Diqqat! Veb-sayt test rejimida ishlamoqda

Farroshlikdan rahbarlikka qadar

22.11.2023 1349

Dilnoza Abduhamidova yozib oldi.

“Qizlar bilim olishga hammadan ko‘proq intilishlari lozim, zero, bu bilimlar bilan ular kelajak avlodni tarbiyalaydilar”, – deydi buyuk ma’rifatparvar Abdulla Avloniy. Darhaqiqat, oila atalmish qo‘rg‘onning gultoji, jamiyatning asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan ayollarimizning munosib o‘rin egallashi kelajak-avlodning komillik sari qadam tashlashidan dalolat beradi.

Bugun yurtimizda bo‘layotgan rivojlanishning qay bir jabhasiga qaramang, unda o‘z bilim va salohiyati bilan yetakchilik qilib kelayotgan xotin-qizlarimizning borligini ko‘rib quvonasan, kishi. Ana shunday kun qahramonlaridan biri, Navoiy viloyati “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazi rahbari, Navoiy davlat pedagogika instituti magistranti, “Kelajak bunyodkori” medali sohibasi – Gulhayo Ravshanova. U bu marralarga osonlikcha kelmadi, turli sinovlarni sabr bilan yengib, muvaffaqiyatlar eshigini ochdi.

– Bolaligim Nurota tog‘ tizmalarining kengliklarida qolib ketgan armonlar bilan ulg‘aydi. Maktabni tugatib, ko‘nglimning tub-tubida isyon qilib kelayotgan orzu, ya’ni kelajakda qizlar haq-huquqini himoya qiladigan huquqshunos bo‘lish istagi ila kollejning ayni shu yo‘nalishiga hujjat topshirdim. Maktab chog‘larida adabiyotga mehrim, she’riyatga muhabbatimni bilgan ustozlarim, sinfdoshlarim meni adabiyot o‘qituvchisi bo‘ladi deb o‘ylashardi. Qat’iyat esa otamdan o‘tgan bo‘lsa kerak. Umri loysuvoqlarga qorishib ketgan bu insonning halol mehnati, nohaqliklar-u hayot zarbalariga sinmasdan qaddini tik tutib o‘tishi sabab bo‘lgandir, balki. Qiz bolaning kamol topishida otaning o‘rni juda muhim. Ota va qiz o‘rtasidagi mehr, ishonch va do‘stlik kishini har qanday yuksak maqsadlar sari undaydi. Onamning erta vafoti otam qaddini dol etgan bo‘lsa-da, farzandlari uchun yashadi.

Otamga ko‘mak berish uchun o‘zimni o‘tga-cho‘qqa urib ko‘rdim. Kollejimizdagi yoshlar yetakchisiga havas qilardim va o‘sha havas meni uning yoniga yetaklab bordi. Bu mening hayotimda tub burilishlarga sabab bo‘ldi. Yangi-yangi imkoniyatlar eshigi ochila boshladi. Men o‘sha yerda rivojlandim, o‘sha yerda Gulhayo bo‘lib o‘z menimni topdim. U yerda jamoa bo‘lib ishlash nimaligini, hayotda yaxshi insonlar ko‘pligi, ularning quvonchiga, qayg‘usiga sherik bo‘lish nima ekanligini his qildim.

Shu bilan bir vaqtda kashtachilik hunari bilan shug‘ullanib, o‘qishga tayyorlanish uchun pul yig‘ib, o‘z ustimda ishladim. Nihoyat, kollej diplomini olib, poytaxtga yo‘l olish, O‘zbekiston Milliy universitetiga hujjat topshirmoqchi ekanimni otamga aytdim. U hech qanday e’tiroz bildirmadi. Biroq biroz vaqt o‘tib, otamning uydagilarga: – Qizim o‘zida yo‘q shod. Lekin ertaga o‘qishga kirib ketsa qanday o‘qitamiz, bir tomondan oyog‘im ham sal sovuqqa og‘riq beryapti. Lekin unga “borma!” deb qanday aytaman. Orzularini poymol qilishni xohlamayapman, – degan gaplarini tasodifan eshitib, hamma hujjatlarimni yirtib tashladim. Otamga ko‘mak berish, oyog‘ini davolatish uchun ishlay boshladim. Kollejimiz direktorining ko‘magi bilan farroshlikka ishga kirdim va to‘qqiz oy deganda otamga velosiped sovg‘a qildim. O‘sha kuni otamning judayam xursand bo‘lib, bolalarcha hovlini aylanib chiqqanini ko‘rib, bundan-da katta yutuqlarga erishish lozimligini anglaganman.

Ishim bilan bir qatorda yana yoshlar yetakchisining izidan qolmay hujjat ishlarini o‘rgandim. Kelajakdagi maqsadlarimdan bir on ham voz kechmadim. O‘n bir oy deganda farroshlikdan kollej yoshlar yetkachisi lavozimiga ishga kirdim. Shu vaqt davomida tengdoshlarim bilan bir qator loyihalarni amalga oshirdik. Jamiyatda sekin-asta o‘rnimni topa boshladim. Bu fursatda Yoshlar ishlari agentligi tomonidan yaratilgan imkoniyatlar natijasida talabalik baxtiga muyassar bo‘ldim. Shu bilan birgalikda tashkilotning viloyat boshqarmasida “Qizlar ovozi” klubi bosh koordinatori etib saylandim. Bu meni xotin-qizlar muammolarini o‘rganishga, ular uchun oz bo‘lsa-da imkoniyatlar eshiklari ochiq ekanligini yetkazish, joylarda uchrashuvlar o‘tkazib, har bir qiz o‘qishi, u nafaqat, oilada balki jamiyatda ham yetakchi bo‘lishi kerakligini tushuntirib borishga harakat qildim.

“Qizlar ovozi” klubi koordinatorligi davomida bevosita tadbirkorlikka qiziqqan qizlarimiz uchun debocha eshigi sifatida viloyat xotin-qizlar tadbirkorlik markazi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Qizlarimiz tabirkorlik sohasida turli tanlovlarda ishtirok etib, bir qancha yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Bu hamkorlik menga yangi manzil bekatlarini ko‘rsatdi. Ushbu tashkilotning fidoiy rahbari Gulsanam Norova shu tashkilotda ishlash taklifini bildirdi. Yosh kadr sifatida o‘zim aynan bu sohani mukammal o‘rganishga, yangi biznes g‘oyalar ishlab chiqishga, o‘z bilim va salohiyatimni namoyon qilishga bel bog‘ladim. 

Ustozlarim ko‘magi ila viloyat “Ziyokor” ayollar va yoshlar markazi rahbariga aylandim. Markazimiz olis hududlardagi xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularni zamon bilan hamnafas ruhda barcha yangiliklardan xabardor qilib borish, ilm olishi, o‘qishi, izlanishi uchun beminnat ko‘magimizni berishdan iborat. Shuningdek, turli muammoli vaziyatlarga tushib qolgan xotin-qizlarimizga psixologik, huquqiy ko‘mak berishni ham maqsad qilib olganmiz. Iqtidorli, iste’dodli qizlarni yuzaga chiqarish esa asosiy vazifalarimizdan biridir.

Bugungi kunga qadar mahallalardagi turli ma’naviy-ma’rifiy tadbir va uchrashuvlardan tashqari tashkilotimiz tomonidan 316 nafar ishsiz xotin-qiz va yoshlar o‘qitilib, shundan 79 nafariga hokim yordamchilari tavsiyasi asosida imtiyozli kredit va subsidiya ajratilishiga ko‘mak berilgan bo‘lsa, 21 nafari mavsumiy ishga, 8 nafari doimiy ishga joylashtirildi. Olib borayotgan ishlarim, qaryib 3 yillik mehnatimiz, kichik tajribalarimiz davlatimiz tomonidan e’tirof etilib, joriy yilda “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlandim. Bu esa menga o‘zgacha g‘urur va iftixor baxsh etdi. Yangidan yangi g‘oyalar va maqsadlarning yuzaga kelishiga sababchi bo‘ldi.

Faxr ila ayta olamanki, bugun go‘zal bir oilaning bekasiman. Ham oilamning, ham jamiyatning yetkachi ayoli bo‘lishga harakat qilyapman. Sevimli shoiramiz Zulfiya Mo‘minova aytganidek:

Ayol kulib turib o‘lishi mumkin,

Dunyoni olishi mumkin jilmayib.

Qiz bola dunyoga kelar ekan, yelkasida ulkan bir mas’uliyat turadi. Oila sha’ni, ota-ona nomusi, aka-uka g‘ururi. Biz odatda qizlarimizni shu jihatdan tayyorlab boramiz. Ular faqatgina oila qurishi, farzand tarbiyalashi kerak bo‘lgan qarashlar singdirilgan holda kamol topadi. Biroq bu qarashlarni unutmagan holda kelajagi va jamiyatda o‘z o‘rniga ega bo‘lishi uchun harakat qilayotgan qizlarimizni kashf etish asosiy maqsadim. Chunki yangicha fikrlaydigan, o‘z kelajagini mamlakatimiz kelajagi bilan bog‘liq holda ko‘radigan yangi avlod vakillarigina yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib, yuksak ma’naviyatli kelajak-avlodni tarbiyalay oladi.

 

Kollejimiz direktorining ko‘magi bilan farroshlikka ishga kirdim va to‘qqiz oy deganda otamga velosiped sovg‘a qildim. O‘sha kuni otamning judayam xursand bo‘lib, bolalarcha hovlini aylanib chiqqanini ko‘rib, bundan-da katta yutuqlarga erishish lozimligini anglaganman.

Bizni ijtimoiy tarmoqlarda ham kuzatib boring

Obuna bo`lish