Ota-onalar jahllari chiqqanida bolalariga jazo beradilar,
ammo keyincha ularni tizzalariga o‘tqizib erkalatadilar.
“Nur va soyalar” R.Thokur
Onam har hafta yakshanba tongini non yopishga tayyorgarlik ko‘rishdan boshlaydi. Issiqqina non-ku, juda yaxshi, lekin bu nonning tandirga tushib chiqqunicha bo‘lgan mehnati qiyin-da. Salkam oshxonaning yarmini egallab yozilgan suprada elangan unni xamir qilish uchun tog‘orani ayvondan olib kelish har doim menga yuklanadi: tog‘orani boshimga kiyib, o‘zimni xuddi urushdagi askar boshiga kaska kiyganday tutib keltiraman. Bu tog‘ora bo‘sh bo‘lsa-ku, olam guliston. Yo‘qsa, bizga qo‘shni bo‘lgan, orada devor ham bo‘lmagan amakimnikiga chopqillashimga to‘g‘ri keladi. Bu orada opam ikkimiz onamdan yasama do‘q eshitishimiz tayin.
Nonni tandirdan tezroq uzishga harakat qilayotgan onam meni ham po‘pisa o‘qlaridan bebahra qoldirmaydi.
Elangan un tog‘oraga tushishi bilan mening mas’uliyatli ishim boshlanadi. Hali xamirga suv quyib turish, hali xamirturush uzatish kerak. Onam deyarli qorib bo‘lingan xamirni tili bilan bir yalab ko‘radi-yu, oshxona yo‘lagidagi tuzga yuguraman. Eng qiyini suv quyib turish. Pastki lablarimni tishimning o‘rtasiga olib, quyayotgan suvimni onam belgilab bergan joyga aniq tushirolmasam, naq baloga qolishim mumkin.
Onam xamirni oshirishga qo‘yganda, bolta tushguncha to‘nka dam olar deganday, tezgina tandirxonaga boradi-da, tandirga g‘o‘zapoya qalab, o‘t yoqadi.
Uzoq yillar xizmat qilgani uchun ancha eskirgan, bir-ikki joyi sinib, beli bukchayib qolgan to‘rtburchak taxtaga dasturxon qo‘yib, kichikroq doiradek qilib yasalgan aylana shakldagi nonlarni yonma-yon ikkitadan qilib teradi. Yigirmaga yaqin xamir non terilgan taxtani o‘rtasidan chap qo‘liga dast ko‘taradi-da, bir qo‘lini bo‘sh qimirlatib tandirxona tomonga yo‘naladi.
Nonni yopishdan oldin tandirning ichiga ham, yopiladigan har bitta nonga ham sepish uchun kerak bo‘ladigan suvni oshxonadan tandirxonaga yetkazish mening bo‘ynimda. Onam nonni ko‘tarib qo‘liga olishdan oldin tagidan bir qismi kuygan tovoqqa suv soladi-da, menga tayinlaydi:
– To‘kmay obor, uvol qilma suvni.
Onam bilan baravar yo‘lga otlanaman-u, ikki ko‘zimni suvdan uzmay, depsinib-depsinib borayotgan yo‘lim yakunlangunicha onam allaqachon manzilga yetib, yarim yo‘lga qaytib kelib qo‘limdan daryoday to‘lqinlanib kelayotgan suvni olib ketadi. Bir narsaga hayronman, nega onam bir qo‘li bo‘sh bo‘lsa ham, o‘zi olib keta qolmaydi shu suvni?
Ikki yenggi ham teshilib paxtasi chiqqan choponini odati bo‘yicha old tarafiga kiyib, boshiga eski ko‘k ro‘molini qisib bog‘lab tandirga egiladi. O‘zi shundog‘am havo issiq bo‘lsa, yana tandirning issig‘i yondirsa, shunday havoda chopon kiyib tandir yonida turish uchun qancha kuch va chidam kerak ekan, bilmadim?
Yuzlari tandirdagi cho‘g‘day yonib non yopishni boshlashi bilan dadamdan tortib oshnalarimgacha tandir atrofidan ketolmay qolamiz. Axir, endigina tandirdan chiqqan issiqqina nonni tandir bo‘yida turgan suvga bir botirib yemabsiz-u, bu dunyoga kelmabsiz. Shu non uchun siz ham mehnat qilgan bo‘lsangiz-u, aynan non botiriladigan suvni siz eltgan bo‘lsangiz, nur ustiga nur. Onamning aytishiga qaraganda, non yopiladigan tandirning atrofidan odam ko‘p aylanib yursa, nonlar yo kulga “sakraydi”, yo orqasini “bermaydi”. Shunday bo‘lsa ham, atrofga qancha bola yig‘ilsa ham, onam bolalarni quvmaydi. Faqat “Chetrog‘da yenglar” deydi-da, non uzatadi. O‘choqning ustiga chiqib tandir ustida terib qo‘yilgan nonlarni o‘zim olsam ham, onam indamaydi. Faqatgina bitta sharti bor, “chiroyli” nonlarni sindirib qo‘ymasam bo‘lgani, bizga u yoq-bu yog‘i qiyshaygan, orqasini “bermagan” nonlar ham bo‘laverarkan.
Bir gal atrofda odam ko‘payib ketdimi, ha deb nonni suvga botirib yeyaveribmiz-u, oxirgi yopilishi kerak bo‘lgan nonlarga suv yetmay qolsa deng.
– Tez bor, satildan suv olib ke! Tez bo‘l, chop!
“Jumong”ning otiga o‘xshab ikki oyog‘imni bir tekis ovoz bilan bosib borib chelakka ne ko‘z bilan qarayki, suv yo‘q. Hovuzimiz ko‘chada joylashgan, kichikroq chelak bilan suv olib kelish uchun ko‘chaga chiqishim bilan oyog‘im ostiga ko‘chada bolalar o‘ynayotgan koptok dumalab keldi.
– Shaxxi, do‘ppini tepvor! – degan ovozlar har tomondan eshitila boshladi.
Bir cheti yirtilgan-u, bolalarning usta qo‘li bilan yamalgan koptokni bir tepdim, kuchim yetmadimi yo noto‘g‘ri tepdimmi, ariq bo‘yida o‘sgan katta terakka tegib orqaga qaytdi. Ariqning ikki tarafi ham maktabda safda turgan o‘quvchilarga o‘xshab tizilib turgan daraxtlar bilan qoplangani uchun to‘pni tepib narigi tarafga o‘tkaza olishimga ko‘zim yetmadi-da, qo‘limdagi chekalni chetga qo‘yib, professional futbolchilarday ikki oyog‘im bilan sekin-sekin tepib bolalarga yaqinlashdim. Katta yo‘lning ikki tarafida kesakdan yasalgan “darvoza”ga qarab tepdim-u, gol bo‘lgani uchun rosa quvondim. Qaysidir jamoaga qo‘shildim, boshqa jamoaga gol urdim. O‘yinga qiziqib ketib, to‘pning orqasidan rosa yuguribman. Mahoratimni namoyish qilganim sari “o‘yinchi”lar maqtayveradi, g‘ururlanib yana gol urgim kelaveradi.
Suv uchun ko‘chaga chiqqandimu, suv yodimdan ko‘tarildi. Tuproqni bosib o‘tgan mashina iziga o‘xshab unutilgan mana shu fikr qayta esimga kelganida qo‘rquvdan duv qizardim. Tandirning issig‘idan qizargan onam yarq etib ko‘z oldimga keldi. “Stadion”imizning o‘rtasida bir lahzaga taqqa to‘xtab qoldim-da, uyga qarab yugurdim. Chelakka suv ko‘tarib hovliga kiraveray-u, tandirxonadan keladigan yolg‘izoyoq yo‘lakchadan onam jahl bilan menga qarab kelaversin. Har ehtimolga qarshi darvozaxonada to‘xtadim. Yana bir necha qadam bossam, qocholmay qolishim mumkin. Ko‘zimga darvozaxonaning devorlari ring maydoniday tuyuldi-da, raqibini kutayotgan jangchiday tayyorlanib turdim. Faqat jangchi raqibini urishga shaylansa, men qochishga shaylanardim. Bekor bo‘lgan vaqtlarimda do‘mbira qilib chaladigan supurgim qayoqdandir onamning qo‘liga ilindi.
– Man san ahmoqni qayerga yuboruvdim?! Non nima bo‘ldi...
Onam yana nimalardir dedi, lekin boshqa gapi esimda qolmadi. Menga yaqin kela turib supurgining qalin tomonidan o‘zi ushladi-da, urishga qulay qilib, kaltak tomonini menga o‘qtaldi. Shu supurgidan bir zarba yeganimdan keyin qo‘lim borligi esimga keldi, shekilli, ikkinchi zarbani shart ushladim.
Onamni aylanib o‘tib hovli tarafga qochdim. Orqamdan uchgan supurgi negadir juda yaqinda bo‘lsam ham tegmadi.
Kech tushishiga yaqin oshxonada o‘tiribmiz, dadam hali kelmagan, opam yo‘lakda ishlari bilan band. Onam yoniga chaqirdi-da, haligi supurgi tekkan joyimni ushlab turib gapirdi:
– Yomon tegmadimi, bacham? Og‘riyaptimi?
Aslida, bu butunlay esimdan chiqib ketgandi, supurgi tekkan vaqtida sal og‘rigandi-yu, darrov o‘tib ketgandi. Lekin bunaqa fursatdan unumli foydalanmasam, naq uvoliga qolaman-ku:
– Og‘riyapti – dedim yasama yig‘i aralash burnimni tortib.
Onam xuddi ayb ish qilib qo‘ygandek oyog‘imning supurgi tekkan joyini silardi. Bu hozirgidek yodimda. Bola aqlim bilan anglamagan bir haqiqatni keyinroq angladim: onamning silab-siypashi issiq nonning rohatidan ham shirin ekan.