Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Bilim uchun 100 million! Yoshlar parvozi

13.12.2023 3647

Muhammadshukr Muhammadjonov, “Yoshlar ovozi” muxbiri

Jahongir Toʻrayev ketma-ket ikkinchi yil g‘oliblikni qo‘lga kiritdi

Yoshlar press klubida Yoshlar ishlari agentligi tashabbusi bilan tashkil etilgan “Bilim uchun 100 million” olimpiadasi final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

“Bilim uchun 100 million” loyihasi ikki bosqichda: onlayn va oflayn shaklda oʻtkazildi. Sentabr-dekabr oylarida oʻtkazilgan onlayn bosqichda 117 070 nafar yosh ishtirok etdi.

Onlayn bosqich @bilimtestbot telegram botida oʻtkazildi. Har haftada yangi savollar taqdim etilib, haftalik savollar soni bir nafar ishtirokchi uchun 40 tani tashkil etdi. Savollar malakali ekspertlar tomonidan shakllantirilgan bo‘lib, bir ishtirokchiga tushgan savol boshqasiga takroran tushmasligi taʼminlandi. @bilimtestbotʻda 40 ta savolni ishlash uchun 1 soat vaqt beriladi. Savollarni ishlash uchun barcha yoʻnalishlarda kamida oʻrta darajada bilim boʻlishi talab etiladi. Har haftada taqdim etilgan savollarni foydalanuvchilar ishlab, ball yigʻib bordilar.

Eng yuqori ball toʻplagan 100 nafar ishtirokchi Toshkent shahriga, olimpiadaning ikkinchi bosqichiga taklif etildi. Bu bosqichda eng yuqori ball toʻplagan 100 ishtirokchi oʻrtasida oflayn shaklda final olimpiadasi oʻtkazilishi belgilangan edi. Finalda adolat mezonlarini taʼminlash uchun finalchilar qatʼiy nazorat qilindi va gʻolib aniqlandi. Diqqatga molik jihati, “Bilim uchun 100 million” loyihasining o‘tgan yilgi g‘olibi bu yil ham 1-o‘rinni egalladi.

1-oʻrinni qoʻlga kiritgan ishtirokchi 100 million soʻm, qolgan 99 nafar finalchi esa 1 million soʻmdan pul mukofotlari bilan taqdirlandi.

– Bu olimpiadada ikkinchi yil ishtirok etdim va ikkovida ham gʻoliblikka erishdim, – deydi “Bilim uchun 100 million” online olimpiadasi gʻolibi Jahongir Toʻrayev. – Oʻtgan yilgi mavsumda qiziqish sabab, oʻz bilimimni sinab koʻrish uchun qatnashgan boʻlsam, bu mavsum tanlov eʼlon qilingach, bu yil ham gʻolib boʻlishga jiddiy “bel bogʻlagandim”. Niyatni yaxshi qilsangiz, toʻgʻri yoʻlni tanlay olsangiz, albatta, marraga erishasiz. Buning uchun esa harakat va sabr kerak. Albatta, bu bilan toʻxtab qolish yoʻq. Loyiha davom etsa, kelasi yil ham gʻoliblik uchun kurashaman. Tengdoshlarimni, doʻstlarimni va siz, aziz yoshlarni ham Bilim uchun 100 million online olimpiadasida ishtirok etishga chorlab qolaman.

Keyingi yilda Jahongir Toʻrayevni dog‘da qoldiradigan bilimli yoshlar topilarmikan?!

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish