Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

NURLI KELAJAKKA KO‘Z TIKIB

10.7.2023 9002

Gulsanam NOROVA, Navoiy viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi direktori, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori.

Qiz bola dunyoga kelar ekan, yelkasida ulkan bir mas’uliyat turadi. Oila sha’ni, ota-ona nomusi, aka-uka g‘ururi. Shu sabab ham xalqimizda: “Qiz bola palahmon toshi, borgan joyida tosh qotsin”, – degan maqol urfga aylangan. Biz odatda qizlarimizni mana shu jihatdan tayyorlab boramiz. Ular faqatgina oila qurishi, farzand tarbiyalashi kerak bo‘lgan qarashlar singdirilgan holda kamol topadi. Biroq bu qarashlarni unutmagan holda kelajagi va jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun harakat qilayotgan qizlarimiz borligi bizning yutug‘imiz desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Gulhayo Ravshanova deganda viloyatimizning ko‘pchilik yoshlari havas bilan boqadigan, kattalar uni kamtarligi uchun ardoqlaydigan vatanparvar inson namoyon bo‘ladi. Bir vaqtning o‘zida ota-onasi uchun jonkuyar farzand, qaynota-qaynonasi uchun suyukli kelin, turmush o‘rtog‘i uchun vafoli rafiqa, viloyat Xotin-qizlar tadbirkorlik markazida mas’uliyatli xodim, Navoiy viloyati “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazi rahbari kabi fidokorlikni kichik bir jussasida ko‘tarib yurishning o‘zi katta jasorat.

Vaqti kelsa yigitlardan-da o‘tadigan g‘ayrat-shijoatini ko‘rib hayratda qolsam, odamiyligi, samimiyligi, jonkuyarligini ko‘rib har bir onaning qizi, har bir qaynonaning kelini xuddi uningdek bo‘lsa oilalarda baxt, quvonch arimasdi deb o‘ylayman.
Bugun “Kelajak bunyodkori” medalini ko‘ksida g‘urur iftixor ila taqib yurgan Gulhayo bu kunlarga yetib kelguniga qadar qanchadan qancha mashaqqatlarni boshidan kechirmadi, ne-ne sinovlarda toblanmadi. Shunda ham u hech qachon taslim bo‘lmadi. Dastlab o‘qish uchun tayyorlandi, mag‘lubiyatni ham his qildi. Qayta va qayta harakatlari natijasida talaba ham bo‘ldi. Tahsil olgan dargohida eng namunali talaba bo‘la oldi. Bir vaqtning o‘zida ham ishlab, ham o‘qish oson bo‘lmasa-da u buni uddaladi. Nurota chashmasining zilol suvlaridan ichib ulg‘aygan Gulhayoning tomirlarida vatanparvarlik, rostgo‘ylik, adolat tuyg‘ulari jo‘sh urayotganini uning olib borayotgan loyihalarida, amaliy ishlarida yoqqol ko‘rish mumkin.


U olis hududlardagi xotin-qizlar orzu-o‘ylari bilan yashaydi. Ularning kelajagi, ertasi uchun harakat qilib o‘zini o‘tga-cho‘g‘ga urishi ham rost.U dastlab Yoshlar ishlari agentligi Navoiy viloyati boshqarmasi huzuridagi “Qizlar ovozi” loyihasi koordinatoribo‘lib faoliyat ko‘rsatdi. Turli loyiha va takliflari bo‘lgan qizlarni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa, turli sabablar bilan yo‘lini topolmay, manzilidan adashgan qizlarga o‘zining oqilona maslahatlarini berib to‘g‘ri yo‘lga solgani, bugun ular esa jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini topayotgani ham, ayni haqiqat.


Uning bu mehnatsevarligi bizning fayzli dargohimizga yetaklab keldi. Qaryib 3 yillik faoliyati davomida u olis qishloq va ovullardan tortib shahar markazida yashab kelayotgan ijtimoiy-himoyaga muhtoj bo‘lgan ayollarga, tazyiq va zo‘rovonlik qurboni bo‘lgan qizlarga kasb-hunar hamda tadbirkorlikni mukammal o‘rganishiga ko‘makdosh bo‘lib kelayotgani esa, yurtimizdagi shijoatli qizlarning safi davomli ekanligidan dalolat beradi.
Bugun yangicha fikrlaydigan, o‘z kelajagini mamlakatimiz kelajagi bilan bog‘liq holda ko‘radigan yangi avlod vakillari hayotga dadil kirib kelmoqda. Gulhayo ham ular safida. Ishonamanki, u ham Vatanimizning ertangi kunini belgilab beradigan yetuk kadr bo‘lib, yurtimiz taraqqiyoti rivojida o‘zining beminnat hissasini qo‘shadi. 

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish