O'zga yurtda yursam o'ksinma, Vatan,
Quchog'ingdan ketsam o'ksinma, Vatan.
Bir chimdim tuprog'ing boshimga surtsam,
Hech zamon qizingdan o'ksinma, Vatan.
Ota-onam o'sgan qadrdon diyor,
Sen bilan kim suhbat qilolgan diydor.
Yurakda dardlarim bir olam bisyor,
Qalbdan muhabbatim qilayin izhor.
Nokaslar toptagan aziz tuprog'ing,
Men uchun jannatdir har chog' chorbog'ing.
Go'zaldir har bitta gul-u yaprog'ing,
Men senga qosh bo'lay, ko'z-u qarog'ing.
Navro'zda o'ynagan bahoroyman, men,
Tomchiga aylangan shabnamoyman, men,
Sochlari qirq kokil atlas libosda
Fasli bahor qizi navbahorman, men.
Soylaringda oqqan suv bo'lay, Vatan,
Tog'laringda erigan qor bo'lay, Vatan,
Bog'laringda yashnovchi gul bo'lay, Vatan,
Sening xizmatingda qul bo'lay, Vatan.