Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Raqamli davr yuristi

3.6.2026 17

Yoshlar orasida bilim olishni real muammolarga yechim topish vositasi deb biluvchilar va shu yo‘lda izlanishdan to‘xtamayotganlar bor. Bu esa kishini quvontiradi. Ular o‘qish davridayoq sohasining ichiga kirib boradi, kamchiliklarni payqaydi va o‘z hissasini qo‘shishga harakat qiladi. Bunday yoshlarning o‘z yo‘lini biror yo‘nalishda shakllantirib boradi, tadqiqotlar qiladi, yechimlar izlaydi. Nuriddin Xudoyberdiyev ana shunday g‘ayratli yoshlardan biri.

U 2023-yili Toshkent davlat yuridik universitetini tamomladi. Talabalik davrida Jinoyat-huquqiy fakulteti talabalari orasida eng yuqori akademik ko‘rsatkichli talabalar qatoriga kirgan edi. Talabalik yillarining eng muhim tashabbuslaridan biri “Zukko yurist” intellektual tanloviga asos solinishi bo‘ldi. Nuriddin bu loyihani hammuassis sifatida tashkil etdi. Ikki yil mobaynida mingdan ortiq yosh ishtirokchi tanlovda qatnashdi. Loyiha talabalar tashabbusi orqali ham katta ko‘lamda ta’sirli harakat yaratish mumkinligini isbotladi.

Uning ishlari faqat tashkiliy faoliyat bilan bog‘liq emas. Nuriddinning asosiy ilmiy qiziqishi huquqning texnologiya bilan kesishgan nuqtasida shakllandi. U universitetni “Raqamli kriminalistika va uning kiberjinoyatlarni ochishdagi roli” mavzusidagi bitiruv malakaviy ishini muvaffaqiyatli himoya qilish bilan tugatdi. Bu mavzu Nuriddin uchun tasodifiy tanlov emas, albatta. O‘zbekistonda kiberjinoyatlar sonining ortib borishi va bu jinoyatlarni isbotlashda klassik kriminalistika usullari yetarli emasligi muammosiga qaratilgan dolzarb tadqiqot edi.

Bakalavrni tugatgach, Nuriddin o‘z izlanishlarini tag‘in davom ettirdi. 2023-2024-yillarda u Toshkent davlat yuridik universitetining kiber huquq yo‘nalishida magistratura bosqichida tahsil oldi va shu bilan birga Adliya vazirligining Raqamlashtirish boshqarmasida faoliyat yuritdi. Vazirlikdagi qisqa, ammo samarali faoliyati davomida u tizimni raqamlashtirishga doir bir qator loyihalarda ishtirok etib, o‘z hissasini qo‘shdi. Bu davr uning uchun nazariy bilimlarni davlat boshqaruvi amaliyotida sinab ko‘rish imkonini berdi. Magistratura bosqichida u o‘z izlanishlarining natijalarini ilmiy maqolalarda chop etib, soha muammolariga doir takliflarini ilgari surdi.

2024-yil Nuriddin uchun yangi bosqich boshlandi. U dunyo miqyosida Top 100 reytingga kiruvchi AQShdagi Pensilvaniya universitetining Huquq maktabi magistratura bosqichiga nufuzli grant yutib oldi va ta’limni davom ettirdi. Bu yerda uning izlanishlar doirasi yanada kengaydi: O‘zbekiston huquqi va xalqaro huquqning kesishuvi nuqtalari, taqqoslar orqali tadqiqotlar qilish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 2025-yilda esa Huquq maktabini yuqori akademik ko‘rsatkichlar bilan tamomladi.

Ayni paytda Nuriddin o‘zlashtirgan bilimlarini amaliy faoliyatda sinab ko‘rmoqda. Shu bilan birga O‘zbekistondagi kiberhuquq va raqamli kriminalistika sohasidagi qonunchilikni xalqaro standartlar va rivojlangan mamlakatlar tajribasi  asosida takomillashtirishga o‘z hissasini qo‘shishni maqsad qilgan.

Nuriddin Xudoyberdiyev kabi zamonaviy yo‘nalishlarda izlanayotgan yoshlar tobora ko‘paymoqda. Ular bugungi muammolarga aniq yechimlar taklif qilyapti. Eng muhimi, bu yoshlarda bir loyihadan ikkinchisiga, bir bosqichdan keyingisiga olib boradigan izchillik va maqsad bor.

 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish