Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 5-martdagi "O‘zbekiston respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga ba’zi ijtimoiy nafaqalarni to‘lash tartibini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida" gi qaroriga muvofiq, "suyunchi" puli to‘lash jarayonlariga birmuncha o‘zgartish va yangiliklar kiritildi.
Faqat birinchi farzand uchun
Eng asosiy o'zgarishlardan biri, endi bir martalik pul barcha farzandlar uchun to'lanmaydi. 2024-yil 1-apreldan boshlab farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli birinchi farzandi uchun barcha ayollarga to‘lanadi.
Ikkinchi farzandi uchun esa farzand tug‘ilgan paytda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilaning a’zosi bo‘lgan ayollarga rasmiylashtiriladi. Qolgan barcha holatlarda farzand tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa pulini rasmiylashtirish rad etiladi.
Endi avtomatik tarzda amalga oshmaydi
Suyunchi puli fuqarolarga 4 bosqich asosida beriladi. 2024-yil 1-yanvardan nafaqa va moddiy yordam mablag‘larini tayinlash hamda to‘lash vakolati Ijtimoiy himoya milliy agentligiga berildi.
O‘tgan yillarda bu vakolat Pensiya jamg‘armasida bo‘lib, “suyunchi puli” tayinlash tartibi fuqaro murojaatisiz, avtomatik tarzda amalga oshirilardi.
Yaʼni, bola tug‘ilganda u haqidagi maʼlumotlar tug‘uruqxona tomonidan avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritilgan. Jamg‘arma o‘sha maʼlumotlar asosida nafaqani to‘g‘ridan to‘g‘ri tayinlab kelgan.
Yangi tartib qanday ishlaydi?
Yangi tartibga ko‘ra, “suyunchi puli”ni tayinlash to‘rt bosqichda, bola tug‘ilgandan boshlab olti oy muddat ichida amalga oshiriladi.
Dastlab, fuqaro Davlat xizmatlari markaziga (DXM) borgan holda yangi tug‘ilgan farzandiga bir marta beriladigan nafaqa tayinlashni so‘rab ariza yozadi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YIDXP) ro‘yxatdan o‘tadi va maxsus so‘rovnomani to‘ldiradi.
Ikkinchi bosqichda to‘ldirilgan so‘rovnomani elektron shaklda Ijtimoiy himoya milliy agentligiga yuboradi.
Uchinchi bosqichda agentlik so‘rovnomaga asosan, nafaqani tayinlash yoki tayinlashni rad etish bo‘yicha qaror qabul qiladi va bu haqdagi maʼlumotni DXM yoki YIDXPga onlayn yuboradi.
To‘rtinchi bosqichda DXM ariza beruvchiga yangi tug‘ilgan bola uchun nafaqa tayinlangan yoki tayinlanmagani bo‘yicha xabar yetkazadi. Agar “suyunchi puli” tayinlash rad etilsa, sabablari keltiriladi. Nafaqa puli tayinlansa, uni qachon va qayerdan olish mumkinligi to‘g‘risida maʼlumot beriladi.
"Suyunchi" puli qancha?
Hozirda bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa miqdori 738 150 so‘m. Bu hisob qonunchilikka asosan, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 70,3 foiziga teng. Ayni paytda respublikada mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori – oyiga 1 million 50 ming so‘m.