Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

“Qiz bola ekanimga emas, qobiliyatimga qarab hukm chiqarilsin!” – sobiq xokkeychi sportdagi stereotipni qanday yenggandi?

30.11.2023 3710

Charos Nizomiddinova tayyorladi

Kanadaning Ontario provinsiyasidagi Jastin Bleyni sog‘lomlashtirish markazi (Justine Blainey Wellness Centre)ning mashhur rahbari bor. U shifokorligi uchun emas, o‘tmishdagi bir ishi sabab og‘izga tushgan. To‘g‘rirog‘i, o‘smirligida tengdoshlari yurak yutib aytolmaydigan istagini amalga oshirgan. Orzusiga erishish uchun sudma sud yurishdan qaytmagan. Ismidagi bosh harf (“J”) u uchun ramziy ma’noga ega. Biz Kanada sport tarixida nom qoldirgan jasoratli ayol haqida hikoya qilamiz.

Qiz bolaga mumkin emas!

Dunyodagi boshqa davlat, jamiyatdagidek 1980-yillargacha Kanadada ham ayollarning erkaklar safida sport jamoalariga qo‘shilishi uzil-kesil rad etilgan. Sabab bitta: ayol zaif bo‘ladi! Biroq bu stereotipni 1973 yili tug‘ilgan, hozirda amaliyotchi shifokor, o‘tmishda xokkeychi bo‘lgan Jastin Bleyni buzadi.

Akasi Devidga ergashib shayba va klyushka (xokkey tayog‘i)ga ishqi tushgan Jastin 6-7 yoshigacha muz saroylarida faqat tomoshabin bo‘lib o‘tiradi. Unga onasi majburan olib boradigan figurali uchish yoqmas, badiiy gimnastikadagi cho‘zilish-eshilishlarni jini suymasdi. Xokkey esa mardlar o‘yini, dovyuraklar bahsi edi.

Jastin xokkeyni 7 yoshlaridan o‘ynay boshlaydi. U akasidek kuchli bo‘lishni istardi, xolos. Uning do‘stlari bilan o‘yin texnikalarini mashq qilishi, klyushkani tutib, muz ustida uchishiga lol qolardi.

“Lisayd Uayldkets” (hozirgi Ontario ayollar xokkeyi assosiatsiyasi) jamoasi daragi chiqqach, akasining yordami bilan muz ustida harakatlanishni tezda o‘rganib oladi. Hatto ora-orada akasining mashg‘ulotlarida qatnashib, murabbiyning roziligi bilan o‘g‘il bolalar bilanam kuch sinashadi.

Tabiatan tavakkalchi, shaddod, qo‘rqmas va kutilmagan vaziyatga oson moslashuvchi Jastin negadir qizlardan ko‘ra o‘g‘il bolalar bilan o‘ynashga oshiqaveradi. Nimjon, hadeganda yiqilib, turtilib yuradigan qiz bola jamoadoshlariga toqati yetmaydi.

1981 yili orzular ushaladigandek tuyuladi. Jastin Toronto xokkey ligasining o‘g‘il bolalar jamoasiga kirishga muyassar bo‘ladiyu, muz maydonga chiqishiga ruxsat tegmaydi. Negaligi so‘ralganda, murabbiy ko‘zlarini ola-kula qilib: “Axir qiz bola narsa bo‘lsa! Yiqilib, mayib bo‘lib qolsa-chi?” deydi.

Orzularidan oson voz kechishni xayoliga keltirmaydigan Jastin 12 yoshidan o‘smirlik davri tugagunicha 5 marta sudga murojaat qiladi. Haqqini so‘raydi. Kamsitilayotganini yashirmaydi.

“O‘ynay olaman, lekin maylimi, o‘ynasam?”

1985 yilning bahorida endigina 12 ni to‘ldirgan Jastin tegishli tashkilotga xat yozishga ahd qiladi. Tengdosh o‘g‘il bolalar bilan tengma teng shayba surishni, musobaqalarga chiqmoqchiligini qistirib, unga ham ruxsat berishlarini iltimos qiladi.

Erkaklarnikidan farqli ayollar xokkeyida raqibni itarish, qattiq turtib yerga yiqitish mumkin emas. Ammo Jastin ayni shunaqa beshafqat o‘yinni xohlardi.

“Qizlar bilan xokkey o‘ynash koni azob edi. Akam bilan shafqatsizlarcha shayba uloqtirardik. Qizlar bilan o‘ynayotganimda penaltilarning oxiri ko‘rinmasdi, tomoshabinlar esa nuqul mendan nafratlanardi”, deb eslaydi u.

Biroq o‘g‘il bolalar jamoasida o‘ynash niyatini hech kim eshitgisi kelmaydi. “Nozik, zaif qizga o‘g‘il bolalar orasida nima bor?”, deyiladi. Hatto rasmiy tashkilotlar ham shu gapni takrorlayveradi.

O‘ylab-o‘ylab Torontodagi eng katta, nufuzli va auditoriyasi ko‘p gazetaga – Toronto Star’ga xat yoziladi. Onasi Karolinaning daldasi, qo‘llovi bilan bor tilagi tushirilgan maktub quyidagi jumla bilan yakunlanadi: “Biror kimsa yoki guruh menga ko‘mak berolarmikan? Biror huquqshunos bunday nohaqlikka qarshi kurashishda vaqtini ehson qilolarmikan? Faqat va faqat qobiliyatlarimga qarab hukm chiqarishlarini istayman, xolos”.

Qiyiq qizning “qilig‘i”

1985 yilning 5 mayida xat gazetada chop etiladi. Bir necha kun o‘tib telefon jiringlaydi. Xokkeyni rivojlantirish zarurligi haqida turkum maqolalar yozib yuradigan kolumnist Lois Kolxman mitti va jasoratli qizaloqqa yordam bergisi keladi. U qiz va onani huquqshunos Anna Freyzer bilan tanishtirib qo‘yadi.

Onasi bilan Torontodagi advokat firmasiga yo‘l olgan Jastin Anna Freyzer bilan ilk uchrashuvini quyidagicha xotirlagandi: “Andak hayajonlanardim. Lekin u shunchalik ajoyib ediki, nuqul menga tikilib gapirdi. Ko‘zlarimga qaradi. Onamga bir og‘iz ham so‘z qotmadi. Onamni ko‘ndirishga urinmasdi. U mendan o‘ta jo‘n savollarni, nimani va nega aynan shuni xohlayotganimni so‘rardi”.

O‘smir qizginaning dardini tinglagan advokat xonim ishni olishga rozi bo‘ladi. Biroq asosiy yumushidan tashqari – bo‘sh vaqtidagina shug‘ullanishi mumkinligini yashirmaydi. Eng qizig‘i, barchasini tekinga qilib beraman deydi.

Tajribasida bunday antiqa, ammo o‘ta muhim masalaga duch kelmaganiga Anna Freyzer boshida rosa qiynaladi. Bosimga uchraydi. Tinch o‘tirishi maslahat beriladi. O‘ta qudratli tashkilot bo‘lmish Kanada muz xokkeyi bilan ro‘baro‘ kelishiga to‘g‘ri keladi. Ammo o‘rtada bir inson misolida millionlab taqdirning huquqi, umidlari borligi kuchiga kuch qo‘shadi.

Rost, jahonda jismoniy quvvat, biologik turfalik sabab sport turlari qiz-yigitnikiga ajratiladi. Lekin Jastin “qiz bola o‘sha sportga har tomonlama tayyor bo‘lsa, chig‘iriqlardan o‘tsa, nega jamoaga olinadiyu, amalda o‘ynolmaydi? Nima uchun maydonga qo‘yilmaydi?” deb so‘rayveradi.

1985 yilning 11 sentyabrida boshlangan ilk sud mamlakatda ovoza bo‘ladi. Qizig‘i, sanoqli kishidan tashqari olomon qiyiq qizning bu “qilig‘i”ni hazm qilolmaydi. Jamoat joylarida uni uchratishsa, kesatiq-piching tugamaydi.

Qarorda “ha”, amalda yana “mumkin emas”

1986 yil o‘rtasigacha apellyasiyalar sabab umumiy uch martalab o‘tgan suddan keyin Jastinga o‘g‘il bolalar jamoasida o‘ynashga ruxsat beriladi. Ammo Oliy sud qarori qog‘ozda qolib, amalda hech narsa o‘zgarmaydi. Torontodagi o‘yin maydoniga tushishga sanoqli daqiqalar qolgach murabbiy Jastinni bir chetga tortib, o‘yinga qo‘yolmasligini aytadi.

Yana sudga chop, hujjat yig‘, qonunlarni qayta ko‘rib chiqishni talab et – hammasi boshidan boshlanadi. Qiz nihoyasiz kurashlardan cho‘chimaydi. Axiyri, 15 yoshni to‘ldirganida, 1988 yili muvaffaqiyatsizlik tugab, tole kuladi – sudda g‘alaba qozonadi. O‘sha yiliyoq Jastin o‘g‘il bolalar safida arenaga tushadi.

Tomoshabin esa ilgarigi fikrida qat’iy qolaveradi: qiz bolaga nima bor katta maydonda, deya dod soladi. O‘yin tugagunicha: “E, chiqarib yuboringlar”, “Qanday yo‘l qo‘ydingiz bunga!”, “Balo bormi qiz deganga!” kabi hayqiriqlar tinmaydi.

“Qiyin bo‘lsa ham, haqingiz uchun kurashing!”

Bugun Ontarioda o‘g‘il bolalar jamoasi bilan muz ustida o‘ynashda qizlarga taqiq yo‘q. 2015-2016 yillari qariyb 100 nafar qiz o‘g‘il bolalar bilan bab-baravar kuch sinashgan.

O‘smirlik yillarining so‘ngigacha shayba va klyushkani qo‘lidan qo‘ymagan Jastin yigirma yoshlarida maqsadlarini o‘zgartiradi. 1995 yili Toronto Skarboro universitetining psixologiya va kimyo fakultetini tamomlaydi. Keyinchalik amaliyotchi shifokorlikka (xiroamaliyotga) o‘qiydi.

50 ni qoralagan Jastin Bleyni-Broker hozir ham turmush o‘rtog‘i, qizi va o‘g‘li bilan ikki jamoaga ajralib xokkey o‘ynab turadi. Kanadadagi jamoaviy o‘yinlarning doimiy ishtirokchisi.

“Bolalarim ham boshimdan o‘tgan voqealarni eshitishgan”, — deydi Jastin xonim, — “ularga astoydil yordam berishga, hayotda halollik bilan yashashlariga harakat qilaman. To‘g‘rilik uchun to‘g‘ri bo‘ling. Hatto bu mashaqqatli bo‘lsa ham”.

Kelajak avlodga qizlar ham jamiyatda teng huquqli ekani, jinsi sabab kamsitilmasligi shartligini amalda isbotlagan Jastin xonim bugun xiroamaliyot bo‘yicha qo‘li yengil shifokor. Bo‘g‘in, umurtqadagi og‘riqlar, suyak sinishi-chiqishi kabilarni tabiiy yo‘l bilan davolab kelmoqda.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish