olinib, qarshilik ko‘rsatganlar qamoqqa olinib, uzoq va sovuq Sibirga surgun qilinayotgani ekan. Lekin Ibrohim oqsoqol bobomiz bu voqealardan xabardor bo‘lib, hukumatga e’tiroz va qarshilik ko‘rsatmagan. Natijada sho‘rolar bobomizga hech qanday chora ko‘rmagan, ammo doimiy nazorat va qiynoq ostida tutib turgan. Bobomiz doshqozonlarda taom pishirib, muhtojlarga tarqatar, bundan xabar topgan sovetlar u kishini qiynoqlarga solishi natijasida bevaqt olamdan o‘tgan”...

Komil buvamiz jamoa xo‘jaligida xosilot, keyinchalik, Bo‘ka qishloq sovetiga rais, ya’ni oqsoqol etib saylanadi. Mahalliy aholi “Ibrohim oqsoqolning o‘g‘li Komil oqsoqol bo‘ldi”, deb etirof eta boshlaydi.

1995-yil sentabr oyida Ohangaronda tadbirkorlikni boshlagan ilk kunlarim edi. Do‘konimiz oldidagi daraxtzor orasida oppoq soqolli, istarali otaxon qo‘y boqib yurganini ko‘rib, unga havas qilib, salomlashish uchun oldilariga bordim. Otaxon salomimga alik olib, menga sinchkovlik bilan qaradi:

“Kimning o‘g‘lisan?”

“Men Ohangaronlik emas, Bo‘kalikman”.

“Bo‘kalik? Unda kimning nevarasisan?”

“Komil oqsoqol buvanining nevarasiman”.

“Ie, Komil oqsoqolning nevarasimisan!” – u shunday deb men bilan boshqatdan so‘rashdi.

“Komil oqsoqol buvamiz 1952-yili vafot etgan, siz taniysizmi?”

“Albatta, juda yaxshi taniyman!”...

Otaxonning aytishicha, u kishining otasi quloq qilinib, Bo‘kaga surgun qilingan ekan. Bo‘kada uysiz, yemaksiz qolganida Bo‘ka qishloq soveti raisi Komil buvamiz g‘amxo‘rlik qilib, ko‘p yordam bergan ekan. Ular 1949-yilgacha Bo‘kada yashagan ekan. “Hozir mana bu mahallada yashayman, ismim Pirmuhammad”, – deb so‘zini yakunladi otaxon.

Komil buvamizning to‘rt farzandi bo‘lib, kattasi mening otam – Esonboyhoji edi. Buvamiz o‘sha davr azoblari tufayli 1952-yilda 49 yoshida olamdan o‘tgan.

Otam Esonboy hoji Komilov 13 yoshida otasidan yetim qolib, qiyinchilik va mashaqqatlar bilan ulg‘ayadi. 1955-1959-yillarda Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikumida, 1965-1970 yillari Toshkent qishloq xo‘jalik institutida sirtdan o‘qiydi. Tuman “O‘simliklarni himoya qilish” korxonasida agronom, rahbar bo‘lib ishlaydi. 1983-1986 yillarda “Paxta ishi” bo‘yicha tergovga chaqirilib, jinoyat alomatlari aniqlanmay, tergov ishlari to‘xtatiladi.

1986 yili Xadicha buvimiz olamdan o‘tganda ayrim rayon rahbarlari “janaza namozi o‘qitmang, qabristonga bormang”, deydi. Ammo otam bunga qaramay onalariga janaza namozini uyda o‘qitib, qabrga o‘z qo‘llari bilan qo‘yadi...

Tuzumning ko‘p nohaqliklariga guvoh bo‘lgan otam 2016-yili olamdan o‘tdi.

Bunday sitamlarni ko‘p yurtdoshlarimiz o‘z tanasida his etgan va ularni also unutolmaydi. Tarixdan to‘g‘ri xulosa chiqarib, qaddimizni tiklash, farzandlarimizni faxr va g‘urur tuyg‘ulari bilan kamolga yetkazish oldimizdagi asosiy vazifalardan deb o‘ylayman.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish