Elektron hamyon — elektron shakldagi pullarni saqlaydigan dasturiy ta’minot. Bu hamyondagi pullarni odatdagidek sarflash — onlayn xarid va xizmatlar uchun to‘lov qilish, bank kartasi yoki hisob raqamiga o‘tkazish va ba’zi hollarda elektron pullarni naqdlashtirish ham mumkin. Odatda hamyon shaxsiy bank kartalari orqali yoki ilovaning o‘zida komissiya to‘lovlarisiz to‘ldiriladi.
Elektron hamyon bank hisob raqamining muqobil variantidir. Faqat undagi pullar bankda emas, maxsus kompyuter dasturida saqlanadi. Siz bilgan xalqaro hamyonlardan tashqari O‘zbekistondagi tijorat banklari ham mobil ilovalari orqali o‘z mijozlariga ikki xil: so‘m va xorijiy valyutada ochiladigan elektron hamyonlarni taklif etadi.
Quyida elektron hamyonlarning afzalliklariga to‘xtalamiz (eslatma: bular bank ilovalarida ochilgan elektron hamyonlar shartlaridan farqlanishi mumkin).
Elektron hamyonning afzalligi
Birinchidan, elektron hamyon bilan xavfsiz onlayn to‘lov qilish mumkin. Foydalanuvchi bank kartasida faqat zarur miqdordagi summani olib qolib, qolganini elektron hamyonda saqlasa, firibgarlarga yo‘liqqan taqdirda ham, bor pulidan ayrilmaydi.
Ikkinchidan, bu hamyonni hech qayerda unutib qoldirmaysiz, o‘g‘irlatib qo‘ymaysiz. U hamisha ishonchli joyda saqlanadi. Biroq telefon xavfsizligi masalasi bor: mobil qurilma va moliyaviy ilovalaringizni murakkab parollar bilan himoyalasangiz, pullaringizga xavf bo‘lmaydi.
Uchinchidan, pullarni yig‘ish va xavfsiz saqlash uchun qulay. Elektron hamyondagi pullar ko‘z oldingizda turmaydi. Natijada u pullarni ishlatib yuborishdan yiroq bo‘lasiz va keraksiz xaridlarga sarflamaysiz. Shu orqali pullarni tejab, samarali yig‘ishni boshlashingiz mumkin.
To‘rtinchidan, elektron hamyonda saqlanadigan pullarni boshqa mamlakatlarga o‘tkazish mumkin. Bunda agar o‘tkazmalar ikkita bir xil ilova o‘rtasida amalga oshiriladigan bo‘lsa, komissiya foizlari olinmaydi. Biroq xavfsizlik nuqtayi nazaridan, o‘tkazmalar uchun ma’lum limitlar bo‘ladi.
Beshinchidan, dunyoning istalgan nuqtasida kontaktsiz to‘lov qilish mumkin. Aytaylik, ish yoki sayohat safarida biror mahsulot, xizmat uchun to‘lov qilishingiz kerak bo‘lib qoldi. Lekin xorijiy valyutadagi bank kartangiz yo‘q. Bunda siz istalgan valyutadagi to‘lovlarni elektron hamyon orqali to‘lay olasiz. Agar ehtiyoj bo‘lsa, hamyonga tegishli ilovadagi bank kartasidan pullarni o‘tkazib olish ham mumkin.
Ma’lumot uchun, WebMoney, PayPal, Kiwi, Yandeks.Dengi – eng yirik elektron pul tizimlaridan sanaladi. O‘zbekiston hududida ulardan ikkitasi — WebMoney va Yandeks.Dengidan foydalanish mumkin.
Muhim! O‘zbekistondagi elektron hamyonlarning ba’zilarida (xavfsizlik nuqtayi nazaridan) saqlash mumkin bo‘lgan pullar miqdori hamda o‘tkazmalar uchun ma’lum limitlar mavjud. Bundan tashqari, o‘tkazma foizlari ham bir-biridan farqlanadi. Shuning uchun hamyondagi pullar bilan har qanday operatsiyani bajarishdan avval, uning shartlarini diqqat bilan o‘qib chiqish tavsiya etiladi.