Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llash - odil sudlovning o‘zagi

20.5.2024 2571

X.Abduraimov Izboskan tumanlararo iqtisodiy sudi sudyasi

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatimizning asosiy qonuni bo‘lib, u davlat tuzulishini, hokimiyat va boshqaruv organlari tizimini, ularning vakolati hamda shakllantirish tartibi, saylov tizimi, fuqarolarning huquq va erkinliklari, jamiyat va shaxsning o‘zaro munosabatlari, shuningdek, sud tizimini hamda davlat va jamiyatning o‘zaro munosabatlarini belgilab beradi. 

Davlatimiz rahbari Sh.Mirziyeyov tomonidan Konstitutsiyamiz to‘g‘risida shunday fikr bildirilgan. “To‘la ishonch bilan aytishim mumkinki, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqimiz siyosiy-huquqiy tafakkurining yuksak namunasidir. U hech kimga qaram bo‘lmasdan, erkin va ozod, tinch va osoyishta, farovon yashashning qonuniy kafolati bo‘lib kelmoqda. Bozor munosabatlariga asoslangan huquqiy demokratik davlat, kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish borasida mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.”

Bosh qomusimizning 15-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi deb ko‘rsatilgan.

Mazkur moddadan kelib chiqib, bugungi kunda sudlarda ham Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash orqali adolatli sud qarorlari qabul qilish masalasiga jiddiy e’tibor qaratilmoqda. Xususan, sudlar tomonidan konstitutsiyaviy normalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishi orqali inson huquqlariga oid kafolatlarni to‘laqonli ta’minlash maqsadida, 2023 yil 23 iyunda Oliy sud Plenumining “Odil sudlovni amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi normalarini to‘g‘ridan to‘g‘ri qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Mazkur Plenum qarorining 5-bandida Konstitutsiyaning 20-moddasida insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qilishi; insonning huquq va erkinliklari davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini tashkil etishi belgilangan. Shunga ko‘ra, sudlar davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari bilan munosabatlarda inson huquqlarining samarali himoya qilinishini ta’minlash maqsadida mazkur organlar va ularning mansabdor shaxslari tomonidan insonga nisbatan huquqiy ta’sir choralarini qo‘llashda Konstitutsiya belgilangan mutanosiblik prinsipiga rioya qilinganligini tekshirishlari lozim. Bunda inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi. Shuningdek, Konstitutsiyaning 55-moddasida davlat organlari yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, xarkatlari yoki xarakatsizligi oqibatida yetkazilgan zarar ixtiyoriy ravishda qoplanmagan taqdirda, uning o‘rni manfaatdor shaxsning arizasiga asosan sud tatibida davlat tomonidan qoplanishi kafolatlanganligi inobatga olinishi lozimligi belgilab qo‘yildi.

Shunga ko‘ra, sudlar ko‘rib chiqilayotgan nizolarni hal etishda, mazkur huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi qonun va boshqa normativ hujjatning mazmunini baholashi va Konstitutsiya normalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi oliy yuridik kuchga ega normativ-huquqiy asos sifatida qo‘llashi lozim.

Shu o‘rinda iqtisodiy sudi amaliyotidan kelib chiqib, bitta misolga to‘xtalsak. Da’vogar “AAA” jamiyati sudga murojaat qilib, “BBB” jamiyatiga nisbatan mas’uliyati cheklangan jamiyati hisobidan 39 372 480 so‘m asosiy qarz undirib berishni so‘ragan. Aniqlanishicha, da’vogar va javobgar o‘rtasida 2023 yil 01 iyun kuni avtoklavlangan gazbeton bloklariyetkazib berish to‘g‘risida” 51-sonli shartnoma (bundan buyon matnda “Shartnoma”) tuzilgan.

Mazkur shartnomaning 1.1-bandiga asosan da’vogar umumiy qiymati 620 000 000 so‘mlik avtoklavlangan gazbeton bloklari yetkazib berishi, javobgar esa yetkazib berilgan mahsulotni qabul qilish va haqqini to‘lash majburiyatini olgan.

Shartnomaga asosan da’vogar javobgarga 2023 yil 06 dekabrdagi 795-sonli elektron hisobvaraq-fakturaga asosan 39 372 480 so‘mlik avtoklavlangan gazbeton bloklarini yetkazib bergan.

Biroq, javobgar tomonidan shartnoma shartlari bajarilmasdan, yetkazib berilgan mahsulotlar uchun 39 429 457 so‘m to‘lovni amalga oshirmagan. Natijada, da’vogar oldida 39 372 480 so‘m qarzdorligi yuzaga kelgan.

Iqtisoiy sudining hal qiluv qarori bilan da’vogarning da’vo talabi asosli deb topilgan hamda qanoatlantirilgan. Sud o‘zining hal qiluv qarorida eng avvalo Konstitutsiyaning 55-moddasini asos sifatida keltirdi. Chunki Bosh qomusning  mazkur moddasida “har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli. Har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlanadi” deya qayd etilgan.

Bu kabi misollarni yana keltirish mumkin. Bir so‘z bilan aytganda, mamlakatda o‘tkazilgan konstitutsiyaviy isloxotlardan asosiy maqsadalardan biri ham xalqning Konstitutsiyaga bo‘lgan ishonchini kuchaytirish, turli hayotiy masallarga yechim topishda Bosh qomus huquqiy tayanch va suyanch vazifasini o‘taydigan kuchga aylanishga erishishdir.  

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish