Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

YOSHLAR BILAN ISHLASHDAGI MUAMMOLAR: ularni o‘z vaqtida hal etib borish faoliyatimiz samaradorligini oshiradi

19.5.2025 930

Murodbek RAHMONBERDIYEV, Jizzax viloyati yoshlar ishlari boshqarmasi boshlig‘i

Yoshlar – har qaysi mamlakatning ertangi kelajagi, taraqqiyot ustuni. Mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati doirasida o‘nlab qaror va farmonlar asosida yoshlarning ta’limi, kasb-hunar egallashi, bandligi va ijtimoiy himoyasiga oid keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘z navbatida amaliyotda kuzatilayotgan muammolar o‘z vaqtida bartaraf etilib, ta’sirchan choralar ko‘rilmoqda. Shu o‘rinda, Jizzax viloyati misolida ko‘rinib turibdiki, sohada qator tizimli muammolar mavjud. Bu masalalar kelgusida birirnchi navbatda hal etilishi lozim deb o‘ylayman.

Jumladan, “Ishga marhamat” monomarkazi faoliyatidagi cheklovlar. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 5-apreldagi 183-sonli “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish tizimini takomillashtirish hamda mehnat organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Jizzax shahrida faoliyat boshlagan “Ishga marhamat” monomarkazi orqali bugungi kungacha 9 499 nafar tinglovchi kasb-hunar, tadbirkorlik ko‘nikmalari va xorijiy tillarga o‘rgatilgan. Ayni paytda monomarkazda 788 nafar tinglovchi o‘qimoqda. Ularning 522 nafarini (309 nafari xotin-qizlar) yoshlar tashkil etadi.

Biroq monomarkazning viloyatda yagona ekanligi o‘qish istagidagi ko‘plab yoshlarning oylab navbatda turishiga sabab bo‘lmoqda. Hozirgi kunda 1 100 nafar tinglovchi navbatda turibdi, shundan 824 nafari yoshlar.

Mazkur muammoning yechimi sifatida har bir tuman-shaharda xususiy tadbirkorlik asosida monomarkazlar tashkil etish lozim. Bu markazlarda yoshlarni o‘qitish va bandligini ta’minlash quyidagi tartibda amalga oshiriladi:

– monomarkaz va tuman shaharlardagi korxona va tashkilotlar o‘rtasida kadrlarga bo‘lgan ehtiyojga qarab, shartnomalar tuziladi;

– shartnomaga asosan har bir korxona va tashkilot kadrlarga bo‘lgan ehtiyojiga qarab monomarkazga zarur mutaxasislarni o‘qitish bo‘yicha talabnoma beradi va o‘quv kursi xarajatlarini qoplab beradi;

– o‘qitilgan yoshlar esa shartnomada ko‘zda tutilganidek va qonunchilikda belgilangan tartibda ishga joylashtiriladi.

Bu harakatlar ham yoshlarning ishga joylashishi, ham xususiy sektor ishtirokini oshiradi.

Nogiron yoshlar uchun uy ta’limi va onlayn o‘quv tizimining yo‘qligi. 2022-yil 21-iyundagi 341-sonli “Nogironligi bo‘lgan yoshlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatishning ma’muriy reglamentlarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan, Yoshlar ishlari agentligining “Yoshlarga oid davlat siyosatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi” mablag‘lari hisobidan har yili 500 nafargacha nogiron yoshlarga bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha bo‘lgan miqdorda asbob-uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish hamda o‘qish, yashash va transport xarajatlarini qoplash uchun subsidiya ajratish belgilangan. Biroq bu toifadagi yoshlar uchun uy ta’limi va masofaviy (onlayn) kasb-hunar o‘quv dasturlari mavjud emas. Qarorda 14 ta xorijiy til va 9 ta umumta’lim fani uchun o‘qish xarajatlari to‘lab berilishi belgilab qo‘yilgan.

Qarorga tegishli qo‘shimchalar kiritilib, imkoniyati cheklangan yoshlar uchun (onlayn) uy ta’limi va kasb-hunar o‘quvlari yo‘lga qo‘yilishi zarur. Bu ularning jamiyatdagi faol ishtirokini ta’minlaydi.

Yoshlar o‘rtasida kitobxonlik darajasini ko‘tarish. Viloyatning Forish, Yangiobod, Baxmal va Gʻallaorol tumanlarida yoshlar qiziqishlaridan kelib chiqib ayrim adabiyotlarni o‘qish yoki sotib olish uchun tuman yoki viloyat markazlariga borishlariga to‘g‘ri kelmoqda. Bu yoshlarda mutolaaga qiziqishni so‘ndiradi.

Muammoni hal qilish va yoshlarni rag‘batlantirish maqsadida mahallada yengil konstruksiyali “Yoshlar kutubxonasi”ni barpo etish va uni zarur adabiyotlar bilan boyitib borish, bunga yoshlar yetakchisi va xotin-qizlar faolini mas’ul etib tayinlash orqali yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni rivojlantirish mumkin. Kutubxona fondini doimiy to‘ldirib borishda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi tuman bo‘limlari hamda tuman (shahar) hokimlari mas’ulligini oshirish lozim.

“Yoshlar daftari” faoliyati samaradorligini oshirish. 2024-yildan “Yoshlar daftari”ni muvofiqlashtiruvchi shtatlar Ijtimoiy himoya milliy agentligiga o‘tkazilishi natijasida viloyatdagi 13 ta bo‘limdagi ish ko‘lami oshib, vazifalarni o‘z vaqtida bajarish qiyinlashmoqda. Ish sifatli va o‘z vaqtida bajarilishi uchun xodimlarda yuklama me’yorida bo‘lishi lozim. Agentlikning shahar va tuman bo‘limlariga qo‘shimcha shtat ajratish orqali vazifalarni sifatli bajarishga erishish mumkin.

Harbiy xizmatga qiziqishni kuchaytirish. Davlatimiz rahbari joriy yil 12-yanvar kuni Xavfsizlik Kengashining navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishida “Bir nafar harbiy xizmatchi o‘rniga uch nafar zaxira yaratish lozim” deya ta’kidladilar.

Bugungi kunda yoshlarimizda majburiy harbiy xizmatni o‘tashga ishtiyoqni yanada kuchaytirish biz olib borayotgan ishlarning uzviy bo‘lagidir. Armiya yigit kishining har ishda murosa bilan ish ko‘radigan mas’uliyatli shaxsga aylanishiga chin ma’noda ko‘makchidir.

Harbiy xizmatni o‘tagan yoshlarga davlat tashkilotlariga ishga kirishda ARGOS tizimi orqali ustunlik berish, xizmat vaqtida oylik maoshini saqlab qolish tizimini joriy etish lozim deb o‘ylayman. Bu orqali ham yoshlarni harbiy xizmatni o‘tashga keng jalb qilishda sezilarli natijadorlikka erishiladi.

Bu Oliy ta’lim muassasalariga kira olmagan yoki ayni paytda o‘qimayotgan, ishsiz yoshlarning ham harbiy xizmatga qiziqishi ortishiga turtki bo‘ladi va bandligi ta’minlanadi.

Yosh dehqonlarni agrotexnika bilan ta’minlash. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-153-sonli qarori asosida yer maydonlari ajratilgan dehqon yoshlarni yer maydonlariga ishlov berishda qiynayotgan muammolardan biri bu agrotexnika masalasi. Yerga ishlov berish uchun mavsumda texnika topish juda qiyin. Yer ajratilgan dehqon yoshlar mavsum paytida texnika yetishmasligi tufayli yerga o‘z vaqtida ishlov bera olmayapti. Bu esa hosildorlikni keskin kamaytiradi.

Taklifim, har bir mahallaga lizing asosida zamonaviy mini traktorlar va maxsus uskunalarni ajratish lozim. Bu orqali yiliga bir emas, ikki yoki uch marta hosil olish imkoni yaratiladi.

Yoshlar bilan ishlashda tizimli yondashuv va har bir toifadagi yoshlarning ehtiyojlarini hisobga olgan holda muammolarni hal qilish – mamlakat taraqqiyoti uchun muhim omildir. Jizzax viloyatidagi mavjud muammolarni bartaraf etish orqali nafaqat yoshlarning salohiyati ro‘yobga chiqadi, balki iqtisodiy, ma’naviy va ijtimoiy rivojlanishga keng yo‘l ochiladi. Shu bois, taklif etilgan yechimlarni amalga oshirish dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish