Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Bilim va tashabbus

8.9.2025 127

Bugungi kunda O‘zbekiston yoshlari orasida zamonaviy texnologiyalar va innovatsion tashabbuslar bilan uyg‘unlikda rivojlanayotgan yoshlar safi kengayib bormoqda. Ularning intilishi, bilimga chanqoqligi va tashabbuskorligi mamlakatimizda huquqiy tafakkurni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Shunday yoshlar safida o‘zining bilimdonligi, tashabbuskorligi va huquqiy texnologiyalarni targ‘ib etishdagi izlanishlari bilan ajralib turganlardan biri Shohjahon Abdusattorovdir.

Shohjahon Toshkent davlat yuridik universitetida o‘qishni boshlaganidan boshlab faqat dars jarayonlari bilan cheklanib qolmadi. U o‘zini tashabbuskor, faol va yangilikka intiluvchi talaba sifatida namoyon etdi. Talabalik davrida uning eng muhim tashabbuslaridan biri “Zukko Yurist” loyihasi bo‘ldi. U asos solgan ushbu tanlov qisqa vaqt ichida universitet doirasidan chiqib, respublika miqyosiga yoyildi. Ikki yil davomida muntazam tashkil etilgan loyihada 10 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etdi. Tanlov nafaqat universitetda, balki yuridik litseylar, Temurbeklar maktablari va boshqa ta’lim muassasalarida ham o‘tkazildi.

“Zukko Yurist” o‘ziga xosligi bilan alohida e’tibor qozondi. Bu tanlovda huquqiy bilim, mantiqiy tafakkur va badiiy adabiyot uyg‘unlashgan bo‘lib, yosh huquqshunoslar uchun amaliy maktab vazifasini bajardi. Loyiha orqali ko‘plab talabalar huquqiy bilimlarni o‘zlashtirish, mantiqiy mushohada qilish va badiiy asarlardan huquqiy xulosalar chiqarishni o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Qahramonimizning universitetdagi faoliyati va yetakchilik qobiliyati 2022-yilda yuksak darajada e’tirof etildi. U talabalarning ilmiy, ijtimoiy va tashabbuskorlikdagi muvaffaqiyatlarini saralovchi “Yil talabasi” tanlovida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu unvon yuridik sohada bilim, tashabbus va ijtimoiy faollikni o‘zida mujassam etgan eng ilg‘or talabalar safini belgilab beruvchi mukofot sifatida qadrlanadi.

Shohjahonning intellektual salohiyati talabalikdan tashqari maydonlarda ham o‘z ifodasini topdi. U bir nechta intellektual shoularda qatnashib, g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu natija uning keng dunyoqarashi va tezkor fikrlash qobiliyatini ko‘rsatgan kichik, ammo ahamiyatli sinovlardan biri bo‘ldi.

2023-yilda u Toshkent davlat yuridik universitetini a’lo darajada tamomlab, xalqaro miqyosda ham muvaffaqiyat qozondi. Shohjahon dunyoning “Top – 100” oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatiga kirgan AQShdagi Pensilvaniya davlat universiteti magistraturasiga 80 foizlik grant asosida qabul qilindi. Bu bosqich uning huquqiy bilimlari xalqaro standartlarda ham o‘z qiymatiga ega ekanini isbotladi.

Magistrlik izlanishlarida Shohjahon ilmiy qiziqishini intellektual mulk huquqi va sun’iy intellekt sohalarining kesishgan nuqtasiga qaratdi. Bu yo‘nalish bugungi kunda huquq va texnologiya integratsiyasining eng dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.

Shohjahon Abdusattorov o‘z tashabbuslarini nafaqat ta’lim jarayonida, balki huquqiy-innovatsion sohada ham davom ettirdi. U yaratgan Zukkoyurist.uz blogi bugungi kunda huquqiy bilimlarni keng jamoatchilikka yetkazib berayotgan eng faol platformalardan biri sifatida shakllandi. Ushbu sayt orqali intellektual mulk huquqi, sun’iy intellekt va zamonaviy texnologiyalar bilan bog‘liq dolzarb maqolalar e’lon qilinib, yoshlarga hamda huquqshunoslarga bilim manbayi bo‘lib xizmat qilmoqda. Platforma yosh mutaxassislar uchun o‘z ilmiy izlanishlarini chop etish maydonini ham yaratib berayotgani bilan ham ahamiyatli.

Uning innovatsion faoliyatidagi yana bir muhim qadam “Zukko AI” sun’iy intellekt chatbotini ishlab chiqishi bo‘ldi. Ushbu tizim O‘zbekiston va AQSh qonunchiligi bo‘yicha foydali ma’lumotlarni interaktiv tarzda taqdim etishga xizmat qiladi. Chatbot foydalanuvchilarga murakkab huquqiy matnlarni sodda va tushunarli shaklda tushuntirib berish orqali huquqiy tafakkurni rivojlantirishga ko‘maklashmoqda.

Bu tashabbuslar huquq va texnologiya integratsiyasida yangi ufqlarni ochib beryapti. Hozirda qahramonimiz aynan ushbu ikki sohaga e’tibor qaratib, huquqiy tizimni raqamli yechimlar orqali samarali va ommabop qilish yo‘lida izlanishlar olib bormoqda. Bugungi kunda Shohjahon Abdusattorov talabalik davrida boshlangan tashabbuslarini xalqaro yutuqlar, ilmiy izlanishlar va texnologik loyihalar bilan boyitib kelayotgan yosh yetakchilardan biridir. Uning faoliyati bir narsani yaqqol ko‘rsatadi: bilimga chanqoqlik, qat’iyat va tashabbuskorlik yoshlarni shaxsiy muvaffaqiyat hamda jamiyat taraqqiyoti sari ham yetaklaydi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish