Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Keraksiz narsa yo‘q

13.12.2023 2495

Mirabbos Mirtohirov, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti talabasi

Bolaligimda ko‘p ertak eshitganman. Ularning ichida bittasi men uchun alohida qadrli:

Qadim-qadim zamonda Teshavoy degan juda mohir duradgor usta yashagan ekan. Uyining orqasida bir katta bog‘ bo‘lib, usta bog‘dagi daraxtlardan kesib har xil buyumlar yasarkan va ularni sotib ro‘zg‘orini tebratar ekan.

Uning uchta o‘g‘li bor edi. Kunlardan bir kun u farzandlarini oldiga chaqirib: “Bolalarim, hammangiz o‘sib-ulg‘ayib, balog‘at yoshiga yetib qoldingiz. Endi sizlarga o‘z hunarimni o‘rgatmoqchiman. Qani bog‘ga kirib eng keraksiz yog‘ochni menga olib keling”, – debdi. Uchovlon bog‘ga kirib ketishibdi.

Eng birinchi to‘ng‘ich o‘g‘il qo‘lida besunaqay, yarmi chirigan to‘nka bilan, o‘rtancha qiyshayib o‘sgan daraxt tanasining bo‘lagi bilan, kenjasi qo‘li bo‘sh holatda chiqidi. Usta to‘ng‘ich o‘gilga qarab: “Demak bog‘dagi eng keraksiz narsa shu?” – deb so‘rab, darrov undan qandaydir buyum yasashni boshlabdi va ozgina vaqt o‘tgach, Teshavoy usta besunaqay to‘nkadan ot uchun ajoyib egar tayyorlabdi. O‘rtancha o‘gilda ham xuddi shu hol takrorlanib, uning olib chiqqan yog‘ochidan yer haydash uchun omoch yasabdi. Va nihoyat usta kenja o‘g‘lining oldiga kelib, uni savolga tutibdi: “Sen nega hech narsa olib chiqmading?”. Shunda o‘g‘li:

“Men bog‘ning ichida hech qanday keraksiz narasani topolmadim”, – deb javob beribdi. Bu javobdan usta juda ham quvonibdi.

Shundan so‘ng Teshavoy usta kenja o‘g‘liga o‘z hunarini o‘rgatishni boshlabdi. Qolgan ikki o‘gillaridan to‘ng‘ichini kosibga, o‘rtanchasini kulolga shogirdlikka beribdi. O‘g‘illarining hammasi hunarining ustasi bo‘lib, baxtli hayot kechiribdi”.

Shu yerda ertak tamom bo‘lardi va biz uxlab qolardik. O‘sha paytda duradgorlikka juda qiziqqanim uchun bo‘lsa kerak, bu ertak hali ham yodimda. Ammo ertakdan hosil bo‘ladigan ma‘nolarni endi tushunib boryapman.

Ya’ni bazan hayotni o‘sha Teshavoy ustaning uyi orqasidagi bog‘ga o‘xshataman. Hayotdagi turli qiyinchilik, sinovlarni esa bog‘dagi daraxtlar va undagi yog‘ochlarga. Ularning ichida keraksizi yo‘q. Faqatgina ularga ozgina qunt va mehnat bilan ishlov berilsa, bas. Qiyinchiliklar ham, sinovlar ham ertakdagi beo‘xshov yog‘ochlar ajoyib buyumlarga aylangani kabi muvafaqqiyatga aylanadi. Biz esa keraksiz narsalardan ham kerakli buyumlarni yasay olsak bo‘lgani.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish