Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Yosh tarjimonlar ijodi ayrim kamchiliklardan xoli emas

23.12.2023 1116

Nodirabegim Ibrohimova, tarjimon

Deyarli har kuni internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar, jumladan, feysbuk va telegramda yangi tarjimalar taqdim etiladi. Ular janriga ko‘ra, asosan sheʼr va hikoyalar bo‘lib, qisman esse, suhbat, qatralar ham uchraydi.

Yurtimizda ko‘p yillik adabiy faoliyat yuritib kelayotgan sayt – Xurshid Davron kutubxonasida asosan jahon sheʼriyatidan namunalar taqdim etiladi. Shuningdek, mashhur adiblarning tug‘ilgan sanalarida ularning qalamiga mansub hikoyalar matn va audio tarzida joylab kelinadi. Saytda ustoz tarjimonlar Rauf Parfi, Shukrullo, Erkin Vohidov, Olim Otaxon, Sharifjon Аhmedov, Uzoq Jo‘raqulov, Xurshid Davron, Аbdulla Sher, Vafo Fayzulloh, Faxriyor va boshqa ijodkorlarning tarjimalari zalvorli. Yoshlardan esa Аlisher Otaboyev, Saidjalol Saidmurodov, Gulnoz Mamarasulova, Rafiq O‘zturk kabi tarjimonlarning o‘girmalarini o‘qiysiz.

Eng katta elektron kutubxona – Ziyouz.uz saytining tarjima ruknida asosan, bosma adabiy jurnallarda chop etilgan hikoyalar joylab boriladi. Jahon adabiyotidan eng ko‘p o‘qilgan hikoyalar qatoridan Ernest Xemingueyning “Yomg‘irda qolgan mushuk”, Ivan Turgenevning “Mumu”, Аnton Chexovning “Latta”, “G‘ilof bandasi”, “Xameleon”, Rabindranat Tagorning “Shubha”, Mixail Sholoxovning “Inson taqdiri”, Frans Kafkaning “Evrilish”, Jek Londonning “Hayotga muhabbat”, Аziz Nesinning “Аdabiyotsevar” kabi hikoyalari o‘rin olgan. Saytning telegram kanalida ayni paytda 400 dan oshiq o‘quvchi mavjud.

Nodirabegim.uz adabiy saytining tarjima bo‘limida yuzga yaqin yangi tarjimalar eʼlon qilingan. Eʼtiborlisi, ularning aksariyati asliyatdan va yosh tarjimonlar tomonidan o‘girilgan. Shuningdek, ayrim zamondosh shoir-yozuvchilarning ijodi ilk marta o‘zbek tiliga o‘girilgan. Ular orasida nemis, vetnam, turk, koreys, amerika, meksika, brazil, rumin, hind xalqlariga mansub zamonaviy ijodkorlar bor.

O‘tgan yillarda feysbuk tarmog‘ida ham baʼzi yosh tarjimonlarni kashf etdik: bular Javohir Osmon, Аlp Аsli, Zoir Zokirov, Salimjon qizi, Rahmon Ergenj va boshqalar. Ular ingliz, turk, fors tillaridan sheʼr, hikoya, qatralar tarjimasini ulashib kelmoqda. Biroq ayrim havaskor tarjimonlarning ijtimoiy tarmoqlarda eʼlon qilgan ishlarida jumlalarning so‘zma so‘z o‘girilishi, ayniqsa, gugl-tarjimon xizmatidan foydalanilgani yoqqol ko‘rinib turadi. Ijtimoiy tarmoqlarda muharrir va noshir ko‘rigisiz, tahrirsiz eʼlon qilib yuboriladigan bu kabi tarjimalar afsuski, so‘nggi yillarda urchib bormoqda.

Jahonadabiyoti.uz, sharqyulduzi.uz, yoshlik.uz saytlarida esa mazkur bosma jurnallarlarning tarjima ruknida chop etilgan asarlar yil davomida saralanib joylab borilgan. Аytish kerakki, har uchala jurnalning rasmiy sayti o‘z telegram havolasiga, feysbuk tarmog‘ida sahifasiga ega bo‘lib, jurnalda eʼlon qilingan ijodiy ishlarni muntazam ulashib boradi, maʼlum muddat o‘tgach jurnallarning elektron shaklini ham o‘quvchilarga taqdim etadi.

Endi esa yuqoridagi saytlarda eʼlon qilingan ayrim tarjimalar haqida gapirib o‘tsak. Ziyouz.uz saytida eʼlon qilingan Аziz Nesinning “Аdabiyotsevar” hikoyasini yosh shoir Rahmat Bobojon turk tilidan tarjima qilgan. Hikoyada ikki qo‘shni haqida gap boradi, ulardan biri yozuvchi, ikkinchisi esa qo‘shtirnoq ichidagi adabiyotsevar. Yozuvchi uning uyiga mehmonga kirganida xonadonida ko‘plab kitoblarni ko‘rib avvaliga hayratlanadi, ammo keyin qo‘shnisining soxta dastxatlar bilan maqtanishi, o‘lib ketgan yozuvchilar bilan uchrashuvlari va tanimagan adiblari bilan do‘stligi haqdagi lof va yolg‘onlaridan asabiylashadi. Kelasi kuni esa uni o‘z uyiga chaqirib, Gyotening kitobini ko‘rsatib uni taniysizmi, deganda adabiyotsevar qo‘shni u mashhur ko‘zboylog‘ich edi deb javob beradi. Yozuvchi keyin nima bo‘lganini eslolmaydi, ko‘zini ochganida melisaxonada bo‘ladi. Аfsuski, bu yerdagi komissarning ham Shekspirni tanimasligi dard ustiga chipqon bo‘ladi. Hikoya qisqa va lo‘nda bo‘lib, tarjimon uni o‘zbekchaga maromiga yetkazib o‘girgan. Eskicha so‘zlashuv uslubidagi jumlalarni ham to‘g‘ri tanlagan, achchiq satira uslubini ochib berolgan.

Xurshid Davron kutubxonasi saytida Gabriel Garsia Markesning “Moviyrang itning ko‘zlari” hikoyasi Gulnoz Mamarasulova tarjimasida eʼlon qilingan. Fusunkor realizm yo‘nalishidagi hikoya bir erkakning tushiga kirgan ayol bilan dialoglari ustiga quriladi. Hikoya nomini tarjima qilishda “Moviy itning ko‘zlari” deyilsa to‘g‘riroq bo‘lardi, huddi moviy tog‘lar, moviy gumbazlar kabi. Rang so‘zi qo‘shilmasa ham maʼno anglashiladi. Hikoya yaxshi tarjima qilingan, lekin ayrim jumlalarni tahrirlashga ehtiyoj bor, tishga tegadigan gaplarga sayqal berish, gap ichidagi so‘zlar o‘rnini almashtirish lozim.

Nodirabegim.uz saytida Uilyam Saroyanning “Po‘rtaxol” hikoyasi yozuvchi Аlisher Fayzullayev tarjimasida eʼlon qilingan. Unda nochor va yetim bolakayning mandarin sotishi tasvirlanadi. U xaridorlarni jalb qilish uchun doim kulib turishi lozim, ammo ich-ichidan yolg‘iz va baxtsiz bolakay jilmayishni eplolmaydi. Hikoya o‘zbekchaga mahorat bilan o‘girilgan, tarjimon tilning keng lug‘aviy imkoniyatlaridan foydalangan; qaytariqlar yo‘q, badiiy jihatdan puxta, muallifning uslubi saqlab qolingan. O‘quvchi uni bir nafasda o‘qiydi va so‘z sehridan taʼsirlanadi.

Mazkur saytda eʼlon qilingan yana bir hikoya – Shirli Jeksonning “Lotareya” hikoyasini yosh tarjimon Mirzohid Muzaffar inglizchadan o‘girgan. Mirzohid ko‘pincha hali o‘zbek kitobxonlariga tanish bo‘lmagan yozuvchilarni tanlaydi va mazmuni, g‘oyasiga ahamiyat qaratadi. Bu hikoyada ham johil olomon qiyofasi aks etadi. Qishloqdagilar yig‘ilib lotareya o‘ynashadi va oxirida hamma yig‘ilib, bir odamni toshbo‘ron qiladi. Ular bu bidʼat odatdan voz kechishmaydi. Hikoya qayta tahrirlanganda, yanada sayqallangan bo‘lardi. Masalan, “Hech narsa eskisidekmas”, jumlasi o‘rniga “Hech narsa ilgaridek emas” deyilsa, ravonroq chiqardi.

Xulosa qilib aytganda, yosh tarjimonlar virtual olamda sermahsul faoliyat olib bormoqda. Ijtimoiy tarmoqda eʼlon qilingan yaxshi o‘girmalar elektron va bosma nashrlarda ham chop etiladi. Muhimi, yoshlar ko‘proq til o‘rganib, asliyatdan tarjima qilishga intilyapti, xorijdagi zamondosh ijodkorlar bilan feysbuk orqali muloqot qilib, ularni o‘zbek auditoriyasiga ham tanishtirib kelmoqdalar. Аfsuski, adabiyotga ixtisoslashgan saytlarning sanoqli ekani, aynan badiiy tarjima bo‘yicha alohida sayt mavjud emasligi, telegramda ham tarjima asarlarga ixtisoslashgan kanallar kamligini taʼkidlab o‘tish kerak.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish