Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

MILLAT KELAJAGIGA INVESTITSIYA

1.7.2025 270

Alisher SA’DULLAYEV, Yoshlar ishlari agentligi direktori, senator

So‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan islohotlar natijasida “inson qadri” degan ulug‘ maqsad davlat siyosatining markaziga chiqarildi. Ayniqsa, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi faol ishtirokini ta’minlash, ularning qiziqish va intilishlarini ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy himoyaga muhtoj toifalarni manzilli qo‘llab-quvvatlash borasida keng ko‘lamli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Mamlakatimizda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida yoshlar bilan ishlashning yangi va ilg‘or tizimi shakllantirildi.

“Yoshlar – kelajagimiz poydevori” tamoyiliga muvofiq Yoshlar ishlari agentligi zimmasiga nihoyatda mas’uliyatli va muhim vazifalar yuklatildi. Agentlik faoliyati hozir nafaqat amaldagi loyihalarni sifatli yakuniga yetkazish yo‘lidan bormoqda, balki tizimlilik, manzillilik va natijadorlikni ta’minlash kabi mezonlar asosida tubdan takomillashtirilmoqda. Yoshlar bandligi, vatanparvarlik tarbiyasi, bo‘sh vaqtni mazmunli tashkil etish, ilm-fan va iqtidorlarni qo‘llab-quvvatlash, jinoyatchilikning oldini olish kabi yo‘nalishlar chuqur tahlil qilinib, yangicha yondashuvlar asosida tashkil etilmoqda.

Yoshlarda iqtisodiy mustaqillik, kasbiy tayyorgarlik va mehnat bozoridagi raqobatbardoshlikni shakllantirish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylangan. Shu ma’noda 2025-yilning birinchi yarmida yoshlar bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan kompleks chora-tadbirlar aynan shu tizimli yondashuvning ifodasidir. Iyun – Yoshlar oyligi hamda 30-iyun – Yoshlar kuni keng nishonlanayotgan ayni kunlarda bu borada bajarilgan ishlarga bir qur nazar tashlasak.

10 million yosh tadbirlarda qatnashgan

Yoshlar ishlari agentligi tomonidan yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish maqsadida tanlov, festival va musobaqalarga 10 milliondan ortiq yoshlar qamrab olindi. Xususan:

  • “TalabaFest – 2025” festivalida 800 mingdan ortiq talaba qatnashdi;
  • har shanba kuni o‘tkazilayotgan “DJ community” konsert-shou dasturlariga 2 million yosh jalb qilindi;
  • “Besh tashabbus olimpiadasi”da 8 milliondan ortiq yoshlar ishtirok etdi. G‘olib yoshlar mahallalarida 969 ta sport maydonchasi qurildi;
  • “DXX kubogi”, “Bosh prokuror kubogi”, “Mahallalar uyushmasi kubogi” sport musobaqalarida 1,7 million yosh qatnashdi.

 

Iqtidor va ijod e’zozlanmoqda

Yoshlarning madaniyat va san’at sohasidagi iqtidorini yuzaga chiqarish, iste’dodini ommalashtirish, milliy va jahon miqyosidagi tanlovlarga tayyorlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada Yoshlar ishlari agentligi yo‘lga qo‘ygan tanlovlar, festivallar va loyihalar yoshlarning salohiyatini kashf etish va ularni qo‘llab-quvvatlashda muhim omil bo‘lmoqda.

Madaniyat va san’at yo‘nalishida yoshlar uchun yirik sahnaga aylangan bir qator nufuzli tanlovlar muntazam o‘tkazilmoqda. Jumladan:

  • “Yoshlar ovozi” Bo‘zatov FEST – mamlakatimiz bo‘ylab iste’dodli yoshlarning ovozini eshitish, sahna mahoratini oshirishga xizmat qiluvchi madaniy platforma;
  • “Mohir fortepianochi” – musiqa sohasiga qiziquvchi yoshlar o‘rtasidagi maxsus mahorat tanlovi;
  • “Yosh musavvir” – tasviriy san’atga qiziqqan o‘quvchi va talaba yoshlar uchun rangtasvir va grafikada o‘z salohiyatini sinab ko‘rish imkonini beruvchi ijodiy musobaqa.

Ayniqsa, “Yoshlar ovozi” tanlovi so‘nggi yillarda ko‘plab yosh iste’dodlar uchun mahorat maydoni bo‘lib xizmat qilmoqda. Bugungi kungacha tanlov 3 mingdan ortiq yosh iste’dodlarni kashf etdi. Ularning bir qismi professional sahnaga, ba’zilari ijodkorlar safiga qo‘shilgan, bir qismi esa xalqaro festival va tanlovlarda ham muvaffaqiyat qozonmoqda. 6 nafar ishtirokchi davlat mukofotlariga loyiq topilgani tanlovning e’tiborga molik natijalaridandir. Jumladan, bir nafari “Shuhrat” medali, 3 nafari “Kelajak bunyodkori” medali, 2 nafari esa “Nihol” mukofoti bilan taqdirlandi.

Shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan 2017-yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan “Yosh kitobxon” tanlovi yoshlarning mutolaaga qiziqishini oshirish, o‘z fikrini ravon va asosli ifodalash ko‘nikmasini rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Tanlov bugungi kungacha qariyb 4 million nafar kitobxon yoshlarni birlashtirdi.

Tanlov g‘oliblari esa munosib taqdirlanmoqda:

  • 1-o‘rin egalari – Prezident sovg‘asi – “BYD Chazor” elektromobili,
  • 2-o‘rin g‘oliblari – 75 million so‘mdan,
  • 3-o‘rin g‘oliblari – 50 million so‘mdan pul mukofoti,
  • qolgan ishtirokchilarga 10 million so‘mdan rag‘bat puli berilmoqda.

Tanlov kitob savdosi va kutubxonalar faoliyatiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatyapti. Tahlillarga ko‘ra, kitob do‘konlari va kutubxonalarda eng ko‘p izlanayotgan asarlar aynan “Yosh kitobxon” tanlovida tavsiya etilgan 140 nomdagi adabiyotlarga to‘g‘ri kelmoqda. Bu yoshlar orasida mutolaa madaniyatining izchil shakllanayotganidan dalolatdir.

Innovatsion ta’lim platformalari

Yoshlarning bilim va ko‘nikmasini oshirish maqsadida agentlik qoshida qator ilg‘or raqamli loyihalar amalga oshirilmoqda:

  • “Ibrat farzandlari” loyihasi doirasida 1,8 million yosh til va savodxonlik kurslarida qatnashdi;
  • “Ibrat Academy” mobil ilovasida 2,4 million foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan, 304 ming foydalanuvchi xalqaro til sertifikatiga ega bo‘ldi;
  • “Qizlar akademiyasi” loyihasida 264 ming yosh xotin-qiz ro‘yxatdan o‘tgan, 303 nafari kurslarni tamomlab, sertifikat oldi;
  • “Ustoz AI” ilovasida zamonaviy kasblar bo‘yicha 459 mingdan ortiq foydalanuvchi tahsil olmoqda. 11 mingdan ortiq yoshlar sertifikatni qo‘lga kiritgan;
  • “Mutolaa” loyihasidagi kitoblar 2 milliondan ortiq yuklab olingan, adabiyotlar 7 million marta o‘qilgan. Ilovada 1 763 ta audio, 2 199 ta elektron kitob mavjud.

Yoshlar uchun zamonaviy infratuzilma

Yoshlar uchun qulay madaniy va ijodiy maskanlar yaratish bo‘yicha ham keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda:

  • 342 ta ko‘ngilochar obyekt
  • 251 ta madaniyat va istirohat bog‘i
  • 124 ta “Yoshlar ijod ko‘chasi”
  • 213 ta “Yoshlar saylgohi”
  • 55 ta “Yoshlar markazi”
  • Toshkent shahrida “Zakovat arenasi”, “Kreativ park”, Jizzaxda “Kibersport arenasi” barpo etildi.

Mazkur infratuzilmalarda o‘tkazilgan “Ma’naviyat festivallari” va “Chilla – iste’dodlar mavsumi!” kabi tadbirlarga 4,2 million yosh jalb etilgan.

Biz yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish, ularni ilm, hunar, texnologiya, san’at va sport sohalarida qo‘llab-quvvatlash yo‘lida davom etamiz. Har bir yigit-qizga davlat ishonch bildirayotganini, ular esa bu ishonchni halol mehnat va bunyodkorlik bilan oqlayotganini ko‘rib g‘ururlanamiz.

DARVOQE...

“Yoshlar ovozi” 100 yoshda!

Mamlakatimizda yoshlar bilan ishlashda ularning dunyoqarashini shakllantirish, zamonaviy fikrlovchi, tanqidiy tahlilga qodir avlodni voyaga yetkazish muhim vazifa etib belgilangan. Bu borada ommaviy axborot vositalari, ayniqsa, yoshlar nashrlarining o‘rni beqiyosdir.

Shu bois, Yoshlar ishlari agentligi zamonaviy yoshlar matbuotini shakllantirish bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirmoqda. Ayniqsa, “Yoshlar ovozi” gazetasi faoliyatini transformatsiya qilish, uni raqamli platformaga aylantirish maqsadida qator innovatsion tashabbuslar yo‘lga qo‘yildi.

Bugungi kunda “Yoshlar ovozi” gazetasi faqatgina bosma shaklda emas, Telegram, Instagram, YouTube ijtimoiy tarmoqlari, vebsayt orqali ham faol yuritilmoqda. U o‘zining zamonaviy dizayni, yoshlar tiliga yaqin uslubi, dolzarb mavzularga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yondashuvi bilan yoshlar o‘rtasida axborotga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda muhim rol o‘ynamoqda.

Bugun yoshlarning ko‘nglida, fikrida, orzularida nimadir o‘zgarayotgan bo‘lsa, bu o‘zgarishlar matbuotda ham aks etishi shart. Shuning uchun “Yoshlar ovozi” nafaqat tahliliy maqolalar chop etadigan nashr, balki yoshlarning hayotiy hikoyalari, muammolari va yutuqlari jamlangan katta ijtimoiy platformaga aylanmoqda.

Yoshlar gazetasi bugun bir asrlik davondan oshdi. Axborot olamida 100 yildan beri yashash hazilakam ish emas. “Yoshlar ovozi” haqiqatan ham yoshlarning ovozi, yoshlarga oid davlat siyosatini ommaga yetkazuvchi katta platforma o‘laroq mamlakat rivojida, axborot olamida o‘z missiyasini bajaryapti.

Ushbu gazeta orqali yoshlar o‘z ovozini eshittira olmoqda. Mahalladagi faol yetakchidan tortib, olis hududlarda istiqomat qilayotgan kam ta’minlangan yoshgacha – har birining orzusi, tashabbusi, ehtiyoji bu yerda aks ettirilmoqda. Bu jihatdan “Yoshlar ovozi” O‘zbekistonda yoshlarga oid davlat siyosatining asosiy axboriy ko‘zgusiga aylanganini alohida ta’kidlash lozim.

“Yoshlar ovozi” yosh qalblarni ruhlantiruvchi maydon, zamonaviy O‘zbekistonning ijtimoiy va ma’naviy taraqqiyotiga xizmat qiluvchi kuchli axboriy platforma bo‘lib qolishiga ishonaman.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish