Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Qachon mikroqarz olmaslik kerak?

6.6.2024 3735

Pulli gap

Mikroqarz qanday holatlarda sizga foyda emas, zarar keltirishini bilasizmi? Keling, bugun shunday holatlarni ko‘rib chiqamiz.

Avvalgi kreditni yopish uchun

Ba’zida olingan kreditni to‘lashda qiyinchiliklarga duch kelishingiz mumkin. Bunday vaziyatdan esa yana yangi mikroqarz olish orqali chiqib ketish oson yo‘ldek ko‘rinadi.

Aslida, bu noto‘g‘ri qaror, faqatgina qarz yukining oshishiga olib keladi. Sizning holatingiz esa yaxshilanmay, bir kreditingiz ikkita bo‘ladi. Tabiiy-ki, ularning har biri har qanday holatda ham bankka qaytarilishi kerak.

Boshqalar uchun

Ba’zida qarindoshlar yoki do‘stlaringiz kredit olib berishingizni so‘rashadi, chunki negadir bank ularga kredit ajratishni rad etadi. Bu juda noqulay holat, lekin har kim bunday vaziyatda nima qilish kerakligini o‘zi hal qilishi kerak.

O‘z nomingizga kredit olib, uni boshqa odamga berib yuborsangiz, oxir-oqibat qarzni o‘zingiz qaytarishga majbur bo‘lishingiz mumkin.

Kredit tizimini bilmasdan turib...

Kredit pulni ma’lum vaqt davomida foizlar bilan bankka qaytarish kerakligini nazarda tutadi. Ammo foizlar qanday hisoblanishini, to‘lovlarni qachon amalga oshirishni va kredit bo‘yicha qanday ortiqcha to‘lovlar vujudga kelishini hamma ham tushunmaydi.

Mikroqarz uchun bankka murojaat qilishdan oldin, hisoblangan foizlar asosida har oy kredit uchun qancha to‘lashingiz zarurligini tushunishingiz kerak.

Kreditni o‘z vaqtida to‘liq to‘lash muhimligini hamma ham anglamaydi. Kredit bu, birinchi navbatda, mas’uliyatdir.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish