Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

QUYOSH SHARQDAN CHIQADI!

12.12.2024 771

Ulug‘bek NURMURODOV, Chilonzor tumanidagi Sharq mahallasi yoshlar yetakchisi

Joriy yil boshidan Sharq mahallasida yoshlar yetakchisi sifatida ish boshladim. O‘tgan qisqa vaqt men uchun juda qimmatli tajriba bo‘ldi. Xatlov jarayonida aniqlangan 806 nafar yoshning ko‘plab muammolarini hal qilishga hissa qo‘shdim, bir nechta yangi loyihalarni boshladik.

“Besh tashabbus olimpiadasi”da ro‘yxatdan o‘tgan 1095 nafar yoshning 66 foizi musobaqalarda ishtirok etdi. 5 nafar ishsiz yoshni daromadli qilish maqsadida maxsus dastur ishlab chiqilib, ular kasb-hunarga o‘qitildi. 3 nafar yoshga subsidiya asosida asbob-uskuna taqdim etildi, 2 nafariga tadbirkorlik uchun imtiyozli kredit ajratildi. Migratsiyadagi 6 nafar yoshdan 3 nafari yurtimizga qaytarilib, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishga yo‘llanma berildi.

Yil boshida “og‘ir” toifadagi yoshlar soni 6 nafar edi. Biriktirilgan tashkilotlar ko‘magida ularning barchasini bu toifadan chiqarishga erishdik.

Mahallamiz yoshlari iqtidor va iste’dodi bilan ajralib turadi. Ularni qo‘llab-quvvatlash va salohiyatini oshirishga doir chora-tadbirlarni doimiy amalga oshirib kelmoqdamiz. Sharq mahallasi yoshlari shunday shior ostida birlashgan: “Quyosh har doim Sharqdan chiqadi!”.

Jasurbek Komilov Toshkent tibbiyot Akademiyasida tahsil oladi. Shu yil sentabrda u Moskva shahrida o‘tkazilgan “Yevrosiyo yetakchilari” xalqaro forumida dunyoning “Top-50 lider” yoshlari safidan joy oldi. Jasurbek forumda mehmoni – mashhur bokschi Nikolay Valuyevga do‘ppi sovg‘a qilib, ijtimoiy tarmoqlarda “Nikolay Valuyevga do‘ppi kiydirgan yigit” sarlavhasi bilan mashhurlikka erishdi.

Madinabonu Akramova Toshkent davlat Texnika universiteti magistranti. Yoshlar yetakchisining tavsiyasiga asosan, u Beruniy nomli davlat stipendiyasining sohibasiga aylandi. Hozir u “Neyron tarmog‘i tuzilmasida biofeedback algoritmlarini joriy etish va sun’iy intellektga ega xavfsizlik tizimlarini ishlab chiqish” mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Madinabonu o‘z ilmiy maqolalari bilan 20 dan ortiq konferensiyada ishtirok etgan.

O‘tgan o‘quv yilida mahallamizdan 72 o‘quvchi maktab bitirni. Ularning 90 foizi davlat va xususiy OTMlarga o‘qishga qabul qilindi. Gulasal Abdullayeva va Diyora Tursunova IELTS sertifikatlarini qo‘lga kiritib, Toshkent xalqaro Vestminster universiteti talabasi bo‘ldi. “Yoshlar daftari” jamg‘armasining “Kelajak kasblari” loyihasida ingliz tilini o‘rgangan Bunyod Zamonov Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabasi bo‘ldi.

Prezidentning “Mahallalarda futbol infratuzilmasini rivojlantirish va tarmog‘ini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, futbolni rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlarni eng quyi tizimgacha tushirish va mahallalardan iqtidorli yoshlarni saralab olish (seleksiya) tizimini yaratish maqsadida mahalladagi yoshlar yetakchisiga qo‘shimcha vazifalar yuklangandi. Qarorga asosan, Sharq mahallasida futbol bo‘yicha erkaklar va ayollarning turli yosh toifalarida “mahalla terma jamoalari” shakllantirilib, ularni tayyorlash bo‘yicha futbol jamolar tashkil qilindi. Natijada 2023-yili DXX kubogining Chilonzor tumani va Toshkent shahar bosqichlarida Sharq mahallasi ayollar futbol jamoasi 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, respublika bosqichida faol ishtirok etgan.

Avazjon Erkinov 2024-yilning birinchi choragida “Yoshlar balansi”ning migratsiya dasturiga kiritilgan edi. Muloqotda u futbol sporti bilan professional tarzda shug‘ullanish istagini bildirdi. 2024-yil iyun oyining boshlarida Vatanga qaytgan Avazjon bizning tavsiyamiz asosida “Havas” futbol ligasiga qabul qilinib, liga kubogi g‘olibi bo‘ldi. Liga bahslari yakuniga ko‘ra, u “Eng yaxshi to‘purar” va “Eng chiroyli gol muallifi” sifatida e’tirof etildi. Avazjon Erkinov hozir mahallamiz o‘g‘il bolalar futbol jamoasi sardori hisoblanadi.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish