Metafora qilsam vasfing, Yor,
His-hayajon gapga aylanar.
Goh yigʻlatar gaplaring inkor,
Bilmam qay payt dillar bogʻlanar.
Chiqaraman soʻroq olmoshin,
Uyushadi tajangliklaring.
Garchi ega boʻlsam-da ishon,
Kesim kabi tobe aylading.
Zidlovlardan yurakda koʻp dogʻ,
Shart maylida soʻzla chidayman.
Yoyiq gapga aylan, Guldudoq,
Lugʻatingni oʻqishga shayman.
Kerak emas oʻrtamizga hech
Toʻldiruvchi, aniqlovchilar.
Boʻlishsizlik affiksidan kech,
Yuborayin senga sovchilar.
Yuklamalar koʻpaydi soʻng dam,
Balki bu ham sinovi azal.
Undalmaga boshing bur, erkam,
Koʻzlarimiz soʻzlasin modal.
Qoʻshma gapga aylanaylik biz,
Vositamiz boʻlsin ishq, mehr.
Koʻp ezildim, kelishigingsiz,
Atov gapdek vujudim ogʻir.
Ey, Nozanin, uchta nuqtada
Hislaringni mayli tut pinhon.
Soʻroq boʻlmay aslo oʻrtada,
Qoʻshtirnoqda boʻlaylik har on.