Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Ketmay turib sog‘inaman

5.3.2024 260

Ilhomjon TOJIBOYEV

Har safar shaharda yurganimda tug‘ilib o‘sgan mahallamga intiq bo‘lib yashayman. Uning maftunkor manzarasi ko‘z o‘ngimda har on namoyon bo‘laveradi. Negaki, mening bolalik paytlarim o‘sha yerda o‘tgan.

Bizning mahallamiz azal-azaldan o‘zining dilkash, samimiy odamlari, tanti dehqonlari bilan mashhur. Uning Dehqonobod, deb atalishi ham shundan. Mahalladoshlarim orasida biror kishi yo‘qki, ijodkor bo‘lmagan, mehnatni sevmagan. Ular har bir sohada ijodkor, mirishkor, tadbirkor. Ularning bu kabi xislatlari men singari yosh qalamkashga ilhom bag‘ishlaydi.

Ish bois ba’zida shaharda uzoq muddat qolib ketishimga to‘g‘ri keladi. Kun kelib, uyga mahallaga qaytayotganimda yo‘ldayoq qalbim ajib bir hissiyotga to‘ladi, sog‘inchim alangalanadi. O‘zimni qo‘yarga joy topolmay, yuragim bezovtalanadi. Axir kindik qoni to‘kilgan maskanni kim ham sevmaydi, deysiz...

Qishloqdan yana shaharga qaytar chog‘imda beixtiyor ko‘zlarim yoshga to‘ladi. Sababi, barcha yaqin insonlarim-maktabdosh do‘stlarim-u jonajon mahalladoshlarimni, so‘lim va maftunkor qishlog‘imni tashlab ketgim kelmaydi.

Bugun yana shaharga otlandim. Yana yo‘ldaman. Yana davon oshib poytaxtga, o‘qishga yo‘l olaman. Qishloqdan chiqib borar ekanman, yo‘l bo‘yidagi teraklar ortimdan ohista tebranib, kuzatib qoladi, go‘yo. Ma’yus tortaman. Hali bu yerlardan ketmay turib, sog‘inib boshlayman, qalbim o‘rtanadi. Yana diydorlashish nasib etishini o‘ylayman...

Shaharga borishni istab-istamay ortimga o‘girilaman. Bir nima demoqchidek mahallam tomon boqaman. Shu onda yuragimda Vatan tuyg‘usi nola qiladi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish