Elastiklik – bu bir o‘zgaruvchining boshqa bir o‘zgaruvchiga qanchalik sezgir ekanini tavsiflovchi iqtisodiy tushuncha.
Elastiklik biznes va iqtisodiyotda mahsulotga talab narx oshishi yoki pasayishi bilan qanchalik o‘zgarishini tavsiflash uchun ishlatiladi. Bu talabning narx elastikligi deb ataladi. Narx elastikligi iste’molchilar yoki ishlab chiqaruvchilar narx yoki daromad o‘zgarishiga javoban talabni – yoki yetkazib berilayotgan miqdorni – qanchalik o‘zgartirishi darajasini bildiradi. Narx elastikligi foiz ko‘rinishida ifodalanadi. Mahsulot yoki xizmatga talabning o‘zgarish foizi bo‘lib, u narx o‘zgarishining foiziga bo‘linadi.
Agar mahsulot elastik bo‘lsa, narx o‘zgarishi talab miqdoriga tezda ta’sir qiladi: narx pasayganda talab ortadi va narx oshganda talab kamayadi. Masalan, SPA xizmatlari juda elastik, chunki ular zaruriy tovar emas; SPA xizmatlari narxining oshishi bu xizmatlarga talabni kamaytiradi. Narxning pasayishi talabning sezilarli darajada oshishiga olib keladi.
Agar tovar elastik bo‘lmasa, narx o‘zgarganda ham talab miqdori kam o‘zgaradi. Masalan, insulin elastik bo‘lmagan mahsulotdir. Diabetga chalinganlar uchun insulinga talab juda katta bo‘lib, narx oshishi yoki pasayishi talab miqdoriga kam ta’sir qiladi. Insulin xaridorlari odatda narx arzonlashishini kutmaydi.
Agar elastik mahsulotning bozor narxi pasaysa, ishlab chiqaruvchilar mahsulot yoki xizmatlar sonini kamaytirish ehtimoli katta. Narx oshsa, ular mahsulotlar miqdorini oshiradi. Kiyim-kechak va elektronika mahsulotlari elastik mahsulotlarga misol bo‘ladi.
Talab elastikligi: Mahsulot yoki xizmatga talab miqdori bir qancha omillarga, masalan, narx, daromad va afzalliklarga bog‘liq. Bu omillarda o‘zgarish bo‘lsa, mahsulot yoki xizmatga talab o‘zgaradi.
Narx elastikligi: narx o‘zgarishiga nisbatan talabning sezgirligi – pasayishi yoki ortishini o‘lchaydigan iqtisodiy ko‘rsatkichdir.
Daromad elastikligi:Bu iste’molchining real daromadi o‘zgarganda talab miqdori sezgirligini bildiradi. Bunda boshqa omillar o‘zgarmaydi. Daromad elastikligini hisoblash formulasi talab miqdorining foiz o‘zgarishini daromadning foiz o‘zgarishiga bo‘lish orqali aniqlanadi.
O‘zaro elastiklik: Talabning o‘zaro elastikligi – bir mahsulotga talabning boshqa mahsulot narxi o‘zgarishiga qarab ko‘tarilishi yoki pasayishini o‘lchaydigan iqtisodiy tushunchadir. Buni o‘zaro narx elastikligi deb ham atashadi. Bu ko‘rsatkich bir mahsulotga talabning foiz o‘zgarishini boshqa mahsulotning narx o‘zgarishiga bo‘lish orqali hisoblanadi.
Taklif elastikligi: Biror mahsulot yoki xizmatning bozor narxi o‘zgarganda yetkazib berilishiga qanchalik tez javob berishini o‘lchaydi. Iqtisodiy nazariyaga ko‘ra, mahsulotning narxi oshganda, uning taklifi ham oshadi. Aksincha, mahsulot narxi pasayganda, taklif kamayadi.
Talabga ta’sir qiluvchi omillar
Talab elastikligiga ta’sir qiluvchi uchta asosiy omil bor.
Muqobil mahsulot. Odatda muqobil mahsulotlar qancha ko‘p bo‘lsa, tovar talabining elastikligi shuncha yuqori bo‘ladi. Masalan, bir stakan qahva narxi 20 000 so‘mga oshsa, iste’molchilar ertalabki qahvani choyga almashtirishi mumkin. Bu qahva elastik mahsulot ekanini bildiradi. Chunki narxning oshishi talab yo‘qolishiga olib keladi. Ammo kofeinning narxi oshsa, qahva yoki choy iste’molida katta o‘zgarish kuzatilmaydi, chunki kofeinning muqobili kam. Shu sababli kofein elastik bo‘lmagan mahsulotdir. Muqobili borligi tufayli sanoatdagi muayyan mahsulot elastik bo‘lishi mumkin, lekin bu butun bir sanoatning elastikligini anglatmaydi.
Odatda, noyob mahsulotlar elastik bo‘lmaydi. Masalan, olmos. Chunki uning muqobili yo‘q.
Zaruriyat. Agar mahsulot yoki xizmat omon qolish yoki qulaylik uchun zarur bo‘lsa, odamlar narxning oshishiga qaramay uni sotib olishda davom etadi. Masalan, odamlar ishga borish uchun transportdan foydalanishi kerak. Shu sababli benzin narxi oshsa ham, odamlar mashinalariga yoqilg‘i quyishga majbur bo‘ladi.
Vaqt. Uchinchi ta’sir qiluvchi omil – bu vaqt. Masalan, tamaki narxi 80 000 so‘mga oshgan taqdirda, ham iste’molchilar uni sotib olishda davom etadi. Ya’ni tamaki narxining o‘zgarishi talabga katta ta’sir qilmaydi (bu nikotinga qaramliklik bilan bog‘liq). Ammo narxlar oshgani sababli iste’molchi chekishni sekinlik bilan kamaytirib borsa, sigaret narxi uzoq muddatda elastik bo‘ladi.
Biznesda narx elastikligi
Kompaniya mahsulot yoki xizmatlarining elastikligini tushunish muvaffaqiyat uchun muhimdir. Yuqori elastiklikka ega kompaniyalar odatda narx bo‘yicha boshqa raqobatchilar bilan bellashadi va soliq to‘lash qobiliyatini saqlab qolish uchun katta sotuvlarga kirishadi. Aksincha, elastik bo‘lmagan kompaniyalar muqobili yo‘q mahsulot va xizmatlari tufayli yuqori narxlarni belgilay oladi.
Narxlardan tashqari, mahsulot yoki xizmatning elastikligi kompaniyaning mijozlarni saqlash darajasiga bevosita ta’sir qiladi. Ko‘pgina kompaniyalar elastik bo‘lmagan talabga ega mahsulot yoki xizmatlarni sotishga harakat qiladi; bu esa narx oshishiga qaramay mijozlar mahsulotni sotib olishda davom etishini ta’minlaydi.
Misollar
Iste’molchilar har kuni elastiklik bilan bog‘liq bir qancha real misollar bilan duch keladi. Zamonaviy hayotdagi qiziqarli misollardan biri bu Yandex Go’ning talab elastikligini ko‘rsatuvchi ‘surge-pricing’ algoritmidir. Yandex Go bir hududda odatdagidan ko‘proq foydalanuvchilar transport buyurtma qilganida, narxlar ko‘tariladi va real vaqtda talabga qarab narx ko‘paytiruvchi algoritm ishga tushadi.
COVID-19 pandemiyasi ham ba’zi sohalarning narx elastikligiga ta’sir ko‘rsatdi. AQShdagi go‘sht qayta ishlash korxonalarida COVID-19 o‘chog‘i paydo bo‘lgani, xalqaro savdoning sekinlashishi va ichki go‘sht yetkazib berishdagi qiyinchiliklar 2020-yilning may oyida import narxlarining 16 foizga oshishiga olib keldi. Pandemiya neft sanoatiga ham ta’sir qildi. Odatda, neft juda elastik bo‘lmagan mahsulot, ammo 2020-yilning mart va aprel oylarida global neft talabining pasayishi, yetkazib berish hajmining oshishi va saqlash joylari yetishmasligi sababli, 2020-yil 20-aprelda neft fyuchers bozorida salbiy narxda savdo qilindi. Shu sababli, OPEK+ a’zolari iyun oxirigacha ishlab chiqarishni kuniga 9,7 million barrelga qisqartirishga qaror qildi.
• Biznes va iqtisodiyotda elastiklik odatda narx oshishi yoki pasayishi bilan mahsulotga talab qanchalik o‘zgarishini (narx elastikligi) ko‘rsatadi.
• Mahsulot yoki xizmatga talab narx o‘zgarishiga qaramay, deyarli o‘zgarmasa, talab noelastik (kam sezgir) deb ataladi. Oziq-ovqat va dori vositalari noelastik tovarlarga misoldir.