Portugaliyaning Vale-de-Lobo shahrida tennis bo‘yicha yakunlangan "Fyuchers" turkumiga kiruvchi M25 turnirida hamyurtimiz Humoyun Sultonov bosh sovrinni qo‘lga kiritdi.
Mahoratli tennischimiz mukofot jamg‘armasi 25 ming AQSH dollari bo‘lgan mazkur turnir finalida fransiyalik Jyul Mari bilan kuch sinashdi.Murosasiz kechgan bahs yakunida Namangan tennis maktabida kamolga yetgan Sultonov raqibini 6/4, 7/6(11) hisobida mag‘lub etdi.
Yevropa davlatlarining mahoratli tennischilari qatnashgan turnirda hamyurtimiz finalgacha bo‘lgan bellashuvlarning saralash bosqichida Chehiya vakilini mag‘lub etgan bo‘lsa, yarim finalda portugaliyalik Enrike Roshani yengdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish lozim, M25 turniri final musobaqasi yakunlangunga qadar Sultonov dunyo reytingida 436, Jyul Mari esa 253-o‘rinni egallab kelayotgandi.
Tennis bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasining yetakchisi Humoyun Sultonovning Yevropa kortlarida erishgan ushbu g‘alabasi keyingi zafarlar sari qo‘yilgan muhim qadam bo‘ldi.