Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

GENIY: Leonardo da Vinchi iste’dodiga chizgilar

4.2.2025 402

Murodjon MUSTAFOYEV, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti mustaqil tadqiqotchisi

O‘zbek tilining izohli lug‘atida “geniy” so‘ziga “ijodiy iste’dodning eng yuksak darajasi, ulkan talant; shunday xususiyatli shaxs”, deb ta’rif berilgan. “Geniy” so‘zi xorijiy tillarda ham shu ma’noda ishlatiladi hamda shaxslarga va g‘oyalarga nisbatan qo‘llanadi.

Insoniyat tarixida geniy yoki oddiy qilib aytsak, daholar ko‘p bo‘lgan. O‘rta asrlarda Italiyada yashab ijod qilgan rassom Leonardo da Vinchining hayoti va ijodiga oid ayrim faktlar bilan tanishsak, daholarga xos xususiyatlarni aniq tasavvur etamiz.

Leonardo da Vinchi 1452-yil 15-aprelda Florensiya yaqinidagi Vinchi shaharchasida tug‘ilgan. Bolaligidayoq uning rasm chizishga qobiliyatini payqagan otasi 14 yoshida Florensiyadagi do‘sti, o‘sha davrning mashhur rassomlaridan Andrea del Verokkoga shogirdlikka olib boradi. U vaqtlar Florensiya G‘arbiy Yevropadagi eng boy va ko‘plab talantli odamlar yig‘ilgan shahar hisoblangan.

Dastlab Verokkoning ustaxonasida yordamchi rassom bo‘lib ishlagan Leonardo tez orada o‘zining qobiliyati tufayli Florensiyadagi eng mohir rassomlardan biriga aylanadi. Bir kuni Leonardo chizgan rasmni ko‘rgan ustozi Verokko “Men bundan keyin boshqa rasm chizmayman!” deb aytadi. Bu keksa rassomning shogirdiga yuksak e’tirofi edi.

Leonardo da Vinchini ko‘pchilik “Mona Liza” asari orqali taniydi. Mona Lizaga qarang. U tabassum qilayotganday tuyuladi va takroran qaraganingizda aksincha – oddiy yuz qiyofasi namoyon bo‘ladi. Inson qiyofasidagi jonli ifodalarni ustalik bilan chiza olish Leonardo da Vinchining mahorati edi. Emil Zolya va Oskar Uayld kabi yozuvchilar Mona Lizani sirli va xavfli ayol sifatida tasvirlab, uning kulgisida ko‘plab pinhoniy sirlar yashiringan deydi.

Ammo Leonardo da Vinchiga faqat mohir rassomligi uchun daho deyilmaydi. O‘rta asrlarda G‘arbiy Yevropa Renessansining o‘chog‘i bo‘lgan Florensiyada Leonardoga o‘xshagan rassom va haykaltaroshlar yetarlicha topilar edi. Leonardoning boshqalardan farqi shundaki, u boshqa ilmlarni ham o‘zlashtirishga harakat qilgan olim va mutafakkirdir. Xususan, u matematika, geografiya, astronomiya, muhandislik, musiqa va anatomiya kabi ko‘plab ilmlarni o‘rgangan.

Uning zamondoshlari tog‘lar va dengizlar bir xil – o‘zgarishlarsiz – doimiy mavjud bo‘lgan, deb o‘ylashardi. Leonardo esa atrofimizdagi olam vaqti-vaqti bilan o‘zgarishlarga uchragani, bir paytlar dengiz osti bo‘lgan joylarning, keyinchalik tog‘larga aylanishini ta’kidlagan. U davrda odamlar oyni o‘zidan yorug‘lik chiqaruvchi yulduz deb faraz qilgan. Leonardo esa aksincha, oy quyoshdan taralayotgan nurni aks ettirgani uchun yorug‘ ko‘rinishi va biz ham oydan turib yer shariga qaraganimizda u ham shu’la taratayotganini ko‘rishimiz mumkin deb hisoblagan. Da Vinchining qarashlari to‘g‘riligi keyinchalik zamonaviy tadqiqotlar natijasida o‘z isbotiini topdi.

Bundan tashqari, Leonardo da Vinchi insonning tuzilishi va odam anatomiyasi bilan chuqur qiziqqan va shifokorlar bilan hamkorlikda turli kasalliklar, qarish va o‘lim sabablarini o‘rganishga harkat qilgan. Rassomning “Vitrivian odam” rasmi inson tanasi tuzilishini tasvirlaydi va san’at tarixidagi takrorlanmas asarlardan sanaladi. Bu shaklni bugungi kunda ko‘plab joylarda, jumladan, bir yevro qiymatidagi tangada ham uchratasiz. Daho odamning ichki a’zolari, ayniqsa, yurakni juda aniqlik bilan chizgani XXI asr tadqiqotchilarini ham hayratga solib kelmoqda.

Ilk havoda uchish moslamalari, parashyutlar, suv ostiga sho‘ng‘ish uchun uskunalarning chizmalari ham ilk bor Leonardo da Vinchi yaratgan bo‘lsa-da, bu farazlarni o‘sha davrda amalga oshirish imkonsiz edi. Bir necha asrlar o‘tgandan keyingina ilm-fan va texnologiyalar rivoji natijasida bu g‘oya va kashfiyotlar real hayotda o‘z aksini topa boshladi.

Geniylar o‘z davridan bir necha yillar oldinni ko‘ra olishi va idrok etishi, o‘z zamondoshlari tushunchalaridan farqli ravishda dunyo mohiyati haqida to‘g‘ri xulosa va fikrga ega bo‘lishi, eng asosiysi, ular insoniyat tarixini o‘zgartiradigan g‘oyalarga egaligi bilan ajralib turadi.

Alqissa, inson har qanday kasb-hunar, yoki qobiliyat egasi bo‘lishidan qat’i nazar, o‘z qobig‘idan chiqib, atrofga iste’dod ko‘zi bilan qaray olsa, u albatta, dunyoni o‘zgartiradi. Demak, u daho!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish