“ZIYO FEST” FESTIVALI KATTA SHUKUH BILAN O‘TKAZILDI
28-iyun kuni poytaxtimizdagi “Ziyo Forum” fondi yoshlar markazida yoshlar uchun navbatdagi yirik, mazmunli va ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbir — “Ziyo Fest” festivali bo‘lib o‘tdi.
Festival Ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish “Ziyo Forum” fondi tomonidan 30-iyun – Yoshlar kuni munosabati bilan tashkil etildi. Maqsad yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning bilim olish, o‘z ustida ishlash va jamiyatdagi o‘rnini topishga intilishlariga rag‘bat berish.
Tadbirda 500 dan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Festival doirasida blogerlar, ijodkorlar, xususiy oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, marketing, innovatsiya va ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar, shuningdek, yoshlar siyosati faollari ishtirok etib, yoshlar bilan ochiq muloqotlar, tajriba almashishlar, master-klasslar o‘tkazdi.
Festival nafaqat bilim va tajriba makoni, balki zavqli hordiq, yangi do‘stlar, unutilmas xotiralar maydoni bo‘ldi. Qatnashchilar uchun qiziqarli o‘yinlar, sovg‘ali tanlovlar, salqin ichimliklar va yengil taomlar bilan bezatilgan dam olish joylari ham tashkil etilgan edi. Ayni shu o‘yinlarda faol ishtirok etgan yoshlar aqlli soatlar, vaucherlar va boshqa qimmatbaho sovg‘alarni qo‘lga kiritishdi.
“Ziyo Fest” – bu shunchaki tadbir emas. Bu har bir yosh o‘zini kashf qilishi, imkoniyatlarga eshik ochishi va kelajak sari dadil qadam tashlashi uchun tashkil etilgan haqiqiy ilhom festivali bo‘ldi.
Ziyo Forum – ilm-fan va ta’lim-tarbiya yo‘lida yoshlarni har doim qo‘llab-quvvatlashda davom etadi.