Toshbuloqlik Shermatni tanimasligingiz aniq. “Ziqna” qoʻshib aytilmasa, xotinining ham xayoliga birinchi boʻlib eri kelmasa kerak. Ona qornidan tushibdiki, shu laqab bilan dong taratgani uchunmi, oʻzi ham ismini shunaqa deb oʻylaydi. Kindigi kesilganidan beri el-yurtni bir yerga yigʻib, bunday bir dasturxon ham yozmagan odamni tagʻin nima deb atash mumkin?
Uxlayotganda pulni quchoqlab yotish umrni uzaytirishiga qattiq ishonadigan Shermat ziqnaning ham boshiga ming yil deganda bir marta Omad aka boqadigan qushning muborak oyogʻi hiyla tegib oʻtdimi, necha asrlik orzusi – mashinaga yetadigan pul yigʻilib qoldi. U ham ishonib-ishonmay qoʻliga tuflagancha hafsala bilan ikki qayta sanadi, tagʻin ishonmasdan xotiniga ham hisoblatib koʻrdi: mashinaga yetadi!
Er-xotin oʻzlarini quvonchdan tutolmay, koʻz yosh qilib olishdi. Olti yoshli oʻgʻilchasi Qulmat ham garchi nima boʻlganini tushunmasa-da, qoʻshilishib koʻzini namlab qoʻydi.
Erta tongdan yoʻlni bozor tomon burishga kelishib, uxlashga yotdilar. Ajab, orzular roʻyobi yaqin boʻlsa uyqu ham yiroq, tun ham uzun boʻlarkan. Necha yildan beri bunday intiq boʻlmagandi.
...Tong otishi juda qiyin boʻldi. Bir yostiqqa bosh qoʻyganiga yetti yildan oshibdi-ki, xotinining xurrak otishini endi bildi. U yeqqa yonboshladi, bu yoqqa yonboshladi, boʻlmadi. Oxiri sabri chidamay, tezroq chiqa qolmagani uchun quyoshni ham ichida bir qur soʻkkan boʻldi-da, yelkasiga sochiqni tashlab tashqariga yoʻnaldi.
Xursandchilik bilan boʻlib, bozorga qanday bordi, “Damas”ni qanday olib keldi, oʻzi ham bilmay qoldi. Fikr-u xayolida orzusiga yetgani, nihoyat maqsadiga erishgani aylanaverdi...
Koʻrmaganning koʻrgani qursin ekan. Shermatvoy bir kechada Shermatboyga aylanib qolsa deng. Har kuni koʻchadan oʻn marta u yoqqa, oʻn marta bu yoqqa oʻtishini qoʻyib turing, darvoza oʻlgurni ochishga erinibmi, yoki mashinada oʻtiraverib oyogʻi uvushib yerga tusha olmagani uchunmi, bechora nuqul signal chaladi. Xotin shoʻrlik ham ha deganda chiqib ocha qolmaydi. Shermatboyning tagʻin xunobi oshadi. Yon oynani tushurib, sigaret cheka boshlaydi.
Boʻlar ish boʻldi-yu, boy boʻlish ham bunchalik qimmatga tushishini oʻylab koʻrmagan ekan. Qayga borsa “qachon yuvamiz?” deb niqtayverishdi. Oxiri boʻlmadi, tinimsiz qistovlardan keyin mahalladagi yigirma ikkita erkakni toʻplab, choyxonaga borishga rozi boʻldi.
Yoʻlma-yoʻl uning shaʼniga tinimsiz maqtovlar yogʻdirildi-yu, ketar xarajatni oʻylab, aqalli birortasi qulogʻiga kirmadi.
Choyxonachi Botir ham oshni tayyor qilib turgan chogʻi, kirib oʻtirishlari bilan dasturxondek keladigan katta laganda suzib keltirdi. Uvol boʻlmasin deb oʻzi ham boʻkkunicha yedi.
Erkak kishining toʻyishi qiyin ekan, tagʻin ikkitadan kabob aytishdi. Yeyildi, ichildi, oʻynab-kulishdi, hammasiga chidadi. Faqat yakunda hisobni eshitib Shermatboy oʻzini tutolmay alamdan yigʻlay boshladi. Yonidagilarning hay-haylashidan yanayam xoʻrligi kelib, qattiqroq yigʻladi...
Koʻz yoshlari daryodek toshay deganda xotini asta turtib uygʻotdi.
– Voy, dadajonisi-yey, niyatimiz ushalayotgani uchun qancha quvonch koʻz yoshlari toʻkyapsiz, siz bunga munosibsiz. Tong otay deb qoldi, shoshiling yaxshi mashinalar sotilib ketmasdan boraqoling!
“Qoʻrqinchli” tush taʼsirida yuragi hamon gupurlab urayotgan Shermatvoy qatʼiy bosh chayqadi.
– Olmaymanam, yuvmaymanam! Uyi kuysin yuvishni chiqarganni! Qulogʻim tinch boʻlsa boʻldi!..